FUQAROLAR YIG’INLARI SAYLOV JARAYONIDA FAOL QATNASHMOQDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo’yicha Respublika matbuot markazida “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish davrida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida mahallalarda targ’ibоt tadbirlarini tashkil etish va o’tkazish yuzasidan respublika seminari bo’lib o’tdi.
Videokonferensaloqa shaklida uyushtirilgan tadbirda Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi, “Kamolot” YOIH, “Nuroniy” jamg’armasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Respublika Ma’naviyat targ’ibоt markazi, Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Matbuot va axborot agentligi, Milliy axborot agentligi — O’zA, “Jahon” axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya, Markaziy saylov komissiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi xodimlari, fuqarolar yig’inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi M. Abdusalomov, “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi J. Inog’omov va boshqalar mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, yurtimiz hayotining barcha jabhasini tubdan yangilash hamda modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida fuqarolarning o’z xohish-irodasini erkin bildirish, saylash va saylanish bo’yicha konstitutsiyaviy huquqlari to’liq ta’minlanib kelinayotgani, xalqaro demokratik standartlarga to’la mos bo’lgan saylov tizimi yaratilganligini alohida ta’kidlashdi.
Jamiyatimiz siyosiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotining ajralmas bir qismi sifatida mahalla institutining huquqiy asoslarini yaratish, ularni zamon talabiga mos holda takomillashtirish ham doimiy e’tiborda bo’lib kelmoqda. Pirovardida esa bugungi kunda fuqarolar yig’inlari tomonidan ilgari mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqli bo’lgan 30 dan ziyod vazifalar muvaffaqiyatli tarzda bajarib kelinayotir. Jumladan, mahallalar tomonidan aniq yo’naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish hamda davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish yo’nalishlaridagi ishlar samarali davom ettirilayapti.
— Mahallamizda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o’tkazuvchi 531-saylov uchastkasi tuzilgan bo’lib, bu yerda barcha qulaylik yaratilgan, — deydi Shayxontohur tumanidagi “Suzukota” mahalla fuqarolar yig’ini raisi S. Tursunov. — Hududimizdagi 3 ming nafarga yaqin saylovchining 1250 nafarini yoshlar tashkil etadi, birinchi marta ovoz berayotganlar esa 58 kishidan iborat. Ularning saylov huquqini to’la ro’yobga chiqarish uchun alohida tayyorgarlik ko’rildi. Ona va bola hamda tibbiyot xonalari tashkil etildi. Ayni chog’da kasalligi va boshqa uzrli sabablarga ko’ra, saylov uchastkasiga kelolmaydigan saylovchilarning ro’yxati shakllantirildi. Umuman, mamlakatimiz hayotidagi ushbu ijtimoiy-siyosiy tadbirga puxta hozirlik ko’rilmoqda. Maqsadimiz saylovni umume’tirof etilgan xalqaro andozalar darajasida o’tkazishdan iboratdir.
Seminarda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 7-oktabrda tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo’yicha o’tkaziladigan tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida mahallalarda keng ko’lamli ishlar amalga oshirilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, fuqarolarga istiqlol yillarida yaratilgan milliy saylov tizimi, shuningdek, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi Qonun, unga so’nggi yillarda kiritilgan o’zgartish va qo’shimchalar mazmun-mohiyati, shu jumladan, saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquqlari va erkinliklari atroflicha tushuntirilmoqda.
— Saylovga tayyorgarlik ko’rish davrida aholining huquqiy va saylov madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan tashviqot ishlari izchil olib borilmoqda, — deydi Ellikqal’a tumanidagi “Tozabog’” ovul fuqarolar yig’inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchisi A. Boboyeva. — Yig’inimiz binosida 570-saylov uchastkasi joylashgan bo’lib, jami 2891 nafar saylovchi, jumladan, birinchi marta ovoz beradigan 89 nafar yigit-qiz ro’yxatga olindi. Ularning saylov jarayonidan xabardorlik darajasini yanada oshirish doimiy e’tiborimizda. Bo’lib o’tgan videokonferensaloqa tarzidagi seminar bu boradagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishda ayni muddaodir. Negaki, biz tadbir asnosida oldimizdagi dolzarb vazifalarni o’zimiz uchun yana bir bor belgilab oldik.
Tadbirda jamiyatni yanada yangilash va demokratlashtirish fuqarolar saylov huquqi amalga oshirilishi bilan uzviy bog’liq ekanligi qayd etildi. Shu bois saylov jarayoni barcha bosqichidan saylovchilarning xabardor bo’lishi, ularning huquqiy madaniyatini, jumladan, aholining ijtimoiy faolligini oshirish muhim hisoblanadi. Bu esa ularning saylov to’g’risidagi qonun hujjatlariga to’laqonli rioya etishlari va saylov kuni o’z xohish-irodalarini erkin ifodalashlarini ta’minlaydi.
