BOYSUNLIK BO‘RON OTA SAYLOV KUNI YOSHLARGA O‘RNAK BO‘LMOQCHI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar samarasida saylovlar demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazilayotir.
Bu jarayonda xalqimizning milliy hayot va tafakkur tarziga mos ibratli an’analar ham yuzaga keldi. Buni saylov uchastkalarida o‘tkazilayotgan targ‘ibоt tadbirlarida yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlarning o‘z maslahatlari va o‘gitlari bilan faol ishtirok etayotganida ham ko‘rish mumkin.
Bu yil 4-dekabrda o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida 70 ming 465 fuqaroning ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 2 ming 150 nafari tumandagi 2-saylov uchastkasida ro‘yxatga olingan.
– Saylov uchastkamizda ro‘yxatga olingan aholi orasida yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlar ko‘p, – deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Hamro Rasulov. – Muhim siyosiy tadbir arafasida tashkil etilayotgan uchrashuv, davra suhbati va boshqa tadbirlarda nuroniylarimiz yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqda, ularga yurtimizdagi o‘zgarishlar va yangilanishlarning qadriga yetish, el-yurtga naf keltirish, 4-dekabrda o‘tadigan muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etish yuzasidan nasihatlar qilishmoqda.
Boysun tumanidagi 4-umumta’lim maktabi binosida joylashgan saylov uchastkasiga borganimizda, «Bizning oilamizda har birimiz o‘z ovozimizga egamiz!» mavzuidagi davra suhbati ustidan chiqib qoldik. Chorchinor mahallasining bir guruh yoshi ulug‘ otaxonlari ham shu yerda ekan.
Ta’lim faxriysi, “Shuhrat” medali sohibi Bo‘ron ota Abdullayev suhbat chog‘ida tiyrak fikrlari, o‘tkir xotirasi bilan havasimizni keltirdi. Otaxonning aytishicha, bunga sabab – vaqtli matbuotni doimiy kuzatib borishida. Bu yerga ham markaziy va viloyat gazetalaridan bir nechtasini olib kelibdi. U shu kunlarda e’lon qilingan saylovga oid maqolalardan misollar keltirdi.
Davra yana ham jonlanib ketdi:
– Ha, rostdan ham bu saylov ertangi hayotimiz uchun katta ahamiyatga ega. To‘y-hashamda ham, oila davrasida ham faqat shu haqda gurung qilyapmiz...
– Mening qizim 18 yoshda. U saylovda birinchi marta qatnashayotganidan xursand. Saylovga taklifnomasini ko‘rsatib, suyunchi ham oldi...
– Ko‘zi ojizlarga maxsus alifboda saylov varaqalari tayyorlangani ko‘p yaxshi ish bo‘libdi-da...
– Savobga qolgurlar saylov uchastkalarida ona va bola xonalari tashkil qilishibdi. Yosh bolasi bor kelinlarimiz ham endi bemalol ovoz bergani kelaveradi-da.
Biri-biriga gap bermay bahs-munozaraga kirishgan yoshi ulug‘larni tinglab, tadbir qanday nihoyasiga yetganini ham bilmay qolibmiz. Ishtirokchilarning milliy saylov qonunchiligi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid tushunchasi, bilimlari va dunyoqarashi g‘oyat yuqori ekanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, xursand bo‘ldik.
Chorchinorlik otaxonlar uy-uyiga ketishga taraddudlana boshladi. Bo‘ron ota kotiba qizga yuzlanib, alohida tayinladi:
– Qizim, saylov kuni yoshimni pesh qilib, uyimga quti ko‘tarib borib ovora bo‘lmanglar, o‘zim bola-chaqaga bosh bo‘lib kelaman.
Uning so‘zlarini tengdosh jo‘ralari ham tasdiqladi.
O’zA