«BUYUK IPAK YO’LINING YURAGIDA»
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Polshada chop etiladigan kundalik ommabop Rzeczpospolita gazetasi sahifalarida taniqli sayyoh va gumanist Yatsek Palkevichning O’zbekistonning go’zal go’shalariga bag’ishlangan maqolasi e’lon qilindi.
Unda muallif mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosi haqida hikoya qilarkan, bu o’lkada xorijlik sayyoh aynan qaysi joylarni tomosha qilib zavqlanishi mumkinligi borasida maslahatlar beradi.
“Buxoro, Samarqand va Xiva kabi butun dunyoga mashhur shaharlar sizga “Ming bir kecha” ertaklarini eslatadi, - deyiladi Rzeczpospolita nashri maqolasida. - Bu zaminda shuningdek, sirlilik qobig’iga o’ralgan va afsonalardagiga o’xshash joylar ham borki, hatto bugungi globallashuv rivojlangan davrda ham noyobligini saqlab qolgani bilan sizni o’ziga jalb etadi.
O’zbekiston - shonli o’tmishga ega bo’lgan davlat, qachonlardir savdogarlar, sarguzasht ishqibozlari va ilm-fan sohalari vakillarining izlari qolgan zamindir. Biroq eng avvalo, bu o’lka madaniyat va savdo yo’llari kesishgan Buyuk Ipak yo’lining yuragidir”.
Ya.Palkevich o’z maqolasida Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentdagi ko’plab tarixiy inshootlarning poydevorlari mustahkamlash, gumbazlari va boshqa qismlarini tuzatish bo’yicha olib borilgan texnik-qurilish va qayta ta’mirlash ishlarining ko’lamiga baho beradi. “Men o’zining dastlabki ko’rinishidek etib qayta tiklangan ulug’vor inshootlarni ko’rib hayratlanaman, - deb yozadi Ya.Palkevich. - Garchi ular qurilganidan buyon o’tgan davr ichida ushbu hududda juda ko’plab zilzilalar sodir bo’lganiga qaramasdan, Samarqanddagi atrofini XV va XVII asrlarda bunyod etilgan madrasalar o’rab turgan ulkan Registon majmuasi to bugungi kungacha juda yaxshi holatda saqlanib qolgan. Bu shaharda beqiyos Bibixonim masjidi, o’rta asrlar me’moriy yodgorliklarining noyob namunasi - Shohi Zinda majmuasi, Sohibqiron va uning avlodlari dafn etilgan Amir Temur maqbarasi joylashgan”.
Muallif gazetxonlar e’tiborini shuningdek, Registonning Sharq tarixining hayratlarga boy bo’lgan me’moriy rang-barangligini o’zida mujassam etganiga qaratadi. “Son-sanoqsiz ranglar va cheksiz bezaklar orasida nigohingizni jozibali moviy rang - Samarqandga xos bo’lgan naqshlar o’ziga ohangraboday tortadi. O’zining mislsiz badiiy va tarixiy qiymatiga ko’ra Registon YUNESKOning Butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilgan. Kunning turli paytida turfarang tovlanadigan, goh feruza, goh yoqut, gohida esa moviy rangga kiradigan masjidlarning ko’p sonli gumbazlari nigohingizni sehrlab qo’yadi”.
“Samarqand - ko’z o’ngingizda mavjud shahardan ko’ra ko’proq olis tarixning ramziga o’xshaydi. Bu sayyohlar uchun Atlantida yoki Eldarado kabi inson qadami yetmaydigan go’sha kabi tuyuladi. Ushbu maftunkor shaharga safar qilish - xayollar qanotida g’aroyib afsonaning ichiga kirib qolgandek tasavvur uyg’otadi odamda”, deya to’lqinlanib hikoya qiladi polshalik sayyoh.
Ya.Palkevich o’z maqolasida mamlakatimizning boshqa shaharlari chiroyi, tarixiy qadamjolari haqida ham atroflicha so’z yuritadi.
“O’zbekistonda sayyoh o’zini xuddi ertakda yurgandek his etishi uchun barcha narsa - dunyoning sakkizinchi mo’’jizasi hisoblangan beqiyos tarixiy shaharlar, jozibador madaniy boylik, samimiy va mehmondo’st xalq hamda rang-barang va mazali pazandachilik namunalari mavjud”, deya yakunlaydi o’z maqolasini Ya.Palkevich.
“Jahon” AA, Varshava