Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

BUYUK VORISLIK

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
BUYUK VORISLIK

Vatan, ona yurtimiz himoyachisi deganda dastlab ko’z oldimizga vatanimizning daho xaloskori sohibqiron Amir Temur bobomiz keladi. Albatta, Temur bobomizga qadar ham Vatan ozodligi yo’lida jonini ayamagan buyuk ajdodlarimiz o’tgan. To’marisu Shiroq, Alp Er Tunga, Spitamenu Jaloliddin Manguberdi... Ozodlik yalovini Sohibqiron bobomiz yanada yuksak ko’tarib, jasoratda tengsiz bahodir nomini oldi.

Bu buyuk zot ulug’ maqomga olib chiqqan va saltanati obro’-e’tiborini sarbaland qilgan adolatparvarlik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik, ilm fan va me’morlik, san’at va madaniyat, umuminsoniy qadriyatlar e’zozi bugungi o’zbek davlatchiligi uchun ham beqiyos namuna bo’lib xizmat qilayotir. Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, “Amir Temur shaxsini idrok etish - tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni ang­lash - o’zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug’lash - tarix qa’rida chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir”.

Binobarin, ona Vatanni hamisha ko’z qorachig’idek asrash, uning himoyachisi, posboni bo’lish ham shon-sharaf ishidir. Shu ma’noda Qurolli kuchlarimiz tashkil topgan kun munosabati bilan ona Vatan himoyachilarini qutlar ekanmiz, ularning siymosida, eng avvalo, Temurbek bobomiz vorislarini ko’ramiz. Har gal ular bilan uchrashib suhbatlashganimizda Vatan himoyachisi bo’lish naqadar katta mas’uliyat va shon-sharaf ekanini yanada teranroq anglaymiz. Termiz shahridagi harbiy qismda nav­qiron askarlar bilan uchrashganda ham ular aytgan so’zlar, bergan savollar bizni to’lqinlantirib yuborgan, o’qigan she’r­lari, sog’inchli kalomlari yuragimizdan joy olib, Vatan himoyachisi bo’lish sharafini ular naqadar teran anglayotganlarini his etgan edik. Safdoshlari davrasida o’zi yozgan “O’zbekiston bayrog’i” she’rini o’qigan andijonlik oddiy askar Jaloliddin Tursunov, “Ona Vatan” she’rini aytib olqish olgan namanganlik Boburmirzo o’oziyev, “Tomchi qonim qolguncha Vatanni himoya qilaman” deya baralla kuylagan qoraqalpog’istonlik oddiy askar Zokir Xolmurodov, shoir Muhammad Yusufning “Ota makonim” she’rini o’qigan samar­qandlik Nurali Ergashev, “O’zbegim” she’rini yod aytgan toshkentlik oddiy askar Ulug’bek Mirxo’jayev, “Men nechun sevaman O’zbekistonni?” she’rini g’oyatda ta’sirli qilib o’qigan toshkentlik oddiy askar Otabek Mamatqulov kabi azamat yigitlar yurtimiz mehr-muhabbati, ota-onalari, do’stlari sog’inchi, Vatan xaloskori bo’lgan buyuk ajdodlar shavkatidan ko’ksi tog’dek baland ekanidan iftixor qildik.

