INTELLEKTUAL SALOHIYATLI YOSHLAR FORUMI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Yosh mutaxassislar” IV respublika forumini o‘tkazdi.
Forumda mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani qayd etildi.
O‘zbekistonda yoshlarni barkamol avlod etib tarbiyalashda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligining yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“Yosh mutaxassislar” IV respublika forumi yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lish kabi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion g‘oya, loyiha va ishlanmalarini hayotga tatbiq etish orqali yoshlar bandligini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida yosh mutaxassislar faolligini va mamlakatda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarda daxldorlik hissini oshirishga xizmat qilayotir.
Bu yil forum doirasida uch bosqichda «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovi o‘tkazilib, uning quyi bosqichlarida 14 nominatsiya bo‘yicha 6 mingga yaqin yosh mutaxassis qatnashdi. Har bir nominatsiya bo‘yicha birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinni egallagan yigit-qizlar “Yosh mutaxassislar” IV respublika forumida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Forumda yosh mutaxassislarning ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi loyihalari, ular natijasida ishlab chiqarish hajmi va unumdorligining ortishi, innovatsion ishlanmalarning iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasiga alohida e’tibor qaratildi. Eng muhimi, yoshlarning noyob kashfiyotlari yuzaga chiqarildi. Masalan, «Maksam-Chirchiq» jamiyatida katalizator ishlab chiqarish sexi texnologi Arsen Aliyev o‘z loyihasida xorijdan keltirilayotgan metall katanka xom ashyosi o‘rniga «O‘zkimyosanoat» korxonalarida ammiakni sintez qilish texnologiyasida ishlatilayotgan katalizator chiqindisidan foydalanishni taklif etmoqda.
– Mazkur loyihani amaliyotga tatbiq etish orqali maxsus katalizator olish katta foyda keltiradi,– deydi A.Aliyev.– Loyihani amaliyotga tatbiq etish natijasida bir tonna mahsulot ishlab chiqarishda chetdan keltirilayotgan xomashyo narxiga nisbatan qariyb uch million so‘m tejaladi.
«Navoiyazot» jamiyati vakili Behzod Sheraliyev loyihasi yirik quvvatli ammiak va azot kislotasi mahsulotlari ishlab chiqarilishida katta quvvatli elektrodvigatellar o‘rniga bug‘ bilan harakatga keltiriluvchi turbinalarni ishlatish orqali korxonalarda katta hajmdagi elektr energiyasini tejash imkonini beradi. Bu mahsulot tannarxini pasaytirib, raqobatbardoshligini oshiradi.
Forumda Kasaba uyushmalari federatsiyasi joriy yilda ilk marotaba mustaqilligimizning 25-yilligiga bag‘ishlab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazgan “Eng yaxshi ishchi kasb egasi” tanlovi g‘oliblari ham qatnashdi.
Forum ishtirokchilari Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘yib, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Bo‘ston” sanatoriyasida mustaqilligimizning 25-yilligiga bag‘ishlangan “Kim edigu, kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak” mavzuida targ‘ibоt tadbiri o‘tkazildi. Yoshlarning iqtidori va qobiliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy moslashuv, “ustoz-shogird” an’anasi, yosh kadrlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ularning malakasini oshirishga oid mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Turli tarmoqlarda samarali mehnat qilayotgan yosh mutaxassislarning kasb faoliyatiga oid ko‘rgazmalar tashkil etilib, yosh mutaxassislarning ilg‘or ishlanma va loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan taqdirlash marosimida Jizzax politexnika institutining katta o‘qituvchisi Jamshid Abdunazarov, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining bino va inshootlar kafedrasi dotsenti Said Shoumarov hamda Navoiy viloyati Navbahor yengil sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Diyora Qahhorovaga Kasaba uyushmalari federatsiyasining granti topshirildi.
Tadbir san’atkorlarning konsert dasturi bilan yakunlandi.
O’zA