Germaniyada vatandoshlarimiz xotirasi abadiylashtiriladi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Xotira va qadrlash tushunchasi chuqur ma’noga ega. Zero, inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning ravnaqi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etish xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Ayniqsa, fashizmga qarshi urushda mardonavor jang qilgan, og‘ir mashaqqat va musibatlarni boshdan kechirgan qahramonlar va xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan erkinlik uchun o‘z jonini qurbon qilganlar xotirasi hamisha abadiydir.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ham Ikkinchi jahon urushi yilarida fashizm harbiy lagerlarida halok bo‘lgan o‘zbek soldatlari to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ish, ularning qabrlarini topish va ro‘yxatini aniqlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Xususan, Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal o‘lkasining Shtukenbrok shaharchasida joylashgan «Shtalag 326» - harbiy asirlarga oid ma’lumotlar markazi va muzeyi bilan yaqin aloqalar o‘rnatildi.
Ushbu markazdagi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 1941-1945 yillarda bu yerda barpo etilgan lagerga keltirilgan 42 ming harbiy asirlar orasida 360 o‘zbek askari bo‘lgan. Ulardan 35 nafari «Shtukenbrok» qabristoniga dafn etilgan. Qolgan vatandoshlarimiz haqida hozircha ma’lumot mavjud emas.
9 may - Xotira va qadrlash kuni arafasida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi vakillari «Shtukenbrok» harbiylar qabristonini ziyorat qilib, bu yerda dafn etilgan vatandoshlarimizning xotirasiga hurmat bajo keltirdi, ularning qabrlariga gulchambar qo‘ydi.
«Shtalag 326» markazi ijrochi direktori O.Nikel bilan suhbat chog‘ida ushbu harbiylar qabristonida mangu orom topgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida xotira toshi o‘rnatishga kelishib olindi.
O.Nikel O‘zbekistonda har yili 9 mayni Xotira va qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelinayotgani urushda halok bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish borasida juda muhim tadbir ekanini ta’kidladi.
— Bizning markaz urush yillarida bu yerda barpo etilgan lagerdagi harbiy asirlarning shaxslarini aniqlash bo‘yicha ish olib boradi. Harbiy asirlarga oid ma’lumotlar jamlanmasini shakllantirish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda arxiv materiallari ustida doimiy ish olib boramiz. «Shtukenbrok» qabristoniga dafn etilgan juda ko‘plab harbiylarning tug‘ilib o‘sgan manzillarini aniqlab, qarindoshlarini xabardor qilamiz. Ular har yili bu yerga kelib, yaqinlarining xotirasini yod etishadi. Shuningdek, markazda tashkil etilgan muzeyda harbiy asirlarning buyumlari, ular haqida ma’lumotlar joylashtirilgan. Bu yerda dafn etilgan o‘zbek askarlarining qarindoshlarini topishda bizdagi ma’lumotlar yordam beradi, deb o‘ylayman, dedi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan suhbat chog‘ida O.Nikel.
Uchrashuv so‘nggida «Shtalag 326» markazidagi mavjud arxivdan o‘zbek harbiy asirlari ro‘yxati, ularga oid saqlanib qolgan hujjatlardan nusxalar olindi. Hujjatlarda vatandoshlarimizning rasmlari, ularning shaxsiga oid ma’lumotlar ifoda etilgan. Quyida ularning ayrimlaridan misollar keltirilmoqda:
— Safarov Nurali, 1912 yil tug‘ilgan, oddiy askar, kasbi – dehqon, otasi – Safar, onasi – Qunduz, manzili – Buxoro viloyati. 1943 yil 5 mart kuni vafot etgan;
— Ro‘zmetov Abdurahmon, 1918 yil tug‘ilgan, oddiy askar, kasbi – dehqon, otasi – Ro‘zmet, onasi - Ziyoda, manzili – Toshkent viloyati. 1944 yil 9 iyul kuni vafot etgan.
Ushbu ro‘yxat va hujjatlar asosida urush yillarida bedarak ketib, «Shtukenbrok» harbiylar qabristoniga dafn etilgan vatandoshlarimizning qarindoshlari, yaqinlari topilsa ajab emas.
«Dunyo» AA