Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov: Dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatga qaramasdan, 2020 yil O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasi uchun samarali bo‘ldi

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov: Dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatga qaramasdan, 2020 yil O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasi uchun samarali bo‘ldi

Dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatga qaramasdan, 2020 yil O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasi uchun samarali bo‘ldi

TOSHKЕNT, 18 yanvar. /«Dunyo» AA/. Yangi O‘zbekistonning ochiqlik, pragmatizm va puxta o‘ylanganligi bilan ajralib turadigan tashqi siyosati dunyoning barcha mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan. Toshkentning bunday konstruktiv yondashuvi 2020 yilda jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo‘ldi.

Ko‘p tomonlama diplomatiyaning global markazi hisoblangan Jeneva shahrida eng ko‘p, ya’ni 40 ga yaqin yetakchi ixtisoslashgan xalqaro tashkilot, shuningdek 250 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) joylashgan. Ularning faoliyat doirasi inson huquqlari, gumanitar soha, sog‘liqni saqlash, savdo, atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish, statistika, ta’lim, qurolsizlanish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatmaslik, telekommunikatsiya, mehnat munosabatlari, intellektual mulk va boshqa keng ko‘lamli masalalar o‘rin olgan.

«Dunyo» axborot agentligi muxbiri O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov bilan 2020 yil davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar Jenevada joylashgan xalqaro tashkilotlarda qanday qabul qilingani haqida suhbatlashdi.

– Ulug‘bek Xidirovich, butun dunyo uchun COVID-19 pandemiyasi va uning salbiy ta’siri sababli murakkab bo‘lgan 2020 yilda O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida erishgan yutuqlari haqida o‘z fikr-mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar va global iqtisodiy inqiroz sharoitida mamlakatimiz ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritishda faol davom etdi. Amalga oshirilgan qat’iy sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

Murakkab epidemiologik vaziyat xalqaro munosabatlar jarayoniga ta’sir ko‘rsatganiga qaramasdan, o‘tgan yil O‘zbekistonning ko‘p qirrali diplomatiyasi, jumladan mamlakatimizning Jenevadagi missiyasi faoliyati uchun juda muhim va samarali bo‘ldi.

O‘tgan yil oktabr oyida O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marotaba Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK) ga saylanganini alohida ta’kidlashni istardim. IHK BMTning inson huquqlari masalalari bo‘yicha eng nufuzli tuzilmasi bo‘lib, uning tarkibida 47 ta davlat vakillari faoliyat yuritadi. E’tiborlisi, saylov jarayonida O‘zbekiston Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari orasida eng ko‘p ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining bunday nufuzli tuzilmasi faoliyatidagi ishtiroki, avvalo, mamlakatimizning inson huquq va erkinliklarini targ‘ib etish, ularni himoya qilish bo‘yicha xalqaro va milliy tizimlarni mustahkamlashga sodiqligini keng namoyish etish imkonini bermoqda.

Joriy yil respublikamiz mazkur tuzilma faoliyatida faol qatnashib, davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbuslari, jumladan, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha taklifini ilgari suradi.

– Bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish O‘zbekistonning BMT ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorligi kun tartibidagi dolzarb masalalardan biridir. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) respublikaning bu yo‘nalishdagi salmoqli taraqqiyotini e’tirof etdi. XMT va BMTning boshqa tuzilmalari bilan munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar haqida so‘zlab bersangiz.

– O‘zbekistonda mehnat va bandlik sohasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha mislsiz choralar ko‘rilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev respublikamizda bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etishda erishilgan yutuqlarning e’tirofi o‘laroq XMT Bosh direktori Gay Rayder tomonidan mehnat sohasida COVID-19ga qarshi kurashishga bag‘ishlangan Global virtual sammitda qatnashish uchun shaxsan taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari aynan ushbu anjumandagi qutlov nutqida ilk bor BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur taklifning dolzarbligi sammit ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi va to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

XMT rahbari Gay Rayder O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining 2020 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan VIII qurultoyiga murojaatida o‘zaro hamkorlikning bugungi darajasi, shuningdek, respublikamiz tomonidan bandlikni ta’minlash va majburiy mehnatni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

2021 yil respublikamizni mehnat munosabatlarini tartibga solishning global jarayoniga faol jalb etish ishlari davom ettiriladi va shu maqsadda yaqin istiqbolda mamlakatimiz nomzodini XMT Ma’muriy kengashi a’zoligiga ilgari surish rejalashtirilmoqda.

COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish doirasida O‘zbekistonning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan hamkorligi sezilarli darajada kuchaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar JSST tomonidan yuksak qadrlanmoqda.

Pandemiyaga qarshi kurashish avjiga chiqqan paytda JSST O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarini himoya vositalari bilan ta’minlashda ko‘maklashganini ta’kidlash joiz.

2021 yil JSST ko‘magida Qoraqalpog‘istonning olis hududlarida tibbiyot muassasalari qurish, tashkilotning ekspert va moliyaviy-texnik yordamini jalb etish, shuningdek, Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks loyihasini ilgari surish rejalashtirilgan.

– Ma’lumki, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlarda yetakchi mavqega ega va BMT bilan munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu sohadagi hamkorlikning istiqbollari haqida nima deya olasiz?

– 2020 yil O‘zbekiston BMTning inson huquqlari sohasidagi shartnoma organlari va xalqaro tuzilmalari bilan hamkorlikni izchil tarzda rivojlantirdi.

Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 128-sessiyasi doirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha davriy hisobоt taqdim etildi. Qo‘mita respublikamizda gender tengligiga erishishda qo‘lga kiritilgan yutuqlar, majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning muammolarini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarning muhim ko‘rsatkichi sifatida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid tomonidan berilgan ijobiy bahoni qayd etish o‘rinlidir.

Joriy yil «Inson huquqlari sohasidagi ta’lim» global forumi, Yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan jahon yoshlar anjumani va diniy erkinlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy konferensiyani yuqori saviyada o‘tkazish jarayoniga xalqaro tashkilotlarni faol jalb qilish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

– O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda migratsiya jarayonlarini boshqarish mexanizmlari isloh qilinmoqda. 2018 yil noyabr oyida mamlakatimiz Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT)ga a’zo bo‘ldi. Ushbu tuzilma bilan hamkorlik doirasida qanday natijalarga erishilmoqda?

– Bugun mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etishga doir chora-tadbirlar ko‘rildi. XMT rahbari Antonio Vitorino mamlakatimiz aholisining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va qilinayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.

O‘zbekistonning ushbu tashkilotga nisbatan yaqinda a’zo bo‘lishiga qaramasdan, XMT bilan hamkorlikda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Mamlakatimizda XMTning 12 ta loyihasi amalga oshirilgan bo‘lib, ular doirasida 5 mingdan ortiq odam savdosi qurboni va og‘ir ahvolda qolgan muhojirga yordam ko‘rsatildi. O‘tgan yili XMT bilan imzolangan ikki tomonlama bitim tashkilotning Toshkentda vakolatxonasini ochish va u bilan bevosita aloqalarni yanada kengaytirish uchun huquqiy zamin yaratdi.

– O‘zbekistonda parlamentning roli ortib borayotgani munosabati bilan parlament diplomatiyasi haqida ko‘proq so‘z yuritila boshlandi. Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish haqida nima deya olasiz?

– 2020 yilda ko‘p tomonlama parlament diplomatiyasi sezilarli darajada oshdi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning e’tirofi sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasi vitse-prezidenti etib tayinlandi, shuningdek, moliya bo‘yicha quyi qo‘mitaga rahbarlik qilmoqda.

Qonunchilik organlarining bunday nufuzli forumi faoliyatidagi ishtirok Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosini yanada samarali ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro parlamentlararo hamkorlikning global kun tartibini shakllantirishda faol qatnashishiga xizmat qiladi.

