Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

ELEKTRON TIJORAT TO’G’RISIDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
ELEKTRON TIJORAT TO'G'RISIDA

O’zbekiston Respublikasining Qonuni

(yangi tahriri)

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Elektron tijorat to’g’risidagi qonun hujjatlari

Elektron tijorat to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston Respublikasining elektron tijorat to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

3-modda. Elektron tijorat

Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga (bundan buyon matnda elektron tijoratdagi shartnoma deb yuritiladi) muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi elektron tijoratdir.

4-modda. Elektron tijoratning asosiy prinsiplari

Elektron tijoratning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

elektron tijoratda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish erkinligi;
elektron tijoratda shartnomalar tuzishning ixtiyoriyligi;
elektron tijoratda ishtirok etish shart-sharoitlarining tengligi;
elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi.

5-modda. Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosati

Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosati elektron tijoratni rivojlantirish uchun huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy va boshqa shart-sharoitlar yaratishga yo’naltirilgandir.

Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat:

elektron tijorat vositasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish;
elektron tijorat vositasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik sohasiga investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va jihozlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini ularning elektron tijorat sohasidagi faoliyati uchun zarur bo’lgan huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnikaviy va boshqa axborot bilan ta’minlash;
elektron tijorat sohasidagi ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarni rag’batlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
elektron tijorat sohasidagi xalqaro hamkorlik.

6-modda. Elektron tijorat sohasini davlat tomonidan tartibga solish

Elektron tijorat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u elektron tijorat sohasida maxsus vakolat bergan davlat organi (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi) amalga oshiradi.

7-modda. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining elektron tijorat sohasidagi vakolatlari

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
elektron tijorat sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
davlat organlarining elektron tijorat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
elektron tijorat sohasidagi xalqaro hamkorlikni ta’minlaydi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

8-modda. Maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari

Maxsus vakolatli davlat organi:

elektron tijorat sohasidagi davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
boshqa manfaatdor davlat organlari va o’zga tashkilotlar bilan birgalikda, o’z vakolatlari doirasida elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
elektron tijoratni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo’yicha takliflar ishlab chiqadi;
elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko’radi;
elektron tijorat to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishda va ularning ijrosini ta’minlashda ishtirok etadi;
elektron tijorat sohasidagi tadqiqotlarni va monitoringni tashkil etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

9-modda. Elektron tijoratdagi elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning yuridik kuchi

Elektron tijoratdagi elektron hujjatlar, shuningdek elektron shaklda qayd etilgan, yuboruvchisini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan axborot (bundan buyon matnda elektron xabarlar deb yuritiladi) o’z qo’li bilan imzolangan qog’ozdagi hujjatlarga tenglashtiriladi va ulardan bitimlar tuzilganligining dalili sifatida foydalanilishi mumkin.

Elektron tijoratdagi shartnoma faqat axborot tizimlaridan foydalanilgan holda tuzilganligiga asoslanib haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.

Elektron tijoratda oferta elektron hujjat tarzida tuziladi.

Elektron tijorat ishtirokchisining oferta qabul qilinganligi to’g’risidagi javobi (aksept) elektron hujjat yoki elektron xabar tarzida yoxud ofertada ko’rsatilgan shartlarni bajarish bo’yicha harakatlarni sodir etish yo’li bilan amalga oshirilishi mumkin.

10-modda. Elektron tijorat ishtirokchisi

Elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi yoki ularning xaridori bo’lgan yuridik yoki jismoniy shaxs elektron tijorat ishtirokchisidir.

Elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanadi.

Elektron tijoratda ishtirok etish, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, uning ishtirokchisiga nisbatan axborot tizimlaridan foydalanmasdan amalga oshirilayotgan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan qo’shimcha talablar yoki cheklovlar belgilanishi uchun asos bo’la olmaydi.

11-modda. Elektron tijorat ishtirokchisining huquq va majburiyatlari

Elektron tijorat ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:

elektron tijorat maqsadida ishlab turgan axborot resurslarida ofertani joylashtirish (taklif etish);
elektron tijoratdagi shartnomalarni tuzish yo’li bilan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish yoki olish;
elektron hujjatlar va elektron xabarlarni axborot vositachilariga saqlash uchun topshirish.

Elektron tijorat ishtirokchisi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi:

elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda raqobat to’g’risidagi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
qonun hujjatlariga muvofiq elektron hujjatlar va elektron xabarlarning saqlanishini ta’minlashi;
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi shart.

Elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo’lishi va uning zimmasida o’zga majburiyatlar bo’lishi mumkin.

12-modda. Axborot vositachisi

Elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog’liq xizmatlar ko’rsatuvchi yuridik shaxs axborot vositachisidir.

Axborot vositachilari jumlasiga quyidagilar kiradi:

elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlari aylanishi bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari;
elektron tijorat ishtirokchilarining to’lov tizimlaridan foydalanilishini va to’lovlar o’tkazilishini ta’minlash bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi banklar;
elektron yarmarkalar, kimoshdi savdolari va tanlovlar tashkil etilishini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlarini saqlash bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi yuridik shaxslar.

Axborot vositachilari jumlasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yuridik shaxslar ham kiritilishi mumkin.

