BRITANIYA LORDI: HARAKATLAR STRATEGIYASI – NOYOB HUJJAT
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Buyuk Britaniya parlamentining Lordlar palatasi a’zosi, O‘zbekiston bo‘yicha Umumpartiya parlament guruhi raisining o‘rinbosari, lord Muhammad Iltaf Shayxni qabul qildi.
Yuqori martabali mehmon uchrashuv yakunlari bo‘yicha “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
O‘zbekistonga tashrifimdan maqsad siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar aloqalarning mustahkamlashishiga ko‘maklashish hamda qo‘shma loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishdir. Tegishli idoralarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida bu sohalardagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari atroflicha muhokama etildi. Hozirning o‘zidayoq ko‘ngilni ko‘taradigan yo‘nalishlar aniqlandi. Ishonchim komilki, biz muvaffaqiyatlarga erishamiz.
O‘zbekiston bo‘ylab safarim davomida Xiva, Buxoro va Samarqandga borishga muyassar bo‘ldim. Boy madaniyat, go‘zal va mahobatli me’moriy obidalar O‘zbekistonning buyuk tarixga ega ekanligidan dalolat beradi. Bu tabarruk zamin Amir Temur, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband va boshqa ko‘plab buyuk mutafakkirlarni voyaga yetkazib, butun jahonga tuhfa qildi. O‘zbek xalqining ulug‘ ajdodlari dunyo tsivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shganlari barobarida o‘zlarining madaniy boyliklari bilan mamlakat uchun mustahkam ma’naviy poydevor yaratganiga ham shaxsan ishonch hosil qildim.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida o‘zining juda mazmunli nutqi bilan ishtirok etdi. U mamlakatning bundan keyingi rivojlanishidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda mintaqaviy va umumbashariy ahamiyatga molik bo‘lgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr bildirdi. Bularning barchasi, shubhasiz, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qiladi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bilan tanishar ekanman, ushbu hujjatni ishlab chiqqan mutaxassislar yuqori darajadagi zukkolik va uzoqni ko‘rish qobiliyatini namoyon etganiga amin bo‘ldim. Mazkur Strategiya noyob hujjatdir, chunki u davlat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. O‘ylaymanki, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish uchun siyosiy hohish-iroda zarur, bu esa mamlakatda yetarli darajada mavjud. Mamlakat rahbariyati mo‘ljallagan barcha maqsad va vazifalar muvaffaqiyat bilan amalga oshajagiga ishonchim komil.
Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ham to‘xtalish joiz, deb o‘ylayman. Savdo va ta’lim sohalarida ham o‘zaro hamkorlik uchun katta salohiyat va imkoniyatlar bor. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda strategik o‘rinni egallaydi. Siyosiy barqarorlik, valyuta-kredit sohasidagi tub islohotlar, biznes muhitining yaxshilanishi va iqtisodiyotning diversifikatsiyalashuvi respublikani sarmoyadorlar, jumladan, Buyuk Britaniya investorlari uchun juda jozibali qilmoqda. Savdo-iqtisodiy sohada turli qo‘shma loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun barcha asoslar bor.
Abu Ali Ibn Sino nomidagi tibbiyot maktabiga hamda poytaxtdagi musiqa maktablaridan biriga bordim. Mazkur maktablar va Buyuk Britaniyaning turdosh ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish mumkin, deb o‘ylayman. Men ikki mamlakatning ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ilmiy-akademik loyihalarni, shu jumladan, talabalar almashish dasturlarini amalga oshirish uchun o‘z takliflarimni taqdim etish niyatidaman.
Yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlar Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar eshiklarini ochishiga umid bildiraman.
“Jahon” AA