BUYUK DAVLAT POYDEVORI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
“Tinchlik-osoyishtalik, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot, ta’lim va yoshlar masalasiga e’tibor sport rivojida muhim ahamiyat kasb etadi, ana shunday muhit va sharoit tufayli O‘zbekistonda sport jadal rivojlanib bormoqda”.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning 2015-yilda bildirgan bunday yuksak e’tirofi barchamizga cheksiz iftixor tuyg‘usini bag‘ishlashi, to‘lqinlantirishi tabiiy.
Har qaysi davlat, har qaysi xalqning oliy maqsadi bo‘ladi. Unga eltuvchi yo‘llarni izlaydi, rejalar tuzadi. Bosqichma-bochqich amalga oshiradi. Yoshlarimizning xalqaro yirik musobaqalarda O‘zbekiston nomini sharaflarga burkashi, ta’bir joiz bo‘lsa, maqsadimiz sari eltuvchi yo‘llardan, rejalardan biri edi. Biz qanday buyuk zotlarning avlodi ekanimizni, dunyo tamaddunida alohida o‘rnimiz borligini amalda isbоtlashimiz kerak edi. Ko‘hna tarix uchun ikki qosh orasiday qisqa muddatda buning uddasidan chiqdik. Ilgari bizga mensimay qaraganlar bugun bizdan o‘rganmoqda, bizning usullarimizni o‘zlashtirmoqda. Yutuqlarimizni tan olishga majbur bo‘lmoqda.
Sobiq tuzum davrida bunday yuksak e’tiroflar u yoqda tursin, tilga tushgan sportchilar deyarli bo‘lmagan. Nega? Nima, yurtimizda iste’dodlar bo‘lmaganmi?
Shu savolga javobni ko‘p izladim. Javobi oddiy ekan: o‘sha paytlarda ham iste’dodlar ko‘p bo‘lgan, faqat ularni yuzaga chiqarish uchun sharoit ham, imkoniyat ham, istak ham bo‘lmagan. Buni o‘sha davrda sportning muayyan turi bilan shug‘ullanishni istagan, ammo imkoniyati, sharoiti bo‘lmagan yoshlar (bugun ular ulg‘aygan, keksaygan) juda yaxshi biladi. Mana, ulardan birining dilnomasi:
“...Biz yashab turgan kolxozda yoshlarning bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishlari uchun sharoit yetarli emas. Jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, sportning biror turiga ixlos qo‘yishga imkon yo‘q. Nahotki, maktabda ham sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoit yaratishning imkoni bo‘lmasa? Maktabdoshlarimning ko‘pchiligi sportning bir qancha turlariga qiziqadilar.
O‘zim bokschi bo‘lishni orzu qilaman. Sportning shu turi bilan shug‘ullanish uchun shaharga qatnay boshladim. Olis yo‘l yurishga to‘g‘ri keldi. Bir yilu uch oy qatnab, boks hadisini ola boshladim. Mahoratim ham ortayotgandi. Afsuski, maktabimizda o‘quv mashg‘ulotlari ikki smenali qilib tashkil etildiyu, shaharga qatnay olmay qoldim. Boisi, o‘qish 12:45 da boshlanadi. Boks mashg‘ulotlari esa soat 17 ga tayinlangan. Shu tariqa arosatda qoldim. Nahotki kolxozimizda, qolaversa maktabimizda sport to‘garaklari tashkil etib, yoshlarning bo‘sh vaqtini oqilona tashkil etishning iloji bo‘lmasa?!”
“Sovet O‘zbekistoni” gazetasining 1990-yil 28-fevral sonida “Sharoit bo‘lmagach” sarlavhasi ostida e’lon qilingan mazkur maqolada to‘rtko‘llik S.Ro‘ziboyev o‘zi singari yoshlarning istak va intilishlari bir-biriga mos kelmayotganini kuyunchaklik bilan bayon qilgan.
Aslida, maqolada tilga olingan bu muammo o‘sha paytlarda respublikamizning deyarli barcha hududlari uchun xos edi. Katta imkoniyatlar boy berilardi. Ayniqsa, qishloq joylarda sportni rivojlantirishga panja orasidan qaralgan. Ishlarni tizimli tashkil etish, sharoit yaratishga yetarli mablag‘ ajratilmagan. Qurilish obyektlari sport va madaniy dam olish maydonlarisiz foydalanishga topshirilgan. Maktabda jismoniy tarbiya darslari nomigagina o‘tilgan. O‘sha paytlarda respublikadagi maktablarning qariyb yarmida alohida sport zali bo‘lmagan. Cho‘milish havzalari haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.