13-modda. Axborot vositachisining huquq va majburiyatlari

Axborot vositachisi quyidagi huquqlarga ega:

o’z vakolati doirasida shartnoma asosida elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog’liq xizmatlar ko’rsatish;
elektron tijorat ishtirokchilariga ko’rsatiladigan xizmatlar shartlarini belgilash.

Axborot vositachisi:

elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi;
o’zining to’liq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, ko’rsatiladigan xizmatlar, ularni ko’rsatish shartlari va qiymatlari (tariflari) haqidagi axborotni elektron tijorat ishtirokchilariga oshkor qilishi;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini, ulardan foydalanish tartibini o’zgartirmasligi (bundan elektron tijorat ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno);
elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni hamda shaxsga doir ma’lumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish chora-tadbirlari bilan ta’minlashi;
elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni uchinchi shaxslarga yubormasligi (bundan qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno) shart.

Elektron tijorat ishtirokchilarining axborot vositachisi orqali yuborilayotgan elektron hujjatlari va elektron xabarlari mazmuni bilan bog’liq bo’lgan huquqiy oqibatlar uchun axborot vositachisi javobgar bo’lmaydi.

Axborot vositachisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo’lishi va uning zimmasida o’zga majburiyatlar bo’lishi mumkin.

14-modda. Elektron tijoratdagi shartnoma shartlari

Elektron tijoratdagi shartnoma shartlari qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo’lishi kerak.

Elektron tijoratdagi shartnoma unga hamma foydalanishi mumkin bo’lgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yo’li bilan kiritiladigan alohida shartlarni o’z ichiga olishi mumkin. Bu holda elektron hujjatni joylashtirgan elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan muddat mobaynida undan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlashi, bu muddat o’tganidan keyin esa mazkur elektron hujjatning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda saqlanishini ta’minlashi shart.

15-modda. Elektron tijoratdagi shartnomani tuzish va bajarish

Elektron tijoratdagi shartnoma akseptni amalga oshirish yo’li bilan:

elektron hujjat tarzida;
elektron xabar tarzida;
ofertada ko’rsatilgan shartlarni bajarish bo’yicha harakatlarni sodir etish orqali tuzilishi mumkin.

Elektron tijoratdagi shartnoma ofertani yuborgan elektron tijorat ishtirokchisi tomonidan ofertaning aksepti olingan paytdan e’tiboran tuzilgan deb e’tirof etiladi.

Elektron tijoratdagi shartnomani bajarish bilan bog’liq hujjatlar elektron hujjat tarzida yoki qog’ozda rasmiylashtirilishi mumkin.

16-modda. Elektron tijoratda ofertaga qo’yiladigan talablar

Elektron tijoratda oferta:

oferta qiluvchi elektron tijorat ishtirokchisining to’liq nomini;
oferta qiluvchi elektron tijorat ishtirokchisining pochta va elektron manzilini;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning mavjudligi to’g’risidagi ma’lumotlarni (litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning raqami, amal qilish muddati, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishga vakolatli organning nomi);
elektron tijoratdagi shartnomani tuzish tartibini;
elektron tijoratdagi shartnoma shartlarini kelishib olish chog’ida unga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish imkoniyati hamda tartibini;
akseptni yuborish va chaqirib olish tartibini;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish va ularga haq to’lash shartlarini, shuningdek ular uchun taklif etilayotgan narxlarni (tariflarni);
hamma foydalanishi mumkin bo’lgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yo’li bilan shartnomaga kiritiladigan shartlarga taalluqli qaydlarni o’z ichiga olgan bo’lishi kerak.

Elektron tijoratda oferta qonun hujjatlariga muvofiq boshqa axborotni ham o’z ichiga olishi mumkin.

17-modda. Elektron tijoratda davlat xaridlari va korporativ xaridlarni amalga oshirish

Elektron tijorat doirasidagi davlat xaridlari va korporativ xaridlarni tashkil etish hamda o’tkazish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

18-modda. Elektron tijoratda shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish

Agar taraflarning kelishuvida va (yoki) qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, elektron tijoratda shaxsga doir ma’lumotlardan shartnoma maqsadidan o’zga maqsadlarda foydalanish hamda ularni uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi.

Shaxsga doir ma’lumotlardan ofertani va (yoki) reklamani tarqatish, shu jumladan elektron hujjatlarni yoki elektron xabarlarni ommaviy tarzda yuborish orqali tarqatish uchun ushbu ma’lumotlar egasining roziligisiz foydalanishga yo’l qo’yilmaydi.

19-modda. Nizolarni hal etish

Elektron tijorat sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

20-modda. Elektron tijorat to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Elektron tijorat to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi.

O’zbekiston Respublikasining Qonuni

“Elektron tijorat to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2015 yil 17 aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015 yil 15 mayda ma’qullangan

1-modda. O’zbekiston Respublikasining 2004 yil 29 aprelda qabul qilingan «Elektron tijorat to’g’risida»gi 613–II-sonli Qonuniga (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004 yil, № 5, 82-modda) o’zgartish va qo’shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo’lgan o’z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko’rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O’zbekiston Respublikasining Prezidenti
I. KARIMOV

Toshkent shahri,
2015-yil 22-may
№ O’RQ—385