DIZAYNER VA MODELYERLAR FORUMI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Toshkent Moda haftaligi milliy moda va dizayn sohasini yanada rivojlantirish, milliy an’analarni asrab-avaylash va targ‘ib etish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim voqeadir.
Moda haftaligi – 2015 dasturidan defile, konsert, ko‘rgazma, mahorat saboqlari kabi o‘n beshga yaqin turli tadbirlar o‘rin olgan. Tadbirlarning bir qismi Yoshlar ijod saroyida, boshqalari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tadi. Haftalik «Osiyo ramzi» O‘zbekiston modelyerlar va dizaynerlar uyushmasi tomonidan tashkil etildi.
Toshkent Moda haftaligida iqtidorli va taniqli dizaynerlar, mahoratli mutaxassislar ishtirok etmoqda. Sharqona go‘zallik va an’analarni namoyish etish haftalikning asosiy yo‘nalishidir. Shuningdek, Moda haftaligi doirasida mamlakatimiz dizaynerlarining mualliflik namoyishlari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, zamonaviy texnologiyalarni faol o‘zlashtirish va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari dizaynini takomillashtirish mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Shu bois tadbir tashkilotchilari milliy moda sohasini targ‘ib qilish, dizaynerlar va moda uylariga o‘z kolleksiyalarini namoyish etish, yosh dizaynerlarning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, yangi nomlarni kashf etish, professional muhitni shakllantirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
«Osiyo ramzi» O‘zbekiston modelyerlar va dizaynerlar uyushmasi boshqaruvi raisi Xolida Komilovaning so‘zlariga ko‘ra, Moda haftaligiga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Uyushma jamoasi Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya dizaynerlari bilan hamkorlikda ish olib bordi. Mamlakatimiz mutaxassislari Italiyaning Milan shahrida bo‘lib, Italiya modasi tizimining faoliyat yuritish mexanizmlarini o‘rgandi va bu yerdagi ko‘plab mashhur kompaniyalar, shou-rumlar bilan tanishdi. Shuningdek, Italiya, Fransiya va Janubiy Koreya dizaynerlari ham yurtimizda mahorat saboqlari va seminar-treninglar o‘tkazdi.
Mamlakatimiz dizaynerlari jahon miqyosida o‘tkazilgan eng so‘nggi moda haftaliklarining trendlarini puxta o‘rganib, xorijiy dizaynerlar ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlardan so‘ng Moda haftaligi davomida an’anaviy o‘zbek liboslari va tarkibiy qismlarini jahon bozori talablariga muvofiq zamonaviy moda tendensiyalariga moslashtirish va uyg‘unlashtirishga harakat qilmoqda.
Haftalik doirasida dastlab, Stilistlar, vizajistlar va nail-art respublika tanlovi o‘tkaziladi. Ushbu tanlovda mamlakatimizning turli viloyatlaridan taniqli kosmetolog, neyl-dizayner, sartarosh, vizajist, turli salon biznesi loyihalari rahbarlari ishtirok etadi.
Toshkent Moda haftaligi konsepsiyasini birgalikda ishlab chiqish maqsadida mamlakatimizga taklif etilgan italiyalik dizaynerlar tomonidan Milan ayollar modasi haftaligining so‘nggi kolleksiyalari ham namoyish etiladi.
Bundan tashqari, «Yosh dizaynerlar» defilesi tanlov ishtirokchilariga salohiyatini namoyon etish, o‘z ijodi namunalarini mutaxassislar muhokamasiga taqdim qilish uchun o‘ziga xos imkoniyatdir. Defileda asosan talabalar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etadi. Ular o‘zlarining ajoyib ijodiy orzulari, nostandart yondashuvlar va har tomonlama qiziqishlarini yorqin ifoda etadigan kolleksiyalarni omma e’tiboriga havola qiladi. «Yosh dizaynerlar» defilesi talabalar va yosh dizaynerlarni ijod qilish, yangi g‘oyalar topish va moda olamida yangiliklar yaratishga undaydi, ularning sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Haftalik davomida o‘tkaziladigan «Milliy libos» festivalida mamlakatimizning turli hududlaridan iste’dodli dizaynerlar ishtirok etadi. Mazkur tadbir yurtimizning turli hududlarida kiyiladigan liboslarning shakli, ular tayyorlanadigan matolar va dizaynerlik yondashuvlar rang-barangligining o‘ziga xos namoyishidir. Ayniqsa, festival moda sohasining o‘ziga xos axborot maydoni va ijodiy ilhom manbai sifatida chet ellik dizaynerlarni ham o‘ziga jalb etadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu festival milliy liboslarni asrab-avaylash ramzi va o‘zbek xalqining o‘ziga xos xususiyatlarini ifoda etadi.
Yakuniy Gala-fashion shouda mamlakatimiz va italiyalik dizaynerlar modellarining namoyishi O‘zbekistonda moda va dizayn sohasidagi zamonaviy izlanishlar va an’analar rang-barangligini o‘zida mujassam etadi. Ushbu defile mamlakatimizda zamonaviy modaning eng so‘nggi tendensiyalari ixlosmandlarida alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
Moda haftaligi doirasida Italiya, Rossiya va O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari milliy va zamonaviy liboslarni modellashtirish hamda loyihalashtirish, brending, uslubni tanlash, sartaroshlik san’ati va makiyaj bo‘yicha professional dizaynerlar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun mahorat saboqlari va seminar-treninglar o‘tkazadi.
Muxtasar aytganda, zamonaviy va milliy liboslar bayramiga aylanadigan Toshkent Moda haftaligi ishtirokchilar va tomoshabinlar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.