FUMIXIKO KATO: O‘ZBEKISTON MINTAQADA TINCHLIK, XAVFSIZLIK VA BARQARORLIKNI MUSTAHKAMLASHGA KATTA HISSA QO‘SHMOQDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik ruhida izchil rivojlanmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida hamkorlik ko‘lami va yo‘nalishlari yil sayin kengayib borayotgani ham buning tasdig‘idir.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24-yilligi bayrami munosabati bilan O‘zA muxbiri Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Fumixiko KATO bilan suhbatlashdi.
– Janob elchi, suhbatimiz O‘zbekiston mustaqilligining 24-yilligi arafasida o‘tmoqda. O‘tgan yillar davomida mamlakatimiz erishgan yutuqlar haqida nima deya olasiz?
– O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan o‘z tanlagan yo‘lidan og‘ishmay bormoqda va ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Davlatingiz mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda, shu tariqa mintaqadagi osoyishtalik va farovonlikka ulkan hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonda jamiyatni demokratlashtirish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish maqsadida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yaponiya bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor.
– Sizningcha, O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligining qaysi yo‘nalishlari ustuvor hisoblanadi?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2002-yil may oyida Yaponiyaga tashrifi davomida imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot, 2003-yilda havo qatnovi sohasida va 2008-yilda investitsiyalar to‘g‘risida qabul qilingan bitimlar ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yaponiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yil Yaponiyadan O‘zbekistonga 17 milliard 790 million iyen miqdorida mahsulotlar, asosan, avtomobillar va rezina buyumlari eksport qilingan. O‘zbekistondan Yaponiyaga eksport hajmi esa 2 milliard 910 million iyenni tashkil etgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Yaponiyaning 17 kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda ikki mamlakat iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitalarining o‘n ikki qo‘shma majlisi va to‘rtta biznes-forumi o‘tkazilganini ta’kidlashni istardim. Shuningdek, O‘zbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash masalalari bo‘yicha ham hamkorlik qilinmoqda.
– Yaponiya biznes tuzilmalarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy loyihalarda ishtiroki haqida ham so‘zlab bersangiz.
– Mintaqada yirik davlat sifatida muhim geosiyosiy o‘ringa ega O‘zbekistonning izchil rivojlanib borayotgani Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yaponiya hukumati O‘zbekiston mustaqillikka erishgan 1991-yildan boshlab, mamlakatingizning bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
So‘nggi yillarda beg‘araz yordam ko‘rsatish va texnik hamkorlik loyihalarini amalga oshirishdan tashqari katta hajmda kreditlar taqdim etilayotir. Navoiy issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi, energetika sektoriga oid loyihalar, Amu-Buxoro kanali tizimini qayta tiklash loyihasini moliyalashtirish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, shu yilning iyul oyida «Isuzu Motors» kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodiga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etishga qaror qildi. Ilgari kompaniya texnologiyalar va brendni taqdim etgan bo‘lsa, endi zavod ustav kapitalidagi 8 foiz ulushni sotib olish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Yaponiya hukumati bundan buyon ham xususiy kompaniyalarning O‘zbekistonda biznes-loyihalarni amalga oshirishini va kengaytirishini qo‘llab-quvvatlaydi.
– Turizm, madaniyat va ta’lim sohasidagi hamkorlik xususida ham so‘zlab bersangiz.
– Turizm mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati keng taqdim etilmoqda. Mamlakatingizga kelayotgan yaponiyalik sayyohlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda.
Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligining o‘quv dasturlari hamda «Taraqqiyotga rasmiy ko‘mak» dasturi bo‘yicha O‘zbekistondan Kunchiqar mamlakatga talabalar yuborilmoqda. Universitetlar o‘rtasida ham ilmiy hamkorlik faollashmoqda. Joriy yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yapon tili birinchi xorijiy til sifatida o‘qitila boshlashi bizga mamnuniyat yetkazmoqda.
Madaniyat sohasida esa O‘zbekiston-Yaponiya markazi samarali faoliyat yuritmoqda. Yaponiya elchixonasi har yili choy marosimlari va kinofestivallar o‘tkazib, Kunchiqar mamlakatning madaniyati bilan tanishtirish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, shu yilning 9-sentabridan 3-oktabrigacha O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida yapon qo‘g‘irchoqlari ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
– O‘zbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz.
– Yaponiya hukumati nomidan O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 24-yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro anglashuv asosida qaror topgan do‘stona munosabatlar bundan buyon ham rivojlanib, xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilishiga ishonaman. O‘zbekiston va uning do‘st xalqiga chin qalbimdan tinchlik, osoyishtalik va farovonlik tilayman.
O‘zA