ILMIY-NAZARIY KONFERENSIYA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Samarqandda “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo’lib o’tdi.
Unda O’zbekiston, AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Turkiya, Serbiya, Litva, Vengriya, Isroil, O’mon, Kuvayt, Misr, Eron, Ozarbayjon, Afg’oniston va boshqa mamlakatlardan san’atshunos va madaniyatshunoslar, tarixchi olimlar, xonanda va bastakorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
O’zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov, YUNESKO Bosh direktorining o’rinbosari Erik Falt va boshqalar Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali xalqlar o’rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, mumtoz kuy-qo’shiqlarni tiklash va targ’ib etishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Har gal festival doirasida o’tkazilayotgan ilmiy anjumanlar jahon xalqlari musiqa san’ati tarixi, an’analari va o’ziga xosliklarini o’rganish hamda ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusiga bag’ishlangan bu galgi konferensiyada turli mamlakatlar musiqa san’ati rivojlanish bosqichlarini o’rganish, ulardagi o’xshash jihatlarni tahlil etish, shu orqali xalqlarning yaqinligi va do’stligini targ’ib qilish maqsad qilib qo’yilgan.
— O’zbekistonning musiqa san’atini rivojlantirish, milliy musiqani o’rganish, targ’ib qilish va kelgusi avlodga yetkazish borasidagi xayrli ishlari tahsinga sazovor. Buning uchun Prezident Islom Karimovga minnatdorlik bildiramiz, - dedi YUNESKO Bosh direktorining o’rinbosari Erik Falt. - O’zbek musiqa madaniyatining durdonalari bo’lgan Shashmaqom, Katta ashula xalqaro miqyosda yuksak baholanib, insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining mazmun-mohiyati YUNESKO maqsadlariga hamohangdir. Shu bois tashkilotimiz bu anjumanni keng qo’llab-quvvatlamoqda.
Xalqaro anjumanda Sharq musiqashunosligi va manbashunosligini, turli xalqlar musiqa madaniyati mushtarakligini o’rganish borasida san’atshunos olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar xususida so’z yuritildi. Bu borada olimlar o’rtasida o’zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
— Buyuk ipak yo’lining markazida joylashgan O’zbekiston Sharq musiqa san’atining dunyo bo’ylab yoyilishida muhim o’rin tutgan, - dedi Yaponiyaning «Min-On» musiqa va san’at xalqaro uyushmasi prezidenti Kabayashi Xiroyashi. - Bunga turli mamlakatlar musiqashunoslarini jamlagan mazkur xalqaro anjuman ishida yana bir bor ishonch hosil qildik. Konferensiya turli millatlar san’atining mushtarak jihatlarini tadqiq etish, ularning xalqlar o’rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashdagi ta’sirini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Anjumanda qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biri bo’lgan O’zbekistonning Sharqda musiqa madaniyati rivojlanishi va yoyilishida alohida o’rin tutgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda milliy musiqa san’atini rivojlantirish, mumtoz kuy-qo’shiqlarni asrab-avaylash, yosh avlodlarga bezavol yetkazishga qaratilayotgan e’tibor samaralari qayd etildi.
Sharq xalqlarining kuy-qo’shiqlari azaldan uyg’un bo’lgan, - dedi san’atshunoslik fanlari doktori, O’zbekiston davlat konservatoriyasi professori Rustambek Abdullayev. - Sharq musiqa madaniyatining shakllanish, rivojlanish bosqichlari, an’analarning bugungi ijrochilikdagi holatini o’rganish g’oyat muhim. Bu masalaga nafaqat Sharq olimlari, balki g’arbliklar ham katta qiziqish bilan qaraydi. Mazkur konferensiyada ana shu omil chuqur tahlil qilinib, bu borada olib borilgan ilmiy izlanishlar muhokama etildi. Ayni paytda yosh olimlarning ilmiy ishlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyada «Sharq xalqlari musiqa madaniyati an’analari va zamonaviylik», «Sharq xalqlari madaniyatida musiqa ijodiyotining umumiylik xususiyatlari», «Markaziy Osiyo musiqasining Yevropada qabul qilinishi», «O’zbek mumtoz musiqasi», «Temuriylar davri cholg’usi - «shidirg’u»ga yangicha nazar», «Musiqiy O’zbekiston: yangi davr mohiyati» kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiyaning ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.Ikromov so’zga chiqdi.
O’zA