HUNARMANDLIK AN’ANALARI BARHAYOT
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 42-modda.
Prezidentimiz rahnamoligida xalqimizning ma’naviy-madaniy merosi, jumladan, milliy hunarmandlikni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ham milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash va yanada boyitishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Tuman markazida YuNESKO loyihasi asosida sharqona usulda barpo etilgan Boysun hunarmandlar markazi faoliyati bu borada alohida o‘rin tutmoqda. Milliy hunarmandlikning noyob sir-sinoatlarini puxta o‘zlashtirgan to‘quvchi, gilamdo‘z va kashtachilar tomonidan qadimiy uslubda kashta tikish, gilam va mato to‘qish yo‘lga qo‘yildi. Markazda ajdodlarimiz an’anasiga ko‘ra, ip yigirilgach, tabiiy bo‘yoq bilan jilo berilib, gilam va matolar yog‘och dastgohlar yordamida qo‘lda to‘qiladi.
Ma’lumki, Boysun azaldan o‘zining nafis kulolchilik buyumlari, yog‘och o‘ymakorligi, kosiblik san’ati, “oq en”, “to‘dagul”, “qo‘chqorshox”, “g‘ajari” singari gilamlari bilan mashhur. Betakror tabiat manzaralarining beg‘ubor ranglari ko‘chirilgan nafis gilam va matolar tabiiy xomashyodan pishiq to‘qilgani uchun asrlar osha avlodlarga meros bo‘lib kelmoqda. O‘tmishda faqat boysunlik ayollar to‘qigan janda matosi ranggi o‘chmaydigan bejirim material sifatida dovruq qozongan. Undan tikilgan yaktak, to‘n va boshqa milliy kiyimlarning uzoq yillar davomida rangi o‘chmasligi hozir ham ko‘pchilikni hayratga soladi.
Sobiq tuzum davrida barcha sohalar qatori milliy hunarmandlikka ham eskilik sarqiti, deb qaralardi. Jumladan, janda matosidan tikilgan liboslar sotish taqiqlandi. Bu holni keksalarimiz turlicha sharhlashadi. Ba’zilar hamma gap uning nomida, desa, boshqalar unda milliylik ruhi kuchli bo‘lganini aytishadi. Shukrki, mustaqillik tufayli erkimiz bilan birga, milliy meros va tarixiy an’analarimiz ham qayta tiklandi, uni yanada rivojlantirish uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida ishlab chiqilgan Bosh qomusimiz va unda belgilab berilgan huquq-majburiyatlar hamda ular asosida ishlab chiqilayotgan qonun va qarorlar milliy qadriyatlarimizni qayta tiklashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamladi. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 30-martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik hunarmandlarimizga qo‘shimcha kuch-g‘ayrat bermoqda, ularni betakror san’at asarlari yaratishga undamoqda. Markazimizning mohir chevarlari ham “g‘ajari”, “shol dasturxon”, “oq en”, “qo‘chqorshox”, “to‘dagul” gilamlari, janda, tik, olacha, bo‘z kabi qadimiy matolarni ajdodlar an’anasi asosida to‘qimoqda. Kashtachilik rivojlanib, uning yangi-yangi qirralari kashf etilayotir.
Markaz qoshida XVIII-XX asrlarda yaratilgan nafis hunarmandlik buyumlari muzeyi tashkil etilgani ham xorijlik sayyohlarning qiziqishini oshirmoqda. Bu yerda gilam, qoshiq, ko‘za singari yuzdan ortiq nodir osori-atiqalar o‘rin olgan. Ayniqsa, 100-yil avval to‘qilgan “oq en” gilami o‘zining pishiq va puxtaligi bilan muzey eksponatlari orasida alohida o‘rin tutadi.
Hunarmandlar markazi tashkil etilganidan buyon ko‘plab xalqaro va mahalliy ko‘rgazmalarda ishtirok etdik. Ana shunday nufuzli tadbirlarda “oq en” gilami va “janda” matosiga xalqaro sifat belgisi berildi.
Joriy yilda markazimiz tubdan qayta ta’mirlandi. Ayvonlarga milliy qadriyatlarimizga xos qayta ishlov berildi. Bunday sharoitdan ruhlangan hunarmandlarimiz kayvoni momolari an’anasini yuksak did bilan davom ettirib, o‘zlari yaratayotgan nafis buyumlarida go‘zal tabiat, tinch va obod Vatanimiz manzaralarini, xalqimizning farovon hayotini aks ettirmoqda. Zero, ajdodlardan meros qadimiy va boy madaniyatni rivojlantirish, umummilliy boylik sifatida ulug‘lash, asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Olim Oripov,
Surxondaryo viloyati,
Boysun tumani hunarmandlar markazi rahbari.
O‘zA