— Mahallamizda 1860 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi Boyovut tumanidagi “Sohil” mahalla fuqarolar yig’ini raisi M. Turdimurodov. — Shundan 1243 nafari Prezident saylovida ovoz beradi. Ulardan 29 nafari birinchi bor ovoz beradigan yoshlar hisoblanadi. Saylov uchastkamiz Boyovut qishloq xo’jaligi kasb-hunar kolleji binosida joylashgan. Bu yerda mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy tadbirni yuksak saviyada o’tkazish uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Yaqinda hududimizdagi 88-saylov uchastkasida olib borilayotgan ishlar ko’rgazmali seminar orqali tumandagi uchastka saylov komissiyalari a’zolariga namuna tarzida tanishtirildi. Shu o’rinda mahallamiz faollari saylov jarayoni bilan bog’liq ishlarda hamda saylovchilarning huquqiy madaniyati va ijtimoiy faolligini oshirishda uchastka saylov komissiyasi a’zolariga yaqindan ko’maklashayotganligini aytish zarur.
Saylovga tayyorgarlik ko’rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida mahallalarda targ’ibоt tadbirlarini tashkil etish va o’tkazish bo’yicha chora-tadbirlar rejasiga binoan, aholining huquqiy va saylov madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tashviqot ishlari izchillik bilan olib borilayotgani ham seminar ishtirokchilarining diqqat-e’tiborida bo’ldi. Bundan tashqari, ularning saylov jarayonidan xabardorlik darajasini yanada oshirish maqsadida mahallalarda “Men shaxsan o’zim ovoz beraman!”, “Bizning oilamizda har birimiz o’z ovozimizga egamiz!”, “Mening ovozim Vatan kelajagiga daxldor!”, “Saylovchilar ro’yxatida bormisiz?” degan mavzularda targ’ibоt tadbirlari o’tkazilmoqda.
— Mahallamizda saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo’yicha keng ko’lamli ishlar olib borilayapti, — deydi Andijon shahridagi “Namuna” mahalla fuqarolar yig’ini faoli Sh. Mirzayeva. — Xususan, turli targ’ibоt tadbirlari o’tkazilmoqda. Bu esa hududimizda istiqomat qilayotgan 1800 nafar saylovchining huquqiy bilimini yanada yuksaltirish imkonini berayotir. Ayniqsa, saylovda birinchi marta ishtirok etayotgan 16 nafar yigit-qizning saylov jarayonidagi faolligini ta’minlashda targ’ibоt va tashviqot ishlarining ahamiyati katta bo’lmoqda. Hududimizda joylashgan 96-saylov uchastkasida barcha shart-sharoit muhayyo qilingan.
Seminarda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha amalga oshiriladigan tadbirlarda fuqarolar yig’inlari xodimlari va jamoatchilik komissiyalarining o’rni, uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etishda mahalla faollarining roli kabi masalalar batafsil tahlil qilindi. Ayni chog’da tayyorgarlik bosqichida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo’yicha mahallalarda targ’ibоt tadbirlarini aholi o’rtasida, oilalarda izchil davom ettirish yuzasidan zarur fikr-mulohazalar bildirildi.
— Fuqarolar yig’inlari mavqyei izchil oshirilayotgani ularning siyosiy jarayonlardagi o’rnini mustahkamlash barobarida, shu hududda istiqomat qilayotgan aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, — deydi o’uzor tumanidagi “Zarbdor” qishloq fuqarolar yig’ini raisi R. Jonquvvatova. — Yig’inimizda 40 nafardan ziyod faollar bevosita aholi bilan ishlaydi. Shulardan 18 nafari uchastka saylov komissiyalari tarkibida faoliyat ko’rsatmoqda. Hududimizdagi 4 ta saylov uchastkasida 7 ming nafardan ortiq saylovchilar ro’yxatga olingan bo’lib, 239 nafari birinchi marta saylovda qatnashadi. Saylov uchastkalarining barchasida ona va bola hamda tibbiyot xonalari, ovoz berish joylari namunali tashkil etildi. Ayni paytda har bir xonadonga borib, saylovchilar ro’yxatini shakllantirishda uchastka saylov komissiyalariga ko’maklashayapmiz.
Seminarda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari, Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha respublika kengashi raisi A. Aripov so’zga chiqdi.