GUBBIO SHAHRI ITALIYA-O’ZBEKISTON XALQARO SAN’AT VA DO’STLIK FESTIVALINING MEZBONI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Italiyaning Gubbio shahrida joylashgan Konsullar saroyida “Italiya-O’zbekiston” xalqaro san’at va do’stlik festivalining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan o’tkazilayotgan mazkur tadbir Gubbio shahri meriyasi, Perudja provinsiyasi va Umbriya hududi ma’muriyati tomonidan O’zbekiston Badiiy akademiyasi, mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi, ”O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi hamda “Nautartis” xalqaro madaniyat uyushmasi ko’magida tashkil etildi.
Shuni ta’kidlash o’rinliki, Gubbio shahrida uchinchi marotaba o’tkazilayotgan bunday festival dastlab Fransiya va Yaponiya mamlakatlariga, bu safar esa O’zbekistonga bag’ishlandi.
O’zbekiston Badiiy akademiyasining a’zolari va o’zbek tasviriy san’ati ustalari ushbu tadbirning faxriy mehmonlari safidan joy olishdi.
Festivalda o’zbek milliy tasviriy san’at ustalari tomonidan ishlangan asarlar bilan bir qatorda Italiya, Yaponiya, Germaniya, Belgiya, AQSh, Bolgariya, Niderlandiya, Senegal, Kuba, Eron, Liviya, Avstriya va Kanada singari dunyoning 50 mamlakatidan kelgan san’at ustalari o’z ijod namunalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirning ochilish marosimida mazkur mintaqaning rasmiy va madaniy doiralari, shuningdek, jamoatchilik vakillari hozir bo’ldilar. Festivalda Gubbio shahridagi “Diochezano” muzeyi direktori Kati Monachelli, tarix fanlari doktori Katrina Kalabrize, san’atshunoslik tanqidchisi, professor Lyudoviko Gierut singari Italiyaning taniqli arboblari ishtirok etgani san’at ixlosmandlari uchun katta voqyea bo’ldi. “Jahon” axborot agentligi muhbiri tadbirning ayrim ishirokchilari bilan suhbatda bo’ldi.
Matilda Orsini, “Nautartis” xalqaro madaniyat uyushmasi asoschisi:
— Mazkur tadbir Italiya jamoatchiligini o’zbek xalqining boy tarixi va madaniyati bilan, shuningdek, O’zbekistonning zamonaviy rivojlanishi bilan yaqindan tanishtirish imkonini beradi.
O’zbekistonda bo’lish menga hali nasib etmagan bo’lsada, mamlakatingizdagi madaniyat tashkilotlari bilan yo’lga qo’yilgan aloqalarimiz vositasida yurtingizning boy tarixiy-madaniy merosi jahon hamjamiyatining diqqatini tortib kelayotganini angladim.
O’zbekiston Mustaqilligining 24 yilligi arafasida xalqingizga muvafaqqiyat va farovonlik tilayman.
Arnaldo Pauzelli, “Nautartis” xalqaro madaniyat assotsiatsiyasi prezidenti:
— O’zbekiston haqida so’z yuritilar ekan, har bir italiyalik Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz singari shaharlarning mahobatli me’moriy obidalarini, go’zal tabiatini iliq taassurotlar bilan yodga oladi.
Mamlakatlarimiz o’rtasida madaniy jabhadagi, ayniqsa, tasviriy san’at sohasidagi hamkorlik katta salohiyatga ega. O’zbekiston diyori o’zining iqtidorli namoyandalari bilan dunyoga mashhur. Bugungi san’at forumi tarixiy ildizlari qadim o’tmishga borib taqaladigan ikki mamlakat o’rtasidagi do’stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb o’ylayman. Hamkorligimiz yorqin istiqbollarga ega ekanligiga ishonaman.
O’zbekistonning Mustaqillik bayrami o’zbek xalqi qadimiy an’analari, uning o’ziga xosligi va madaniyati tiklanishining ramzi hisoblanadi. Mazkur bayram yurtingizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroga, shuningdek, mamlakat manaviyati va madaniyatini yanada yuksaltirishga bel bog’lagan har bir san’at arbobi uchun behad qadrlidir.
Kirib kelayotgan bayram munosabati bilan O’zbekistonning barcha xalqiga tinchlik va osoyishtalik, farovonlik, uzoq umr, salomatlik va omadlar tilayman.
Aida Abdullayeva, rassom, festival tashkiliy qo’mitasi a’zosi:
— O’zbekiston Prezidenti rahnamoligida barkamol avlodni tarbiyalash, barcha sohalarda, shu jumladan, tasviriy san’at sohasida yosh talantlarni kashf etish va ularni qo’llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi singari keng miqyosli loyihalarning hayotga tadbiq etilayotgani yosh avlodni buyuk bobokalonlarining boy tajribasidan o’rnak olgan holda milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, mehnatsevarlik, adolatparvarlik va halollik ruhida tarbiya olishga da’vat etadi.
Fursatdan foydalanib, o’zbek xalqini ushbu qutlug’ ayyom bilan chin yurakdan muborakbod etaman va mamlakat taraqqiyoti va gullab-yashnashi yo’lida muvafaqqiyatlar tilab qolaman.
“Jahon” AA, Rim