Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-sentyabrdagi“Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3939-son qaroriga asosan joylarda tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha komissiya va hududiy guruhlarning faoliyati natijalari boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini sotish va yer uchastkalarini berishda tadbirkorlik va investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator ortiqcha byurokratik tartibоtlar va qiyinchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish zaruriyatini koʻrsatdi.

Respublika hududlarida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotishni jadallashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat raqobat qoʻmitasi), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga quyidagi huquqlarni berishni nazarda tutuvchi davlat mulki obyektlari va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha eksperiment (keyingi oʻrinlarda – eksperiment) oʻtkazish haqidagi takliflari maʼqullansin:

a) oʻz vakolati doirasida (jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashi qarorlariga asosan), boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini (mazkur Farmonning 4-bandida koʻrsatilgan obyektlar bundan mustasno) ularni baholamasdan, 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narxda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish orqali investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda oʻrnatilgan tartibda sotish;

b) oʻz vakolatlari doirasida investiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun auksion oʻtkazmasdan, investor bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali investitsiyaviy (kamida 1 million AQSH dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda yer uchastkalarini berish va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish. Bunda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining mazkur masaladagi qarorlari dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarida koʻrib chiqilishi hamda tasdiqlanishi lozim;

v) “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish uchun yer uchastkalarining joylashgan hududidan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi va viloyat hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar davlat soliq boshqarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining tavsiyalariga asosan, har bir tuman boʻyicha boʻsh yer uchastkalaridan foydalanish huquqining (0,01 ga maydoni uchun) boshlangʻich bahosini har chorakda tasdiqlash;

g) uch yildan ortiq muddat davomida tuproq bonitirovkasi ishlari olib borilmagan uch gektargacha boʻlgan maydonga ega yer uchastkalarida tegishli mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobiga tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisi boʻlish;

d) “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan vaqtincha foydalanish huquqini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun investitsiyaviy (kamida 1 million AQSH dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda 50 yil muddatga sotish;

ye) “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllariga tutash hududlardagi yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini ularning toifalaridan qatʼi nazar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yoʻlboʻyi va turistik infratuzilma obyektlarini tashkil etish uchun sotish. Bunda, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari toifasiga kiruvchi yer uchastkalari koʻrsatilgan maqsadlar uchun faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-sentyabrdagi PQ-3939-son qaroriga binoan tashkil etilgan Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha komissiya bilan kelishilgan holda beriladi;

j) ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat tartibini saqlash kuchlarining uch smenali rejimdagi patrulini taʼminlash orqali, shuningdek, mazkur zonalarda sayyohlar uchun dam olishni tashkil etish dasturlarini tasdiqlagan holda Nukus shahri, viloyatlar markazlari va sayyohlar tashrif buyuradigan boshqa joylarda savdo-koʻngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatini tungi vaqtda cheklashga yoʻl qoʻyilmaydigan zonalarni aniqlash.

2. Belgilansinki, eksperiment doirasida:

davlat koʻchmas mulk obyektlari uchun xususiylashtirish komissiyasi ishining umumiy muddati u tashkil etilgan paytdan boshlab yigirma kundan oshmasligi lozim;

davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali sotishda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning miqdori va turlari davlat mulki obyektlarini sotish boʻyicha tanlov oʻtkazishda qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibni oʻxshashlik boʻyicha qoʻllash asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari tomonidan belgilanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining qarorlariga asosan sotiladigan davlat mulki obyektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan davlat obyektlarini sotishga tayyorlashda xulosalar berilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan amalga oshiriladi;

davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha oldi-sotdi shartnomalarini tuzish savdo natijalari (muzokaralari) boʻyicha bayonnoma imzolangandan soʻng oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi;

mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha sotib olish toʻlovlari va penya (yuzaga kelgan taqdirda) toʻliq hajmda tushgan kundan boshlab besh kun ichida, tasarruf etish huquqi esa, xaridorga investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar toʻliq bajarilgan (investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bilan sotilgan taqdirda) deb topilgan va penya (yuzaga kelgan taqdirda) toʻliq hajmda toʻlangan kundan boshlab beriladi;

