Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi shakllantirildi, maʼmuriy funksiyalarni nomarkazlashtirish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining maʼmuriy kengashlari (keyingi oʻrinlarda – maʼmuriy kengashlar) vakolatlarini kengaytirish orqali ularning faoliyatini boshqarish mexanizmi soddalashtirildi.

Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va faoliyat koʻrsatish amaliyotini oʻrganish ularning samarali faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolar va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Xususan, maʼmuriy kengashlar va erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari faoliyatining yetarlicha samarali emasligi, shuningdek, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining sust rivojlanganligi investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishga toʻsqinlik qilmoqda va erkin iqtisodiy zonalarning salohiyatli investorlar uchun jozibadorligini pasaytirmoqda.

Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirishda davlat boshqaruvi organlari funksiyalarining takrorlanishi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal qilishning kechikishiga olib kelmoqda.

Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada soddalashtirish, investitsiyalar jalb qilish uchun sharoitlarni yaxshilash, investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishni taʼminlash, shu asosda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida:

1. Belgilansinki:

investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer maydonlari ajratish, tuman (shahar) hokimining yer maydonlarini ajratish toʻgʻrisidagi alohida qarorisiz, maʼmuriy kengashlarning investitsiya loyihalarini tanlash va amalga oshirish uchun erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish toʻgʻrisidagi bayonnomalari bilan rasmiylashtiriladi;

erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirishning sharti sifatida faoliyat boshlanganidan keyin ikkinchi moliyaviy yili yakunlariga koʻra ikki yil davomida yillik ishlab chiqarilgan mahsulotning 25 foizidan kam boʻlmagan, keyingi yillarda 50 foizdan kam boʻlmagan miqdorda eksport qilish belgilanadi. Mazkur shartlar bajarilmagan taqdirda, tadbirkorlik subyektining erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi hamda avval taqdim etilgan imtiyozlar bekor qilinadi;

erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha maʼmuriy kengashlar tomonidan qarorlar biznes-rejalar va texnik-iqtisodiy asoslarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” (keyingi oʻrinlarda – Markaz) DUKning ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda qabul qilinadi;

Markazning amalga oshirilayotgan loyihalar biznes-rejalari yoki ularning texnik-iqtisodiy asosnomalari boʻyicha xulosalar berish muddatlari yigirma kalendar kunidan oshmasligi lozim;

maʼmuriy kengashlar tomonidan ishlab chiqarish loyihalarini erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalarini koʻrib chiqish muddati Markaz tomonidan xulosa berish jarayoni bilan birga oʻttiz kalendar kunidan oshmasligi lozim;

erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan bojxona imtiyozlari qoʻllangan holda import qilingan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi tovarlar roʻyxatini har tomonlama ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha Markazning ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi;

tovarlar roʻyxatini har tomonlama ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha Markazning xulosa berish muddati oʻn besh kalendar kunidan oshmasligi lozim;

erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilariga berilgan imtiyozlar faqat erkin iqtisodiy zonalar hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga tatbiq etiladi;

erkin iqtisodiy zonalarning bosh rejalari maʼmuriy kengashlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarining direktorlarini tayinlash va lavozimidan ozod etish maʼmuriy kengashlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har chorakda direksiya rahbarlarining maʼqullangan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi boʻyicha hisobоtlarini eshitadi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini eng yaxshi jahon tajribasiga asoslangan holda takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin:

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUKning tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirib, uning balansiga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini davlat ulushi sifatida, shuningdek, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasining barcha yer maydonlarini doimiy foydalanish huquqi asosida berish;

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi tomonidan erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga, shu jumladan, marketing, konsalting, logistika, kommunal-maishiy, mehmonxona, taʼlim, sugʻurta va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatish;

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida soddalashtirilgan viza rejimi va xodimlarni, shu jumladan, chet el fuqarolarini ishga yollash tartibini joriy qilish;

erkin iqtisodiy zona qatnashchilari uchun litsenziya va ruxsatnoma olishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish. Bunda “Navoiy”
erkin iqtisodiy zonasi direksiyasiga qatnashchini kuzatish va talabgorning malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlash vakolati beriladi;

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi loyihalarni joylashtirish shartlarini bajarmagan taqdirda u bilan tuzilgan shartnomani faqatgina sud tartibida bekor qilish tartibini oʻrnatish;

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida chet el fuqarolari uchun qulay yashash va mehnat sharoitlarini yaratish.

