GERMANIYA XALQARO KITOBLAR KO‘RGAZMASIDA O‘ZBEK NOSHIRLARI ISHTIROK ETDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

FRANKFURT-MAYN, 21 oktabr. Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida dunyoning eng yirik noshirlik va matbaa sanoati bo‘yicha «Frankfurter Buchmesse 2019» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Besh yuz yillik tarixga ega mazkur xalqaro ko‘rgazma 110 dan ortiq mamlakatdan kelgan 7,5 mingga yaqin qatnashchi va 300 mingdan ortiq kitob ixlosmandlarini jamladi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi “O‘zbekiston”, “O‘qituvchi” va G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari hamda “Mashhur Press” nashriyoti mahsulotlari ham namoyish qilindi.
O‘zbekiston bo‘lmasida mamlakatimizda o‘zbek, ingliz, nemis, rus va boshqa xorijiy tillarda chop etilgan badiiy, tarixiy, ilmiy-amaliy, madaniy va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi nashrlar ko‘rgazmaga qo‘yildi.
Tadbir doirasida yurtimiz noshirlari xorijiy hamkorlar va soha mutaxassislari bilan yangi aloqalar o‘rnatib, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi va qator kelishuvlarga erishdi.
Mazkur xalqaro kitoblar ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar juda sermahsul bo‘lib, uning natijasida dunyoning yetakchi matbaa uylari va nashriyotlari bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishish bilan bir qatorda kelgusi faoliyatimizda amalga oshirish lozim bo‘lgan yangidan-yangi chora-tadbirlarni aniqlashga ham zamin yaratdi, - deydi “Mashhur Press” nashriyoti badiiy muharriri A.Mamasoliyev. - Namoyish qilingan kitoblar ko‘pchilik xorijiy ishtirokchilar e’tiborini tortdi va ularda yurtimizga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi.
Ko‘rgazma doirasida o‘zbek adabiyoti, madaniy me’rosi va zamonaviy noshirlik sanoati bilan yaqindan tanishdik, - deydi “Kor kitap” nashriyoti vakili Aziz Kochyigit (Turkiya). - Ta’kidlash joizki, o‘zbek adabiyotini Turkiyada keng yoyishga katta qiziqish mavjud. Umid qilamizki, yaqin kelajakda o‘zbek noshirlari bilan hamkorlikda o‘zbek shoirlari, yozuvchilari va san’at vakillari asarlarini chop etamiz.
Frankfurt-Mayn shahrida bo‘lib o‘tgan an’anaviy kitob yarmarkasi nafaqat matbaachilik yo‘nalishi, balki siyosat, madaniyat va axborot-texnologiyalari sohalari vakillari uchun ham o‘zaro fikr almashish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga zamin yaratuvchi muhim maydoncha hisoblanadi. Tadbir doirasida turli davlat va xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari, ekspertlari, texnik xodimlari va tanqidchilari birgalikda 4 mingdan ortiq adabiy, madaniy va boshqa turli anjumanlar o‘tkazib, noshirlik bo‘yicha dunyo trendining asosiy yo‘nalishlarini belgiladi.
"Dunyo"