balansda saqlovchi sotilgan davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi xaridor tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab besh kun ichida qabul qilish-topshirish dalolatnomasi rasmiylashtirilishini va sotilgan davlat koʻchmas mulk obyektining xaridorga topshirilishini taʼminlashi shart;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning qishloq xoʻjaligi ekin yerlari tarkibiga kirmaydigan, foydalanilmasdan turgan yer uchastkalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining qarorlariga asosan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning yer uchastkalari oʻlchami va chegaralarini ularning rahbarlari roziligisiz oʻzgartirgan holda olib qoʻyilishi mumkin.

3. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan quyidagi toʻlovlarni amalga oshirish talablari bekor qilinsin:

davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishga buyurtmanoma berganlik uchun Davlat raqobat qoʻmitasining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida toʻlanadigan yigʻim;

mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini berganlik uchun davlat boji.

4. Belgilansinki, quyidagi davlat koʻchmas mulk obyektlari tadbirkorlik subyektlariga faqat davlat-xususiy sheriklik asosida, tegishli vazirlik yoki idora davlat sherigi sifatida ishtirok etgan holda berilishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida koʻzda tutilgan hollardan tashqari):

taʼlim, shu jumladan, maktabgacha taʼlim muassasalari;

sogʻliqni saqlash va sport obyektlari;

madaniyat obyektlari, shu jumladan, kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha koʻrsatish muassasalari va kinolashtirish obyektlari.

Bunda, mazkur band talablari faoliyat yoʻnalishi boʻyicha foydalanilmayotgan, tegishli vazirlik yoki idoralar tomonidan davlat-xususiy sheriklik tashkil etish maqsadga muvofiq emas deb topilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlariga tatbiq qilinmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I.Madjidov), Xalq taʼlimi vazirligi (Sh.Shermatov), Maktabgacha taʼlim vazirligi (A.Shin), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Shodmonov), Madaniyat vazirligi (B.Sayfullayev), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D.Nabiyev) va “Oʻzbekkino” Milliy agentligi (F.Zokirov) bir oy muddatda mazkur Farmonga asosan sotish uchun faoliyat yoʻnalishi boʻyicha foydalanilmayotgan, davlat-xususiy sheriklik tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlmagan davlat mulki obyektlari roʻyxatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklariga taqdim etsin.

5. Vazirlik, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari:

a) xatlov natijasida aniqlangan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ulushi ustun mavqega ega boʻlgan tashkilotlar (shu jumladan, ustav kapitalining 50 foizdan ortigʻi 50 foizdan ortiq miqdorda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar)ning faoliyatiga mos boʻlmagan va foydalanilmayotgan boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlaridan quyidagicha samarali foydalanish choralarini koʻrsin:

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari, shuningdek, tashkilotlarni rivojlantirish strategiyasiga asosan obyektlar negizida qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan obyektlar roʻyxatini tasdiqlash;

ikki oy muddatda ustav kapitalida davlatning yoki xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushlarini sotish boʻyicha tegishli qaror mavjud boʻlishidan qatʼi nazar, oʻtkazilgan xatlov natijasida aniqlangan faoliyatiga mos boʻlmagan va foydalanilmayotgan boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlarini, zarurat boʻlganda 10 yilgacha muddatga boʻlib toʻlash imkoniyatini koʻzda tutgan holda savdolarga chiqarish;

bir oy muddatda foydalanilmayotgan yerlar va faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini ularning negizida kichik sanoat zonalarini barpo etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlariga berish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;

b) obyektni oʻz balansida saqlovchi yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlangan, foydalanish boʻyicha tegishli “yoʻl xaritasi” boʻlmagan boʻsh yotgan obyekt sotilishini rad etishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi talabni eʼtiborga olgan holda, boʻsh yotgan obyektlarni sotish boʻyicha (mazkur Farmonning 4-bandida koʻrsatilgan obyektlar bundan mustasno) mahalliy davlat hokimiyati organlarining soʻrovnomalari Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlasin.

