Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

BU SAN’AT ANJUMANIDA ISHTIROK ETISH – KATTA SHARAF

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
BU SAN'AT ANJUMANIDA ISHTIROK ETISH – KATTA SHARAF

“Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlari Samarqandning tarixiy obidalari va diqqatga sazovor joylari, istiqlol yillarida viloyatda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.

O‘zA muxbiri ular bilan suhbatlashdi.

Edriens Stivens, «Native Pride Arts Dancers» jamoasi vakili (AQSh):

– “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ushbu anjuman ishtirokchilari ko‘pligi va uning yuksak saviyada tashkil etilgani festivalning dunyo miqyosida tobora ortib borayotgan nufuzidan dalolatdir.

Festivalning Samarqandda o‘tayotganida chuqur ma’no bor. Samarqand Sharqning qadimiy va go‘zal shaharlaridan biri. Bu yerga kelib buyuk me’moriy yodgorliklarni ko‘rib, bebaho madaniyatingiz bilan tanishib, shahar manzarasidan zavqlanib, O‘zbekistonning har tomonlama boyligiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Samarqanddagi inshootlar me’morchilikning eng murakkab jihatlarini o‘zida mujassam etgan holda, yuksak did va katta mahorat bilan barpo etilgani bizni lol qoldirdi. “Afrosiyob” muzeyida Samarqand tarixiga oid ko‘plab eksponatlarni ko‘zdan kechirib, bu zaminga nisbatan hurmatimiz va mehrimiz yanada oshdi.

Rashmi Agarval, “Sufi Music” guruhi rahbari, “Sharq taronalari” IX xalqaro musiqa festivalining Gran-pri sohibi (Hindiston):

– 2013-yilda ushbu mashhur xalqaro festivalning eng yuksak sovriniga sazovor bo‘lgan edim. Bu voqea hayotim va ijodimdagi eng baxtli va unutilmas onlar sifatida xotiramda muhrlanib qolgan. Bu galgi ishtirokchilarning chiqishlarini tomosha qilib, ikki yil avval o‘zimda his qilgan chuqur hayajon yodimga tushyapti.

Jahon musiqa san’ati va turfa xalqlar madaniyatini namoyon etish, turli millatlar va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik rishtalarini, ularning qalblarida ahillik va birdamlik kabi ezgu fazilatlarni mustahkamlashga imkoniyat yaratayotgani uchun O‘zbekiston rahbariyatidan g‘oyat minnatdormiz. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan, dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga ulkan hissa qo‘shayotgan bunday xayrli ishlar mamlakatingizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori va nufuzi yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda san’atni rivojlantirish va targ‘ib etish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlardan o‘rnak olsa arziydi.

Ilga Reyzniese, «Ilgi» guruhi a’zosi (Latviya):

– Samarqandga kelishimiz bilan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining nechog‘li nufuzli va yirik anjuman ekanini yana bir bor his etdik. Bu yerda ishtirokchilarga ko‘rsatilayotgan izzat-ikrom tahsinga loyiq. Festival mehmonlari va qatnashchilari uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu mamlakatingizda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ijod ahlining faoliyati uchun keng yo‘l ochib berilganidan dalolatdir.

Jahonaro shuhrati oshib borayotgan ushbu san’at anjumanida o‘z ijodimizni namoyish etish biz uchun katta sharaf. Tanlovda skripka, kokle, meshli naychalar, gitara, elektr bas va zarbli cholg‘ular uyg‘unligida ijro etiladigan, qadimiy va bir vaqtning o‘zida zamonaviy musiqiy uslublarni jamlagan kuy-qo‘shiqlarimiz barcha yoshdagi tomoshabinlar ko‘nglidan joy oladi, degan umiddamiz.

Festivalda qatnashish asnosida Sharq gavhari bo‘lmish Samarqandni, uning dunyoda nom taratgan bebaho me’moriy obidalarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘lganimizdan quvonchimiz cheksiz. Bu shaharning har bir qarich yeri tarixiy va go‘zaldir. Zamonaviy va milliy ruhni uyg‘unlashtirgan holda bunyod etilgan muhtasham inshootlar va ko‘rkam binolarni, serfayz xiyobon va sayilgohlarni tomosha qilib to‘ymaysan kishi. Ayniqsa, betakror Registon ansambli qalbimda shu qadar katta hayrat uyg‘otdiki, hislarimni ta’riflashga so‘z topolmayman.

