DEPUTATLAR DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI YANADA CHUQURLASHTIRISHGA QARATILGAN DOLZARB MASALALARNI KO‘RIB CHIQDILAR
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

21-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar oldindan siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.
Parlament a’zolari o‘z ishlarini yangi tahrirdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama etishdan boshladilar.
Qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish jarayonida deputatlar ushbu qonun loyihasining yangi tahrirda qabul qilinishi hozirgi davrga qadar qonunchilik darajasida to‘liq ravishda tartibga solinmagan hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishni tashkil etish mexanizmlarini qonun bilan belgilash zaruratiga bog‘liq ekanligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, qonun loyihasi huquqni qo‘llash amaliyotining ta’sirchanligini oshirishga va qonunchilik hujjatlarida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilganligi qayd etib o‘tildi. Qonun loyihasi biologik xilma-xillikning ajralmas qismi sifatida yovvoyi hayvonlar genafondi kompleks ravishda muhofaza qilinishini ta’minlashni nazarda tutadi. Qonun loyihasida davlat organlarining vakolatlari aniq ko‘rsatib qo‘yilmoqda va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish yuzasidan ularning vazifalari belgilab berilmoqda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirok etishiga taalluqli normalarni mustahkamlab qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qonun loyihasini tayyorlash chog‘ida davlat boshqaruvining, fuqarolik jamiyati institutlarining turli darajalarida uning amaliy muhokama qilinishini tashkil etishga katta e’tibor qaratildi. Qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida yetakchi mutaxassislar, olimlar, tegishli sohalar amaliyotchilari, fuqarolik institutlari vakillaridan iborat Qonunchilik palatasi qo‘mitalari huzurida tashkil etilgan ekspert guruhlari a’zolari faol ishtirok etdilar. Bu esa qonun loyihasini yanada takomillashtirishga doir bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi. Ommaviy axborot vositalarida qonun loyihasining muhokamasi tashkil etildi, muhokama natijasida uning mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazildi.
Qonun loyihasining muhokamasi parlament quyi palatasining Demokratik kuchlar bloki va muxolifatdagi fraksiyalari yig‘ilishlarida ham bo‘lib o‘tdi, yig‘ilishlar yakunlariga ko‘ra ushbu normativ-huquqiy hujjat yuzasidan ularning nuqtai nazari shakllantirildi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida biz normalarni amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan qoidalarni imkon qadar batafsil bayon etish, havola normalarni kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdik, – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi J.Atodjonov. – “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri uning normalarini yangidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan. Qonun loyihasida hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish turlari va usullarini aniqlashtirish, hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalar berish chog‘ida ruxsat etish tartib-taomillaridan o‘tish tartibini mukammallashtirish, ushbu sohada monitoring va nazoratni o‘tkazish nazarda tutilgan.
Muhokama davomida deputatlar ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish borasida mustahkam huquqiy asosga aylanishini ta’kidlab o‘tdilar.
Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra ushbu qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
So‘ngra deputatlar bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Loyiha ayrim qonunchilik hujjatlarini “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonun normalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan bo‘lib, parlament nazoratining ayrim shakllarini amalga oshirish normalari va tartib-taomillarini yanada takomillashtirishni nazarda tutadi.
Munozaralar yakunlariga ko‘ra, deputatlar ushbu qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladilar va birinchi o‘qishda qabul qildilar. Kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda hujjatni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash mas’ul qo‘mitaga topshirildi.
Deputatlar majlisda kun tartibidagi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati
O’zA