GO’ZALLIK VA NAFOSAT, SADOQAT VA MATONAT TIMSOLI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Tabiat chiroy ochib borayotgan ilk bahor kunlarida mehribon onalarimiz, dilbar opa-singillarimizga chuqur hurmat-ehtirom ko’rsatilishi, ularning latofati va oqilaligi, sadoqati hamda matonati madh etilishi bejiz emas. Chunki hayot falsafasi, ma’no-mazmuni va go’zalligi, eng avvalo, barchamizni dunyoga keltirgan Ona siymosida, ayol timsolida namoyon bo’ladi. Yasharish hamda yangilanish faslining ayollar bilan uzviyligi, uyg’unligi ham ana shunda.
Shu ma’noda aytganda, mustaqillik yillarida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, siyosiy faolligini oshirish, kasbiy, jismoniy, ma’naviy hamda intellektual salohiyatini yuksaltirish, turmush darajasini yaxshilash, og’irini yengil qilish, oila va jamiyatdagi o’rnini mustahkamlash, ilg’or g’oya hamda tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog’lom oilani shakllantirish davlatimiz siyosati darajasiga ko’tarildi.
Bugun ushbu yo’nalishdagi sa’y-harakatlar samarasini “Ayol baxtli bo’lsa, oila baxtli, oila baxtli bo’lsa, jamiyat mustahkam”, degan hayotiy qarash ongu shuurimizga chuqur kirib borayotgani misolida ko’rish mumkin. Zero, o’zining mehribonligi va qalb saxovati bilan oilaga fayzu baraka keltiradigan, farzandlarimiz qalbiga ona-Vatanga -sadoqat tuyg’usini singdiradigan opa-singillarimiz yuksak e’zozga sazovordir.
4 mart kuni poytaxtimizdagi “Navro’z” davlat qabullar uyida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo’lib o’tdi.
Har qachongidan tarovatli hamda ko’rkam qiyofa kasb etgan, anvoyi gullar bilan bezatilgan foyeda sochlariga jamalak taqqan jajji qizaloqlarning beg’ubor kulgisi yangraydi. Bu ham yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlik, ertangi kunga katta ishonch hamda daxldorlikning amaliy ifodasidir.
Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan turli sohalarda mehnat qilayotgan faol ayollar ishtirok etdi.
Bayram qatnashchilari dastlab Mustaqillik va ezgulik monumenti - Baxtiyor ona haykali poyiga gullar qo’ydi. Poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. O’zbek Milliy akademik drama teatrida “Imon” spektaklini tomosha qildilar.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirda ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini ushbu ayyom bilan tabrikladi.
Davlatimiz rahbari adabiyot, san’at, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan 15 nafar qizga ana shu yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sohibalari - Toshkent shahri Mirobod yengil sanoat va servis kasb-hunar kolleji o’quvchisi, 2016 yilgi Olimpiada o’yinlari ishtirokchisi Nigora Tursunqulova, Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litsey o’quvchisi Ayjamal Karamatdinova xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish borasida ko’rsatayotgan e’tibori uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ayni chog’da bu yuksak mukofot ularni kelgusida yanada yuqori cho’qqilarni egallashlariga rag’batlantirishini qayd etdi.
O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo’mitasi raisi T. Norboyeva yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash, ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash, salomatligini mustahkamlash, qobiliyat va intilishlarini ro’yobga chiqarish, oila hamda jamiyatdagi mavqyeini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlar ulkan samaralar berayotganini ta’kidladi.
Tadbirda qatnashgan onaxonlar, fuqarolar yig’inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchilari, xotin-qizlar tashkilotlari, turli vazirlik hamda idoralar vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari fayzli dasturxon atrofida suhbat qurdi.