Maxide Lein, “Ahoi Artists and Yevents” agentligi menejeri (Germaniya):

– «Sharq taronalari» festivali xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan yirik madaniy tadbirlardan. Mazkur anjuman globallashuv jarayonida dunyo xalqlarining milliy musiqa merosi, san’atini asrab-avaylash va targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Yer yuzining turli qit’alaridan kelgan san’atkorlar Samarqandda bir-birlari bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlayotir.

2013-yilda men menejerlik qilgan Shimoliy Afrika va Braziliyadan to‘plangan yoshlardan iborat “Lanaya” guruhi mazkur tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Bu gal zimbabvelik san’atkorlar bilan tashrif buyurdim. Umid qilamanki, ularning iqtidori ham barchaga manzur bo‘ladi.

O‘ninchi bor o‘tkazilayotgan «Sharq taronalari»ga bu gal yanada katta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘lyapmiz, anjuman g‘oyat o‘zgacha, yuksak saviyada o‘tmoqda.

Sohrabuddin Mondal, Bangladesh Shilpakala akademiyasi direktori:

– Mashhur Registon maydonida o‘z san’atimizni namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan juda baxtiyormiz. Bu onlarni uzoq intiqib kutgandik. Maydondagi ulkan amfiteatr kishi qalbini hayajonga soladi. Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori madrasalari, qadim minora va niliy gumbazlar rango-rang chiroqlar yog‘dusida jilolanadi.

O‘zbekistonda barcha sohalar qatori san’at ham yuksak darajada rivojlangan. O‘zbek mumtoz kuy-qo‘shiqlari, jozibador milliy raqslari dunyo ahlini o‘ziga maftun etmoqda. Go‘zallik va nafosatni o‘zida mujassam etgan navolaringizga mehrimiz tushgan. Xalqingizning farovon hayoti, mamlakatingizda hukmron obod turmush tarzi, osuda hayotga chin dildan havas qildik.

Shaina Snayder, ishtirokchi (AQSh):

– San’at hamisha insonlarni ezgulikka, bag‘rikenglikka chorlab kelgan. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali dunyoning turli mamlakatidan kelgan san’atkorlar ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar tinglash barobarida o‘z ijodiy ishlarimizni ham namoyish etish imkonini berayotir. Ushbu tanlov uchun maxsus dastur tayyorlab kelganmiz. Mazkur festivalda ishtirok etish biz uchun katta sharaf.

Samarqandning go‘zal tabiati, yam-yashil bog‘u rog‘lari, serjilo favvoralari hamda xalqingizning ulkan yaratuvchanlik salohiyatini namoyon etuvchi minora va maqbaralarni tomosha qilib, huzur qilmoqdamiz.

Kilema Randrianantoandro, “Takideda” guruhi ijrochisi, “Sharq taronalari” VIII Xalqaro musiqa festivali sovrindori (Madagaskar):

– Azaldan fan va madaniyat gullab-yashnagan mustaqil va obod yurtingizda milliy meros, an’ana va qadriyatlar yuksak qadr topayotir. «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali ham ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil etilgan. Mazkur anjumanga har gal kelganimda uning o‘ziga xosligi va jozibasidan, yurtingizning fusunkor tarovatidan bahra olaman.

Samarqand tarixiy obidalarga juda boy shahar. Bir necha asrlarga guvoh osori-atiqalar hozirga qadar o‘z ko‘rkamligi va salobatini yo‘qotmagani ajdodlaringiz benazir aql-zakovat, yuksak salohiyat sohibi bo‘lganini namoyon etib turibdi. Registon ansambli, Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib, ruhiy quvvat oldik.

Andre Gabriyel, sozanda (Fransiya):

– «Sharq taronalari» festivali milliy san’atni namoyish etishga keng imkoniyat yaratayotgani, ishtirokchilar sonining ko‘pligi va jo‘g‘rofiyasining g‘oyat kengligi bilan boshqa xalqaro tanlovlardan ajralib turadi.

Betakror Registon maydonida milliy navolarimizni ijro etayotganimizdan qalbimiz faxr-iftixorga to‘lmoqda. Samarqandda o‘tayotgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivaliga butun jahon jo‘r bo‘layotganday go‘yo. Biz yer yuzining turli mintaqalaridan kelgan san’atkorlar bilan tanishdik. Garchi boshqa-boshqa tillarda so‘zlashsak-da, musiqa vositasida samimiy muloqot qilish imkoniga egamiz.

Samarqandni ko‘rishga orzumandlar Fransiyada ham ko‘p. Men ham uni ko‘rish niyatida edim. «Sharq taronalari» tufayli orzuim ushalganidan juda baxtiyorman.

O‘zA