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha komissiya (M.Olloyorov) va hududiy guruhlar Davlat raqobat qoʻmitasi, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda mazkur band ijrosining soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Davlat raqobat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan, sud qarorlariga muvofiq davlat daromadiga oʻtkazilgan noturar joylarni, kelgusida ularni mazkur Farmon talablariga muvofiq sotish uchun tuman (shahar) hokimliklariga belgilangan tartibda bepul oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

7. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining avvalgi qarorlariga asosan savdolarga chiqarilgan davlat mulki obyektlari:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari) tomonidan oʻz vakolatlari doirasida aniqlangan koʻchmas mulk obyektlari investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda – 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narxda;

boshqa koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha – qayta baholatmasdan, ularni oʻtkazish kunidagi savdolarda shakllangan narxda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga oʻtkaziladi va savdoga chiqariladi.

8. Vazirlar Mahkamasi (S.Xolmurodov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining investorlar arizalariga asosan davlat mulki obyektlarini sotish toʻgʻrisidagi takliflarini tezkorlik bilan, zaruratga koʻra xususiylashtirish dasturlariga kiritmasdan ular boʻyicha individual qarorlar qabul qilish orqali koʻrib chiqilishini taʼminlasin.

9. Belgilansinki:

“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablagʻlari hamda ushlab qolingan zakalat summasi, auksion tashkil etish xizmatlari toʻlovi va yer uchastkalarini tanlash materiallarini tayyorlash qiymatini chegirib tashlagan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda tegishli mahalliy byudjetlarning maxsus gʻazna hisobraqamlariga ularning qoʻshimcha manbalari sifatida oʻtkaziladi va ushbu pul mablagʻlari faqatgina ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek, davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga yoʻnaltiriladi;

qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar bilan bir qatorda, agarda arizalarni qabul qilish muddati yakuniga qadar faqat bitta ariza kelib tushgan boʻlsa, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi davlat koʻchmas mulk obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqni sotish boʻyicha auksion boʻlib oʻtmagan deb eʼtirof etiladi;

kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarish maydonchalarini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasi, direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalariga davlat mulkini ijaraga berish markazlariga tegishli boʻlgan ijara toʻlovi mablagʻlarini yoʻnaltirish orqali, kichik sanoat zonasi direksiyasi va tanlov gʻolibi oʻrtasida tuziladi.

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda, hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashlari bilan kelishgan holda, har bir aholi punkti kesimida (bosh reja mavjud boʻlmaganda) 2018-2019 yillarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun beriladigan yer uchastkalarini joylashtirish sxemalarini tasdiqlab olsin va uni keyinchalik tegishli bosh rejalarda aks ettirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga taqdim etsin.

11. Iqtisodiyot vazirligi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiyot va tadbirkorlikni, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan oʻrinbosarlari bilan birgalikda 2018-yil 15-dekabrga qadar ishlab chiqarish quvvatlarini ustuvor joylashtirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda foydalanish uchun, mavjud mineral-xomashyo, yer, suv, qishloq xoʻjaligi resurslari, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, hududlarning ekologik va boshqa sharoitlarini inobatga olgan holda, har bir tumanning tarmoq ixtisoslashuvini belgilasin.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga tegishli byudjetlar daromadlari prognozining oshirib bajarilishi summalarini quyidagi maqsadlarda foydalanishga ruxsat etilsin:

a) yoʻlboʻyi va turistik infratuzilma obyektlarini, shu jumladan, mehmonxonalarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasini yillik ikki foizga kamaytirilganiga teng foiz stavkasida tijorat banklariga resurslar ajratish orqali investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun quyidagi yoʻnalishlarda kredit liniyalarini ochish:

mehmonxonalar va turistik infratuzilmaning boshqa obyektlarini qurish;

tayyor mahsulot va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishning, shuningdek, xizmat (ish) turlarining yangi quvvatlarini tashkil qilish;

mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini, boshqa asosiy fondlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari bilan muzokaralar olib borsin va turizm sohasidagi loyihalarni, ustuvor ravishda mehmonxonalar qurishni moliyalashtirish boʻyicha imtiyozli kredit liniyalarini ochish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (B.Qudratxoʻjayev):

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida sotilayotgan davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tadbirkorlar va aholi oʻrtasida keng yoritib borsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasini, uning bir xilda va sifatli ishlatilishini hamda foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida takomillashtirish va biznes jarayonlarini maqbullashtirish choralarini koʻrsin.