— Ayoli ulug’langan yurtda yashashdan ortiq baxt bo’lmasa kerak, - deydi Gurlan tumanidagi 5-umumta’lim maktabi direktori, O’zbekiston Qahramoni Anora Mahmudova. - Bayram arafasida Prezidentimiz bilan uchrashib, tabriklarini tingladik. Biz, ayollarga ko’rsatilgan ehtirom va e’zozdan ko’nglimiz tog’dek ko’tarildi. Haqiqatan ham, oilamiz tinch, turmushimiz obod, farzandlarimiz bag’rimizda kamol topayapti. Har bir insonning mehnat qilishi, bor imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Mamnuniyat bilan aytish mumkinki, hozirgi vaqtda farzandlarimiz, ayniqsa, qiz bolalarni barkamol etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar hamda hayotda munosib o’rin egallashlariga ko’maklashish borasida ezgu ishlar olib borilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki ertaga ham ona, ham jamiyatning faol a’zosi bo’ladigan ayol bilimli va zukko bo’lishi hayotiy zaruratdir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, barkamol avlodni tarbiyalashda onalarga ko’makdosh bo’lish, qizlarning ilg’or g’oya hamda tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu sa’y-harakatlar Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olishga qodir yuksak ma’naviyatli avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Zero, mamlakatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, farzandlarimiz, ayniqsa, qiz bolalarning zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni egallashlari, har tomonlama sog’lom va barkamol bo’lib, hayotdan munosib o’rin topishlari uchun barcha kuch hamda imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
— Ushbu bayram tadbiriga yig’ilgan ayollarning yuzida hayotdan roziligini, oilasi mustahkam va farovonligini ko’rish mumkin, - deydi Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi xotin-qizlar qo’mitasi boshlang’ich tashkiloti raisi Mavjuda Xursanova. - -Albatta, bunday g’amxo’rlik bizni yanada faol bo’lishga undaydi. Eslasak, avvallari -ayollarning turmush darajasi butunlay boshqacha edi. Buni yoshi ulug’ onaxonlar juda yaxshi biladi. Ayollarning ijtimoiy muhofazasi hamda sihat-salomatligi hyech kimni tashvishlantirmas edi. Bugun esa xotin-qizlar har jihatdan, iqtisodiy, ijtimoiy tomondan keng qo’llab-quvvatlanayotir, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo’yicha zarur chora-tadbirlar ko’rilayotir. Misol uchun, zavodimizda 2 yashardan 3 yoshgacha bolalari bo’lgan yosh onalarga moddiy yordam, homilador ayollarga esa homiladorlikning beshinchi oyidan ta’til berilayapti. Qolaversa, mehnat qilayotgan onalar qonunchilikda belgilangan me’yorlardan oqilona foydalanishayotir.
Hozirgi vaqtda ayol nafaqat uy bekasi, oqila ona, shu bilan birga, uddaburon va tashabbuskor, tadbirkor, iqtidorli rahbar hamdir. Hayotimizdan tobora katta o’rin olayotgan fermerlik harakati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, yuqori texnologiya-larga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilmu fan, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at kabi o’nlab muhim soha va tarmoqlar rivojini ham ularning ishtirokisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Albatta, bu yurtimizda xotin-qizlarning biznes bilan shug’ullanishlariga zarur tashkiliy, huquqiy shart-sharoitlar yaratilgani, pirovardida ular o’rtasida ishbilarmonlikka bo’lgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotgani samarasidir.
Binobarin, Prezidentimizning joriy yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 - 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida dolzarb vazifalar qatorida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchi qizlarining bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o’rnini kuchaytirishga oid chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu sa’y-harakatlar Vatanimizni yanada obod etish, tinchlik-oso-yishtalikni saqlash, sog’lom hamda barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalar farovonligini ta’minlash, jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu, shuningdek, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ham o’z ifodasini topgan.
— Mahallamizda 21 millat ahil, inoq, do’st, birodar bo’lib yashaydi, - deydi Qorovulbozor tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig’ini raisi Zulxumor Rahmatova. - Bir-birlarining urf-odatlari, an’analariga hurmat bilan munosabatda bo’lishadi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy muhofaza hamda bank sohasi vakillari, tadbirkorlardan iborat ishchi guruhi tuzilib, uyma-uy yurib, odamlarning muammo va talablarini o’rganmoqda. Chunonchi, kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlarni ish bilan ta’minlash, ayollarning huquqiy, tadbirkorlik sohasidagi bilimlari hamda ko’nikmalarini oshirish maqsadida davra suhbatlari va seminarlar o’tkazilmoqda. Ularda mutaxassislar ayollar tadbirkorligini qanday rivojlantirish, biznes-reja tuzish, hujjat yuritish, soliq imtiyozlari, kredit olish singari savollar yuzasidan maslahat hamda tavsiyalar berishayapti. Albatta, bularning barchasi ayollarni ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlashda muhim o’rin tutadi.
Bayram san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.
* * *
5 mart kuni Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga 2017 yilda sazovor bo’lgan qizlar ishtirokida O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O’zbekiston xalq shoiri Zulfiya haykali poyiga gullar qo’ydi.
"Xalq so’zi" gazetasi