DO‘STLIK KECHASI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

«Istiqlol» san’at saroyida 18-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligiga bag‘ishlangan madaniy dastur bo‘lib o‘tdi.
Mazkur do‘stlik va san’at kechasi O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi va O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal madaniyat markazi hamkorligida tashkil etildi.
Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangrab, tadbir boshlanganidan darak berdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunga huquqiy asos bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
– Xitoyda “Do‘sting qancha ko‘p bo‘lsa, yo‘ling shuncha keng bo‘ladi”, degan maqol bor, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze. – O‘zbekiston Xitoy uchun yaqin do‘st va strategik hamkordir. Bu munosabatlar yanada rivojlanishi tarafdorimiz. Ushbu bayram tadbiri xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlashiga ishonamiz.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda, jumladan, madaniy-gumanitar yo‘nalishda ham izchil rivojlanib bormoqda. 2005-yili Toshkentda xitoy tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha Konfutsiy instituti ochilgan. Hozirda ushbu dargohda 350 dan ziyod tinglovchi, talaba va ishbilarmon tahsil olmoqda. Institut tashkil qilinganidan buyon 2,5 mingdan ortiq kishi o‘quv kurslarini tamomladi.
2012-2013 o‘quv yilidan Pekin chet tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. 2013-yil 15-may kuni Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi ochilgan. 1998-yili tashkil etilgan “O‘zbekiston – Xitoy” va 2007-yili o‘z faoliyatini boshlagan “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari mamlakatlararo madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida samarali hamkorlik doirasida men Lanjou, Dalyan, Syamen kabi shaharlarda tahsil oldim, pedagog sifatida malakamni oshirdim, – deydi Shanxay universiteti Xitoy tili va adabiyoti fakulteti doktoranti Nigina Rasuleva. – Bugungi konsert – do‘stona aloqalarimiz ifodasi. O‘zbek va xitoy xalq qo‘shiqlari va raqslaridan bahramand bo‘ldik.
Tadbirda "O‘zbekiston – Xitoy: birodarlik yo‘li" nomli hujjatli film namoyish etildi.
Konsertda «Sabo» milliy raqs ansambli tomonidan «Sharq», «Xorazmcha raqs», O‘zbekiston xalq artisti M.Toshmatov, xalqaro tanlovlar laureatlari R.Mirzakamolov, G.Nurmetova ijrosida «Abadiy do‘stlik», «Men va mening Vatanim», «Do‘st», «Ona o‘lkam» singari qo‘shiqlar ijro etildi. Xitoy milliy madaniyat markazi ushu to‘garagi a’zolarining ko‘rgazmali chiqishi, «Arslon» raqsi, xitoylik Fan Inchuanning «Porla, Toshkent» qo‘shig‘i va boshqa nomerlar tomoshabinlarga zavq ulashdi.
O’zA