15. “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi (A.Abdullayev) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sodiqov), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (B.Qudratxoʻjayev) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda joylarda aniqlangan kamchiliklarni inobatga olgan holda (boʻsh yer maydonlarini muqobil maqsadni belgilashda, rasmlarni va boshqa maʼlumotlarni yuklashda, geografik koordinatlarini aniqlashda va boshqalar) “YER ELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimini takomillashtirish va imkoniyatlari kengaytirilishini taʼminlasin;

tegishli davlat idoralari va boshqa idoralar xodimlarini “YER ELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimida sifatli ishlash koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan qoʻllanmalarni ishlab chiqish orqali oʻqitishni tashkil etsin;

bir oy muddatda yer uchastkasiga boʻlgan huquqni sotishda belgilangan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning auksion gʻolibi tomonidan bajarilishi holati monitoringini amalga oshirish, shuningdek, bajarilgan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimlariga quyidagilar uchun javobgarlik yuklansin:

oʻzlarining faoliyatida investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratgan holda oshkoralik va xolislik prinsiplariga amal qilib hamda aholining manfaatlarini hisobga olgan holda oʻzlariga yuklatilgan vazifa, funksiya va huquqlarni samarali va sifatli amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining muammolarini hal etish;

mazkur Farmonning amalga oshirilishida joylardagi mahalliy ijro organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish;

eksperiment doirasida loyihaning amalga oshirilishida yuzaga keladigan davlat majburiyatlarini moliyalashtirish manbalarini taʼminlash;

madaniy meros obyektlarini saqlash va atrof-muhitning qulay ekologik holatini taʼminlash, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish;

ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan va turli xil qonunni buzish bilan bogʻliq boʻlgan murojaat va shikoyatlarga tezkor javob berish.

17. Quyidagilar:

Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari rahbarlari –faoliyat yuritmayotgan yoki qurilishi tugallanmagan davlat obyektlarini puxta xatlovdan oʻtkazish, ularni auksion orqali sotish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash, tadbirkorlik subyektlariga sotilgan obyektlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirish;

“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi va uning hududiy organlari rahbarlari – foydalanilmayotgan yerlarni puxta xatlovdan oʻtkazish, ularni auksion orqali sotish uchun hujjatlarni tayyorlash, “YER ELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimining uzluksiz va toʻgʻri ishlashi, shuningdek, tuproq bonitirovkasi ishlarining ishonchliligi, toʻliqligi va sifatliligini taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar qurilish bosh boshqarmalari, qurilish sohasida nazorat boʻyicha hududiy inspeksiyalarning rahbarlari – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun beriladigan yer uchastkalarining joylashish sxemasini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini hududning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda sifatli tayyorlash, tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etishi, qurilish-montaj ishlari sifatini taʼminlash;

Majburiy ijro byurosi huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK rahbarlari – elektron savdo tizimining uzluksiz va toʻgʻri ishlashi, davlat mulki obyektlari va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni savdoga chiqarish;

hududiy tanlov komissiyalari va xususiylashtirish boʻyicha komissiyalar rahbarlari, shuningdek, ularning aʼzolari – oʻzlari vakillik qilayotgan davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarining masʼuliyatiga doir funksiyalarning toʻliq va sifatli bajarilishi, shuningdek, bevosita Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari rahbarligida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning miqdori va turlarini belgilashda shaxsan javobgarligi belgilansin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyektlariga elektron raqamli imzo olinishini va mazkur Farmonga muvofiq oʻtkaziladigan savdolarda ularning faol ishtirok etishini taʼminlasin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

20. Belgilansinki, eksperiment 2019-yilning 1-apreliga qadar oʻtkaziladi.

21. Davlat raqobat qoʻmitasi, “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi 2019-yilning 1-apreliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga eksperiment oʻtkazish natijalari boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlarni qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar bilan birgalikda kiritsin.

22. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 11-oktyabr

www.uza.uz