INNOVATSION LOYIHALAR YARMARKASI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Poytaxtimizdagi «O‘zko‘rgazmasavdo» markazida VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi boshlandi.
Toshkent shahri va viloyati hokimliklari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada Toshkent shahri va viloyati, Fanlar akademiyasi, bir qator vazirlik, qo‘mita, aksiyadorlik kompaniyalarining innovatsiya sohasidagi yutuqlari namoyish etilayotir.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Solihov va boshqalar ilm-fan taraqqiyotini yuksaltirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, sanoat korxonalarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 15-iyuldagi «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal bo‘layotir.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati mamlakatimizning sanoat rivojlangan hududlaridan bo‘lib, kimyo, yengil sanoat, qurilish, metallurgiya, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tobora rivojlanmoqda. Shuningdek, kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlik ham yildan-yilga ravnaq topayotir.
Ko‘rgazma stendlaridan ushbu sohalarga oid xilma-xil mahsulotlar o‘rin olgan. Jumladan, sanoat va kommunal xo‘jalik, tibbiyot, energiya tejamkor texnologiyalar, qurilish materiallari, oziq-ovqat ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion texnologiyalar, ekologik xavfsiz preparatlar, kosmetika va gigiyenik vositalar, reklama bo‘yicha yangicha uslublarga keng o‘rin ajratilgan.
Sergeli tumanidagi «Eco Drip Lux» mas’uliyati cheklangan jamiyatining bolalar, kattalar uchun va yuk tashishga mo‘ljallangan velosipedlari, «Chang Qing Group» xususiy korxonasining o‘n besh turdan ortiq zamonaviy rusumdagi mototsikllari, Yakkasaroy tumanidagi «Inter plast» mas’uliyati cheklangan jamiyatining palovni qadoqlab sotish texnologiyasi, «Art Light Films» korxonasining elektr energiyani tejaydigan qurilmalari va boshqa innovatsion texnologiyalar ko‘pchilikka manzur bo‘layotir.
Yarmarkada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy ishlanmalari ham keng namoyish etilmoqda. Jumladan, Umumiy va noorganik kimyo institutining stendida yangi defoliantlar, o‘g‘itlar, qurilish materiallari, neft-gaz sanoatida qo‘llaniladigan moylar, kimyoviy preparatlar bilan tanishish mumkin.
– Bugungi kunda institutimizda ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida oltmishdan ziyod loyiha amalga oshirilmoqda, – deydi institut direktori Baxtiyor Zokirov. – Mamlakatimizda an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan innovatsion yarmarkalar ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kengaytirish, yangi ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ilm-fan salohiyatini yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Jamoamiz bu yilgi Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasiga ham qizg‘in taraddud ko‘rmoqda. Joriy yilda yigirmadan ortiq yangi ishlanmani ishlab chiqaruvchilarga taqdim etmoqchimiz.
Yarmarkada poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, neft-gaz, kimyo sanoati, temir yo‘l sohasi va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar ham keng namoyish etilmoqda. Yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish samaradorligini oshirish maqsadida tadbirga uch yuzdan ziyod sanoat korxonasi, sakkiz yuzdan ortiq xususiy tadbirkorlik subyekti jalb etilgan.
Tadbir doirasida hokimliklar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, «O‘zeltexsanoat», «O‘zbekneftgaz», «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zkimyosanoat» kompaniyalari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va boshqa tuzilmalarning taqdimotlari o‘tkaziladi.
"Jahon" AA