Gʻalaba bogʻi – jasorat, mardlik va matonat timsoli
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Mana bir necha kundirki, poytaxtimizda barpo etilgan Gʻalaba bogʻi, bu yerdagi “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi, uning ahamiyati yurtdoshlarimiz tilidan tushmayapti.
Zero, bu yodgorlik majmualarida oʻzbek xalqining jasorati, matonati, Vatani va oilasiga sadoqati tasvirlangan. Bu yodgorliklar mazmun-mohiyatini yana-da kengroq ochib berish maqsadida ularning mualliflari bilan suhbatlashdik.
“Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasini yaratish uchun oʻtkazilgan ijodiy tanlovda haykaltarosh Bahrom Norboyev loyihasi maʼqullangan edi.
– Aslida bu mavzudagi ijodiy ishni tayyorlashga kirishish yuqori masʼuliyatni, juda jiddiy yondashuvni talab etadi, – dedi haykaltarosh. – Ushbu yodgorlik majmuasini yaratish jarayonida jurnalist Alinazar Egamnazarovning “Yigirma milliondan biri” nomli kitobi, turli arxiv materiallarini puxta oʻrganib chiqishga alohida eʼtibor qaratdik. Zulfiya Zokirova hamda uning kelinlari oʻzbek ayolining sabru saboti, sadoqati, irodasi, matonati va jasoratining yorqin timsolidir. Maʼlum boʻlishicha, onaxon hatto umrining oxirgi nafasida ham eshikka ishora qilib, “Birontasiyam qaytmadi-ya...”, degan armon bilan dunyodan koʻz yumgan ekan. Urushdan qaytmagan oʻgʻillarining oʻrnini esa Zulfiya ayaning nevaralari bosdi. Oʻsha paytda norasta qolgan bolalar siymosini ham gavdalantirishga harakat qildik.
...Zulfiya aya, kelinu nevaralari atrofini qalqondek oʻrab turgan besh ustun. Ular urushga borib, oʻz onasi, oilasini balodan himoya qilayotgan besh oʻgʻilga ishoradek goʻyo.
– Urush chetlab oʻtgan xonadonning oʻzi topilmaydi yurtimizda, – dedi ushbu ijodiy ish muallifi, haykaltarosh Jasvand Annazarov. – Bu ustun-stellalarni yaratishda ularni oʻzbek xonadonlaridagi tokchalarga qiyoslashga harakat qildik. Ustunlar yon tarafdan frontdan kelgan uchburchak taxlamli xatlarni ham ifodalaydi. Har bir ustun tepasida tishlangan non urushdan qaytmagan oʻgʻillarga ishora. Shu yerning oʻzida xatlardan parchalar ham keltirilgan. Ularda jangchi oʻgʻillarning Vatani, onasi, yaqinlari, oilasini sogʻingani, barvaqt koʻz yumgan otasini eslagani, farzandlariga aytgan gaplari bitilgan.
Bogʻdagi general Sobir Rahimov haykali atrofidagi 14 askarning barchasi tarixiy shaxs – urushning qahramon shifokori Muqaddam Ashrapova, mergan Zebo Gʻaniyeva, pulemyotchi Shodi Shoimov kabi qahramonlarimizdir.
Bogʻ hududidagi Shon-sharaf muzeyidagi panno ham gʻoyat taʼsirli, gʻalabaga Oʻzbekistonning qoʻshgan hissasini toʻlaqonli ochib bergani bilan ahamiyatlidir.
– Ikkinchi jahon urushi yillarida erishilgan Gʻalabaga Oʻzbekiston munosib ulush qoʻshgan, – deydi tasviriy panno muallifi Alisher Aliqulov. – Bu jihatlar frontga yurtimizdan oziq-ovqat, paxta, gʻalla, kiyim-kechak va boshqa zaruriy mahsulot, ashyolarning yuborilishi, yurtimizga esa bolalar, urushdan jabr koʻrgan odamlar bilan birga qancha strategik korxonalarning, zavodlarning evakuatsiya qilinishida ham namoyon boʻladi. Asosiy chizgilarning muallifi boʻlsam-da, koʻlami gʻoyat katta boʻlgan ushbu ijodiy ishni yaratishda “Art-trio” studiyasi va boshqa rassomlar ham munosib hissa qoʻshdi. Oʻsha davrga oid materiallar, arxiv hujjatlari, fotosuratlar, ashyoviy buyumlar puxta oʻrganilgani ijodiy ish muvaffaqiyatining asosiy omili boʻldi, desak yanglishmaymiz.
Ha, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Gʻalaba bogʻi bizga mardlikdan, jasorat va matonatdan saboq beruvchi moʻtabar maskan boʻlib qolishi, shubhasiz.
UzA