Germaniyada “O‘zbek milliy taomlari” kursi yo‘lga qo‘yildi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekistoning boy madaniyati, tarixi va urf-odatlarini Germaniyada keng targ‘ib qilish, nemis jamoatchiligini ular bilan yaqindan tanishtirish hamda shu orqali yurtimizga keluvchi sayyohlar sonini ko‘paytirish maqsadida Bonn shahri meriyasi va “Germaniya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati bilan hamkorlikda GFRning sobiq poytaxtida joylashgan Xalq amaliy maktabida “O‘zbek milliy taomlari” kursi yo‘lga qo‘yildi.
Muttasil o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan mazkur kursda Vatanimiz mehmondo‘stlik ana’analari va pazandachilik san’ati bilan qiziqqan nemis fuqarolari qatnashib, turli milliy taomlarimizni tayyorlashni o‘rganishlari mumkin.
Joriy yilning 7 iyun kuni o‘tkazilgan kursda 12 nafar ishtirokchi qatnashib, unda milliy taomlarimizdan somsa, lag‘mon va achchiq-chuchuk tayyorlash sirlari bilan yaqindan tanishdilar.
Kurs davomida nemis ishtirokchilarga, shuningdek, hozirgi kunda yurtimizni rivojlantirish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli amaliy ishlar, turizmni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda o‘zbek xalqi madaniyati, tarixiy shaharlari va urf-odatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Kurs yakunida barcha ishtirokchilar sayyoh sifatida O‘zbekistonga taklif etildi. Navbatdagi kurs sentabr oyida (yozgi ta’tilidan so‘ng) o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Tadbir davomida alohida ishtirokchilar quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdilar.
Kristina Bekenberg, yurist:
— Bugun biz “O‘zbek milliy taomlari” kursida qatnashib, o‘zimizga notanish bo‘lgan ovqatlanish madaniyati va pazandachilik san’ati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu kurs bizga nafaqat o‘zbek taomlari haqida, shuningdek, O‘zbekiston tarixi, madaniyati hamda Samarqand va Buxoro kabi shaharlar obidalari haqida ma’lumot olishimizga imkoniyat yaratdi.
Tayyorlangan taomlar – somsa, lag‘mon va o‘zbekcha salat shaxsan menda yangicha bir ta’m – Osiyo va Yevropa xalqlari o‘rtasidagi o‘zgacha ta’mni kashf etishimga olib keldi!
Bugungi tadbir menda O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishimni yanada kuchaytirdi. O‘ylaymanki, kelasi yili maftunkor o‘lkangizga borib, u yerda o‘bekcha taomlarni tatib ko‘raman.
Aytishim kerak, millatlarni, insonlarni o‘zaro yaqinlashtiradigan, ular o‘rtasida do‘stona muhitni yaratadigan omillardan biri bu birgalikda dasturxon boshida o‘tirish va ovqatlanishdir. Zero shunday ekan, men bugungi kabi tadbirlarning o‘tkazilishi o‘zbek va nemis xalqlarini yaqinlashtirishda, ular o‘rtasida o‘zaro do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishiga ishonaman.
Nasser Musavi, “Mussavi GmbH” kompaniyasi rahbari:
— Mening ota-onam Eronda tug‘ilishgan, shu sababli Sharq va G‘arb taomlarini yaxshi tushunaman. Shuning uchun ishonch bilan ayta olamanki, o‘zbek xalqichalik milliy taomlari turli-tuman va pazanda bo‘lgan ellar sanoqlidir.
Albatta, bugungi taomlar qaysidir ma’noda menga yoshligimni, buvimning ovqatlarini eslatdi.
Avvaliga, barcha Sharq mamlakatlari taomlari bir xil bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo kurs yakunida o‘zbeklarda kamroq ziravor ishlatilib, shirinroq ovqat tayyorlanishiga amin bo‘ldim.
Turmush o‘rtog‘im bilan bugungi tadbir oxirida qilgan qarorimiz, albatta, O‘zbekistonga tashrif buyurib, Buyuk ipak yo‘li yodgorliklari bilan yaqindan tanishish bo‘ldi.
“Dunyo” AA