“HAR O‘ZBEK TAOMI PAZANDACHILIK SAN’ATINING BETAKROR NAMUNASIDIR”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Mamlakatimizning shonli tarixi, o‘ziga xos madaniyati va boy sayyohlik imkoniyatlari hamisha chet mamlakatlar vakillarining e’tiborini o‘ziga tortib keladi. Xorijiy davlatlarda keng jamoatchilik ishtirokida sohaga bag‘ishlab o‘tkaziladigan turli davra suhbatlari, uchrashuvlar va taqdimot marosimlari O‘zbekiston turizm salohiyatining yanada ommalashuviga xizmat qiladi. Ana shunday tadbirlardan biri mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi ko‘magida Tokio shahrida bo‘lib o‘tdi.
Sayyohlik yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy kompaniyalar va sohadagi yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur taqdimotning asosiy ishtirokchilari bo‘lishdi. Ular e’tiboriga mamlakatimizning buyuk tarixi va bugungi jadal rivojlanish jarayonlari, to‘laqonli va maroqli hordiq chiqarish uchun yaratilgan sharoitlar, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik urf-odat va an’analari haqida batafsil ma’lumotlar havola etildi. Yaponiyada buddaviylik dinining keng yoyilganini hisobga olgan holda, tadbir qatnashchilarini mamlakatimizning tarixiy shaharlarida joylashgan noyob buddaviylik yodgorliklari bilan tanishtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqimizning palov, somsa va boshqa an’anaviy milliy taomlari tortilgan katta dasturxon ham mehmonlarning O‘zbekistonni yanada yaqinroq his etishlari uchun xizmat qildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston haqida berilgan ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirar ekan, SHEJapan kompaniyasi prezidenti, Aoyama Gakuin universiteti faxriy professori Setsuko Vatanabe xonim mamlakatimizga ilk bor o‘tgan asrning 80-yillarida borganini aytdi.
– 2016 yilda menga yana ushbu g‘aroyib mamlakatda bo‘lish baxti nasib etdi, - dedi S.Vatanabe xonim. – Bu galgi safarim chog‘ida men mamlakatingizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanishlardan hayratga tushdim. O‘zbekistonning zamonaviy infratuzilmaga ega shaharlari, go‘zal tabiiy maskanlari, xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasi – bularning barchasi mamlakatingizga xorijiy sayyohlarni jalb etishda muhim omil bo‘lib kelmoqda. 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinchlik va totuvlikda istiqomat qilib kelayotgan O‘zbekiston dunyoning ko‘plab davlatlari uchun ijobiy namuna bo‘la oladi. Meni har bir taomi pazandachilik san’atining betakror namunasini ifodalaydigan o‘zbek oshxonasi lol qoldirdi. Mamlakatingizda bo‘lgan chog‘imda men o‘zbek xalqining milliy taomlaridan biri bo‘lgan chuchvara qanday tayyorlanishini o‘rganib oldim va bu hozir bizning oilaviy dasturxonimizda tez-tez tortiladigan sevimli taomga aylangan.
New Creative Tours sayyohlik kompaniyasi ijrochi direktori Yoshio Vatanabe O‘zbekistonni madaniy jihatdan Yaponiyaga yaqin davlatlardan biri, deb hisoblaydi.
— Mamlakatingizning qadimiy tarixi, madaniyati va an’analari bilan tanishish yaponiyaliklarga bir umr esda qoladigan eng iliq xotiralarni baxsh etadi, - dedi Y.Vatanabe. - Kompaniyamiz O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishini Yaponiya bozorida targ‘ib etishni mo‘ljallamoqda. Shu munosabat bilan mamlakatingizga yapon sayohatchilarini yuborish ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar va xizmatlar jamlanmasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan uzoq muddatli hamkorlikka umid qilmoqdamiz.
O‘zbekistonga “Buyuk Ipak yo‘lining markazi”, deya ta’rif berarkan, Tela Plannig kompaniyasi prezidenti Tomoko Terakado xonim mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uning fikriga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda olib borilgan ishlarning natijasi O‘zbekistonga kelish istagida bo‘lgan sayyohlar sonining izchil ortib borishida namoyon bo‘ladi.
“Jahon” AA, Tokio