3. Quyidagilar:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga:

investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni erkin iqtisodiy zonalar hududiga jalb qilish;

erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish;

erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirishga toʻsqinlik qilayotgan sabablarni aniqlab, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish choralarini koʻrgan holda, loyihalarning bajarilishi va ishtirokchilar faoliyati samaradorligi ustidan doimiy monitoring olib borish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga:

investorlarni jalb qilish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar hududida zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, muhandislik-transport infratuzilmasi, ijtimoiy-maishiy va madaniy-jamoatchilik obyektlar bilan taʼminlanganlik darajasini yaxshilash;

erkin iqtisodiy zonalarning ixtisoslashuvi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi rolini belgilash va shu asosda loyihalarni tanlab olishning aniq mezonlarini, berilayotgan imtiyozlar hamda davlat koʻmagining boshqa shakllarini belgilash;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

maʼmuriy kengashlar va erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish;

erkin iqtisodiy zonalar hududida loyihalarni amalga oshiruvchi investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotni eksportga yetkazib berishni koʻpaytirish maqsadida qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish;

erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari faoliyati ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlariga hamda erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini taʼminlamagan rahbarlarga nisbatan javobgarlik choralarini koʻrish toʻgʻrisida takliflar kiritish;

erkin iqtisodiy zonalarning ishtirokchisi maqomini toʻxtatish yoki bekor qilish, maʼmuriy kengashlar, erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari yoki boshqa organlar va tashkilotlarning investorlar tomonidan oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmagani toʻgʻrisidagi taqdimnomalari asosida maʼmuriy kengashlarning xoʻjalik yurituvchi subyektlarni erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish boʻyicha qarorlarini bekor qilish;

g) Iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi boʻlinmalariga:

erkin iqtisodiy zonalarning rivojlanishi va faoliyat koʻrsatishi, ularning hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish yuzasidan vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amaliy yordam koʻrsatish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishni taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli boʻlinmalari rahbarlarining, shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari birinchi rahbarlarining mazkur Farmonda belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan hisobоtlarini har chorakda eshitish boʻyicha javobgarlik yuklansin.

4. Erkin iqtisodiy zonalar direksiyalariga oʻz hududlarining bosh rejalari va arxitektura-rejalashtirish ishlarini ishlab chiqishda buyurtmachi sifatida ishtirok etish huquqi berilsin.

5. Quyidagilar:

2019 yilda erkin iqtisodiy zonalarning avtomobil yoʻllari, suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va taʼmirlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining yangilangan namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi:

a) Iqtisodiyot vazirligi bilan birga 2019 yilning 1 apreliga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin:

erkin iqtisodiy zonalarning ixtisoslashuvi, investitsiya loyihalarini tanlab olishning aniq mezonlari, berilayotgan imtiyozlar
va davlat koʻmagining boshqa shakllarini belgilash;

investorlarni jalb qilish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar hududida zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, muhandislik-transport infratuzilmasi, ijtimoiy-maishiy va madaniy-jamoatchilik obyektlar bilan taʼminlanganlik darajasini yaxshilash;

erkin iqtisodiy zonalarning boshqarish tizimini, shu jumladan, direksiyalar faoliyatini tashkil etishda yagona standartlarni belgilash, koʻrsatilayotgan xizmatlarning roʻyxatini kengaytirish, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarini tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy kompaniyalarga ishonchli boshqaruvga berish yoʻli bilan takomillashtirish;

b) Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Maʼmuriy kengashlar va erkin iqtisodiy zonalarning direksiyalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash boʻyicha hukumat qarori loyihasini kiritsin, unda erkin iqtisodiy zonalarning vazirlik, idoralar, tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibini nazarda tutsin;

