HARAKATLAR STRATEGIYASI: YUKSAK TARAQQIYOTGA ERISHISHNING HUQUQIY KAFOLATI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekistonda barcha jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar yanada jadal tus olmoqda. Ko‘zlangan marralar esa aniq. Ular Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida to‘liq aks ettirilgan.
Mazkur hujjat yuridik mohiyati, huquqiy maqomiga ko‘ra, O‘zbekiston huquq ijodkorligi sohasida butunlay yangilik bo‘ldi. Shu bois ham uni, avvalo, aniq va to‘liq o‘rganish hamda tushunish katta ahamiyatga ega. Ana shu vazifani bajarish maqsadida taniqli olimlar va mutaxassislardan iborat targ‘ibоt guruhlari tashkil qilinib, ular mamlakatimizning barcha hududida ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazdilar. Bu jarayon hozir ham joylarda izchil davom etmoqda.
Aytish kerakki, mazkur hujjat loyihasi Prezidentimizning saylovoldi uchrashuvlarida xalq bilan muloqoti chog‘ida ko‘tarilgan masalalar, fikrlar, aholi talablari asosida ishlab chiqilgan. Qolaversa, pishiq-puxta bo‘lishi uchun keng jamoatchilik, mutaxassislar ishtirokida, internet imkoniyatlaridan unumli foydalanilgan holda, uning muhokamasi o‘tkazildi. Chet ellik mutaxassislar ham ushbu jarayonda faol qatnashdi. Shu yo‘sinda mingdan ortiq taklif va tavsiyalar bildirildi. Bu Harakatlar strategiyasi loyihasi muhim demokratik qadriyat bo‘lgan umumxalq muhokamasidan o‘tganligini bildiradi. Zero, mazkur hujjatda ifodalangan chora-tadbirlar, o‘zgarishu yangilanishlar xalqning irodasi, orzu-istaklari hamda manfaatlarining in’ikosidir. Binobarin, Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilganidek, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir. U xalqimiz tomonidan iliq kutib olinganligi va qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotganining asosiy sababi ham shunda. Garchi, Harakatlar strategiyasi qonun, deb atalmasa-da, oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatdir.
Unda belgilangan tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar zamirida islohotlarni yanada chuqurlashtirish asosida xalq farovonligini oshirish, davlat hamda jamiyat salohiyatini bugungi globallashuv jarayoni va jahon bozori kon’yunkturasi talablariga mos ravishda yuksaltirish maqsadlari mujassam. Bunga erishish uchun Strategiyada davlat hamda jamiyatga taalluqli yaqin besh yillik rivojlanish tamoyillari belgilangan. Ular orasida davlat va jamiyatni doimiy ravishda modernizatsiya qilib borish, ichki hamda tashqi raqobatdoshlik tizimini kuchaytirish, davlat boshqaruvini jamiyat funktsiyalari foydasiga liberallashtirish, davlat organlarining xalq bilan muloqot faoliyatini kuchaytirish, inson huquqlari va erkinliklari bilan birga, qonuniy manfaatlarini ham ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda boshqa tamoyillarni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Harakatlar strategiyasi davrimizning asosiy dasturilamali bo‘lgani uchun ijrosi har qanday normativ-huquqiy hujjat kabi umummajburiy hisoblanadi. To‘g‘ri, unda fuqarolarga taalluqli majburiyat va vazifalar aniq ifodalanmagan. Asosan, davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlariga vazifalar yuklatilgan.
Strategiya Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy maqomga ega amaldagi milliy dasturlardan jiddiy farq qiladi. Avvalambor, milliy dasturlar umumxalq muhokamasisiz qabul qilingan, faqat biror-bir sohani rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Harakatlar strategiyasini ijro etish birgina qonun chiqaruvchi organga emas, balki davlat hokimiyatining barcha tarmog‘iga vazifalar yuklaydi. Albatta, unda huquqiy davlatning asosiy printsiplaridan biri — qonun ustuvorligi, ya’ni yangi qonunlarni qabul qilish hamda qonunlarga asoslanib ish ko‘rishga yanada katta e’tibor qaratilib, unga rioya etish bosh masala sifatida belgilangan.
Harakatlar strategiyasi quruq g‘oyalar va ko‘rsatmalardan iborat bo‘lmay, aniq ijro mexanizmlarini o‘zida qamrab olgan, amaliy chora-tadbirlarni aks ettirgan huquqiy dasturilamaldir. Unda belgilangan tadbirlarni amalda bajarish uchun nimalar qilish kerakligi, masalan, maxsus qonun qabul qilinishi yoki davlat dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlanishi yoxud qurish, qayta jihozlash hamda yaratish ishlari olib borilishi va hokazolar aniq belgilangan. Aytaylik, Harakatlar strategiyasida davlat bilan xususiy sherikchilikni rivojlantirish haqida kontseptual qoida mavjud. Shu qoidaning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Strategiyani bajarishga qaratilgan 2017 yilgi Davlat dasturida “Davlat va xususiy sherikchilik to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Harakatlar strategiyasining yuridik mohiyati hamda ahamiyati to‘g‘risida gapirar ekanmiz, uning diqqatga sazovor yana bir jihati yaqin besh yillikka mo‘ljallanganidir. Ma’lumki, xorij davlatlarida 10 yil, 20 yil va hatto, undan ham ko‘p davrga mo‘ljallangan strategik hujjatlar ishlab chiqish amaliyoti uchrab turadi. Biroq chet el tajribasida bunday hujjatlarni davlat boshlig‘ining vakolat muddatiga mo‘ljallab qabul qilish keng tarqalgan hamda bu mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi. Chunki dunyo shitob bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda uzoq istiqbol uchun maqsad qo‘yish juda mushkul.
Xo‘sh, davlat va jamiyat ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy-madaniy sohalarda shu qadar ulkan marralarni ko‘zlagan ekan, bunda biz, fuqarolarning vazifa hamda mas’uliyatimiz nimalardan iborat bo‘lishi kerak? Bular, avvalambor, yangicha ishlash hamda yangicha yashashda aks etishi lozim. Ishbilarmonlik va tadbirkorlik kabi fazilatlar namoyandalari bo‘lishimiz darkor. Binobarin, Harakatlar strategiyasi yuksak taraqqiyotga erishishning huquqiy kafolati, desak, mutlaqo yanglishmaymiz.