Shu o’rinda Temurbek bobomiz tengsiz muhorabalarda ko’rsatgan betimsol jasoratlardan biriga e’tibor qarataylik. Movarounnahrni bo’­laklarga bo’lib, o’z xohishicha idora etayotgan bosqinchi to’dalardan xalos qilish maqsadida tinimsiz jangu jadal olib borar ekan, bobomiz Qarshi qal’asi va uning atrofida joylashib olgan o’n minglab dushman qo’shinini mahv etmoq va katta kuch to’plamoq uchun puxta tadbir tuzib, atigi 43 kishilik sodiq yigitlari bilan tunda mustahkam qal’aga hujum qiladi va tengsiz jasorat ko’rsatib, dushman kulini ko’kka sovuradi. Yurtboshimiz “Sohibqiron hazratlarining xalqimizni mo’g’ul zulmidan xalos etish, parokanda el va elatlarni birlashtirish, diyonat va adolatni qaror toptirish, ilm-fan, ma’rifat va madaniyatni yuksaltirish yo’lidagi buyuk orzu-niyat va intilishlariga mana shu Qarshi zamini mustahkam qanot bergan”, deb ta’kidlar ekan, ikki asr mobaynida bosqinchilar asoratida azob tortib yotgan Yevroosiyodagi qanchadan-qancha mamlakatlar, xonliklar, knyazliklarni chingiziy Oltin O’rda asoratidan batamom ozod qilgan va shu ellarning ham xaqiqiy xaloskori bo’lgan Sohibqiron bobomizning bugun tarix mulkiga aylangan shu kabi buyuk jasoratlarini nazarda tutganlar.

Amir Temur bobomizning jahon taqdirini hal etgan va tarixning buyuk burilish nuqtalarida amalga oshirgan hal qiluvchi muhorabalaridan yana biri 1391 yili Volganing chap sohilidagi Kandircha daryosi bo’yida, ikkinchisi esa, 1395 yil 15 aprelda Kavkaz tog’laridan boshlanib Kaspiy dengiziga ­quyiluvchi Terek daryosi bo’yida yuz bergan. Kandirchadagi jangda To’xtamishning yengilib qochishi tutqun ellarni chingiziylar asoratidan qutqarishda muhim sahifa ochgan bo’lsa, Terek bo’yida To’xtamish lashkarlari bilan bo’lgan so’nggi muhoraba Oltin O’rdaning tiz cho’kib, o’nglanmaydigan darajada tor-mor etilishiga shart-sharoit yaratgan.

Vatanimiz tarixini, harbiy mahoratni puxta o’zlashtirayotgan posbon yigitlarimiz tarixning shu kabi o’lmas haqiqatlari, dunyoning bugungi evrilishlaridan ham xabardor bo’lib bormoqlari zarur. “To’rt ulus tarixi” kitobida tilga olingan yana bir buyuk jasorat ham g’oyatda ibratli. Mirzo Ulug’bek bobomiz Jaloliddin Manguberdining Sind daryosi bo’yida Chingizxon lashkarlari bilan bo’lgan jangda ko’rsatgan jasorati haqida faxrlanib yozadi: “Otaga shunday o’g’il zarurki, u ikki girdob - olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oldi!.. Bu sultondan ko’p ishlar va hisobsiz qissalar vujudga keldi, uning ishlaridan har qanday oqil o’g’il g’ofil qolmasligi kerak!”

Mirzo Ulug’bek bobomiz “oqil o’g’il” deganda bugungi avlodlarni ham nazarda tutgan, albatta. Mustaqillik yillarida Vatan ozodligi yo’lida jon olib-jon bergan, betimsol jasoratlar ko’rsatgan ajdodlarimizning ulug’ nomlari tiklanib, ularga haykallar qo’yildi va muhtasham yodgorliklar o’rnatildi. Vatanimizning bugungi munosib himoyachilari harbiy mahorat va harbiy texnikani puxta egallab borar ekanlar, shavkatli bobolaru ulug’ yo’lboshchilarimizning Vatan ozodligiga erishish va bu ozodlikni har jihatdan mustahkamlash yo’lida ko’rsatgan jasoratlari, betimsol fidoyiliklari, izchil sa’y-harakatlari ular uchun chinakam ibrat maktabi bo’lmog’i kerak.

Zotan, ona yurtning chinakam posbonlarini ulug’ ibratlar, buyuk vorislik tuyg’ulari ulg’aytiradi.

Murod ABDULLAYEV,
O’zbekiston Respublikasida
xizmat ko’rsatgan jurnalist

“O’ZBEKISTON ADABIYOTI VA SAN’ATI” GAZETASI №2. 2016-YIL