Parlament diplomatiyasi sohasidagi samaradorlikning muhim ko‘rsatkichi sifatida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Jenevaga uyushtirilgan muvaffaqiyatli tashrifini qayd etish mumkin. Mazkur tashrif davomida 15 ga yaqin rasmiy tadbir, shu jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Jahon intellektual mulk tashkiloti rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muloqotlar chog‘ida gender tengligi va munosib ish bilan ta’minlash, bolalar mehnatini bartaraf etish, migratsiyani tartibga solish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol raislarining 13-sammitida birinchi marta Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi delegatsiyaning ishtiroki tashkil etilganini mamnuniyat bilan ta’kidlash joiz. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblangan gender tengligiga erishish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.

Joriy yil O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy missiyasining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatining diqqat markazida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi loyihasini ilgari surish joy oladi.

– Respublikamizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ustuvor deb belgilandi. Mazkur jarayon ko‘p tomonlama savdo tizimiga yanada integratsiyalashish maqsadida mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu boradagi ishlarni yanada faollashtirish uchun qanday sa’y-harakatlar qilinmoqda?

– Qariyb 15 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston JSTga qo‘shilish jarayonini qayta boshladi. 2020 yil 7 iyul kuni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, muzokara jarayonida uzoq tanaffusdan so‘ng Ishchi guruh yig‘ilishi qayta tiklanishi natijasida O‘zbekistonning Faktologik rezyume (xulosa) darajasiga o‘tishi MDH hududida misli ko‘rilmagan holatdir. Odatda, ariza bergan mamlakatlarning bunga erishishi uchun bir necha yil vaqt ketadi.

Respublikaning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yanada jadallashtirish bo‘yicha kelgusi rejalar Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishlari, tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqishga doir ikki tomonlama muzokaralarni yuqori darajada tashkil etishni o‘z ichiga oladi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston va BMTning boshqa iqtisodiy tuzilmalari o‘rtasidagi samarali hamkorlikka ham e’tibor qaratmoqchiman.

Xususan, o‘tgan yil BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan munosabatlar samarali rivojlandi. Komissiya bilan hamkorlikda «Barqaror taraqqiyot uchun innovatsiyalar» milliy sharhini tayyorlash loyihasi ishga tushirildi.

O‘zbekiston YEIK doirasida Xalqaro yuk tashish bo‘yicha bojxona konvensiyasiga qo‘shimcha ilova ishlab chiqish va qabul qilishda faol ishtirok etdi. Mazkur ilova xalqaro yuk tashishni qog‘oz hujjatlarsiz amalga oshirish uchun huquqiy asos bo‘ladigan XYQ daftarchasi (TIR karneti)ni qo‘llashga ruxsat beradi.

O‘zbekiston BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo‘yicha maxsus dasturi (SPECA)dagi ishtirokini sezilarli tarzda faollashtirdi. Mazkur dastur doirasida mintaqamiz mamlakatlari bilan iqtisodiyot, savdo, atrof-muhit muhofazasi va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda. 2021 yil Toshkent SPECAga raislikni o‘z zimmasiga oladi.

Respublikaning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning UNCTAD Bosh kotibi Mukisa Kitui bilan uchrashuvi samarali bo‘ldi.

2020 yil BMTning Jenevadagi vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida O‘zbekistonga 93 million dollardan ortiq qiymatdagi texnik ko‘mak mablag‘lari jalb etildi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun minnatdorlik bildirgan holda, vakolatxonaning istiqboldagi rejalari haqida gapirib berishingizni so‘raymiz.

– Joriy yil O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakilatxonasining faoliyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan asosiy vazifalarni bajarish, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus va bayonotlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir «Yo‘l xaritasi»da ko‘zda tutilgan ishlarni amalga oshirishga qaratiladi.

Jenevada faoliyat yuritadigan 40 ga yaqin xalqaro va 250 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot bilan bevosita aloqalarni yanada mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda amaliy natijalarga erishishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, joriy yil turli darajadagi 60 dan ortiq tadbir o‘tkazib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.

/«Дунё» АА/.