Mavjud sport inshootlarining aksariyati talabga javob bermasligi, texnika xavfsizligi ta’minlanmagani bois ulardan deyarli foydalanilmagan. Sport inventarlari, kiyim-kechaklari savdosiga ixtisoslashgan do‘konlar respublikada sanoqli bo‘lib, u yerdan zarur uskuna va sport jihozlarini topish, xarid qilish ham amrimahol bo‘lgan.
Sport bilan shug‘ullanishga sharoit bo‘lmagandan keyin yuqori natija haqida qanaqa gap bo‘lishi mumkin? Yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda chempion bo‘lish u yoqda tursin, aqalli qatnasholmagan.
Prezidentimiz Islom Karimov mustaqilligimizning ilk yillaridan “Cog‘lom avlodni tarbiyalash – buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish deganidir” deya mamlakatimizning istiqboldagi bosh maqsadini, davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi. O‘zbekiston istiqlolning dastlabki kunlaridan uzoq istiqbolni ko‘zlab, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart, degan ezgu niyatni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ydi. Bu olijanob maqsad yo‘lida miqyosi va ahamiyati jihatidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va sog‘lom ulg‘ayishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yo‘lga qo‘yildi. Davlatimiz rahbarining farmoni bilan 2002-yil oktabr oyida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Natijada yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, bolalar sportini rivojlantirishning o‘ziga xos noyob tizimiga asos solindi.
Bolalarda sportga mehr uyg‘otish, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ma’naviy va jismoniy kamolotga intilish, ularni salbiy ta’sirdan himoya qilish hamda zararli odatlardan xalos etish, bolalarni barqaror fe’l-atvorli, Vataniga muhabbat va o‘z mamlakati uchun g‘urur-iftixor ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan bu noyob tizim o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
Yozgi Olimpiya o‘yinlarining birinchi chempioni sifatida Muhammadqodir Abdullayevning nomi mustaqil O‘zbekistonimizning sport tarixiga zarhal harflar bilan mangu muhrlandi. Xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov shaxmat bo‘yicha 17-jahon chempioni unvonini olishga muvaffaq bo‘ldi. FIFA referisi Ravshan Ermatov besh marta Osiyoning “Eng yaxshi hakami” va 2015-yilda “Globe Soccer Awards” versiyasi bo‘yicha “Yilning eng yaxshi hakami”, deb e’tirof etildi. Shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida yosh shaxmatchilarimiz Islombek va Javohir Sindorovlar ikkitadan oltin medalni qo‘lga kiritib jahonda tengsiz, deb topildi...
Umuman, o‘g‘il-qizlarimiz sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlarida, Olimpiya o‘yinlarida yuksak pog‘onalarga ko‘tarilmoqda. 2010-yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari xalqaro sport musobaqalarida 420 medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobar oshdi. Bir yarim ming nafardan ziyod sportchi yoshlarimiz 165 xalqaro musobaqada 983 medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini amalda isbоtladi.
Quvonarlisi, xalqimizning milliy sport turi – kurash 2018-yili Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi. Endilikda “chala”, “yonbosh”, “halol”, “tanbeh”, “dakki”, “g‘irrom” singari o‘nlab so‘zlarimiz dunyoning turli davlatlarida o‘tkaziladigan nufuzli musobaqalarda jaranglamoqda.
Bular o‘tgan yigirma besh yil ichida birgina sport sohasida qilingan ishlar hamda ularning samaralari haqida ayrim misollar, xolos. Ammo shu tarixan qisqa davrda mamlakatimiz nainki sport, boshqa sohalarda ham erishgan yutuqlarni, qo‘lga kiritgan marralarni faqat sanab o‘tish uchun necha yuzlab sahifa qoralash kerak bo‘ladi. Buni dunyo ahli ko‘rib turibdi.
Bu boradagi ishlar bardavom, yoshlarimizning muvaffaqiyatlarini hali ko‘plar e’tirof etadi, iste’dodiga, mahoratiga, kuchiga tan beradi. Ko‘ksi medallar shodasiga to‘laveradi. Chunki biz o‘tmishi shonli, buguni yorug‘, kelajagi buyuk xalqmiz. Bunday xalqning yoshlari ham ma’nan, ham jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetadi, kelajagi albatta buyuk bo‘ladi...