v) maʼmuriy kengashlar va erkin iqtisodiy zonalarning direksiyalari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalarini qaytargan holda, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bilan yerdan foydalanish shartnomalarini qayta koʻrib chiqish yoki qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish hisobiga yerdan oqilona foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish;

erkin iqtisodiy zonalarning belgilangan muddatlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni boshlamagan ishtirokchilari bilan kelishuvlarni bekor qilish;

qisqa muddatlarda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni hisobga olib, qoloq loyihalar boʻyicha tarmoq jadvallarini tuzishni taʼminlasin;

g) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

buyurtmachilar tomonidan birlamchi maʼlumotlarni Internet tarmogʻi orqali raqamli imzodan foydalangan holda kiritish, shuningdek, loyihalarni muayyan mezonlar asosida qatʼiy belgilangan aniq avtomatik algoritm boʻyicha baholash imkonini beradigan, erkin iqtisodiy zonalar hududida loyihalarni amalga oshirish uchun arizalarni maʼmuriy kengashlar tomonidan koʻrib chiqishning elektron tizimini;

erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining ishlab chiqarish quvvatlarini oʻz vaqtida ishga tushirishi, mahsulotlarni eksport qilishi, yangi ish oʻrinlari yaratishi hamda investitsiyaviy majburiyatlarni bajarishi ustidan tezkor nazorat olib borish imkonini beruvchi erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini;

mazkur Farmon talablari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3356-son qarori 12-bandi talablarini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi erkin iqtisodiy zonalari yagona portalining yangilangan versiyasini ishlab chiqsin va joriy etsin;

d) Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 martiga qadar erkin iqtisodiy zonalar boʻyicha qabul qilingan qonunchilik bazasini xatlovdan oʻtkazsin va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin va unda ushbu Farmon qoidalari hamda keyinchalik oʻz kuchini yoʻqotadigan Oʻzbekiston Respublikasining “Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuni normalarini nazarda tutsin;

ye) Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirishni nazarda tutsin;

7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

bir oy muddatda erkin iqtisodiy zonalar uchun infratuzilmalarni barpo etish boʻyicha hukumat qarorlarining amaliy ijrosini tahlil qilsin, zarur hollarda, moliyalashtirish koʻrsatkichlari va manbalarini qayta koʻrib chiqsin hamda har bir erkin iqtisodiy zona kesimida Infratuzilmani jadal rivojlantirish dasturini tasdiqlasin;

ikki oy muddatda har bir erkin iqtisodiy zona boʻyicha muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini bosqichma-bosqich qurish tarmoq grafiklarini tasdiqlasin, ularning ishlab chiqarish obyektlarini qurish va ishga tushirish muddatlari bilan bogʻlanishini taʼminlasin.

8. Quyidagilar zimmasiga:

Iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidovaga – vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining erkin iqtisodiy zonalarning rivojlanishi va ishlashi, shuningdek, ularning hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari D.R.Liga – Markaz tomonidan erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshiriladigan loyihalarning biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslari boʻyicha xulosalar oʻz vaqtida berilishi;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi rahbarlari S.R.Xolmuradov, S.X.Bekenov, L.Sh.Qudratovga – maʼmuriy kengashlar tomonidan erkin iqtisodiy zonalar hududida ishlab chiqarishni joylashtirish uchun investitsiya buyurtmalarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va investitsiya loyihalarini erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish boʻyicha qarorlar oʻz vaqtida qabul qilinishi;

Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X.Saliyevga, “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi U.M.Mustafoyev, “Oʻztransgaz” AJ boshqaruvi raisi B.B.Eshmuradov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bosh menejeri-muhandisi X.N.Xasilov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar hokimlariga – tashqi infratuzilmalarni qurish va ularga erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining ulanishi hamda ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv hamda tashqi kanalizatsiya tarmoqlari bilan uzluksiz taʼminlanishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bir oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlari B.M.Mavlonov va G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 21 dekabr

www.uza.uz