INVESTITSIYA, MODERNIZATSIYA VA YANGI QUVVATLAR
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Investitsiya, modernizatsiya va yangi quvvatlar qishloq xo’jaligini zamonaviy texnika hamda uskunalar bilan ta’minlash imkonini berayotir.
O’zbekistonning noyob tabiati va iqlimi, yilning to’rt fasli almashganda ham quyoshli kunlar 320 kundan ortiq bo’lishi, albatta, qishloq xo’jaligi ekinlarini yetishtirish uchun g’oyat qulay sharoit yaratadi. Shu bois yurtimiz qishloq xo’jaligi mahsulotlari betakror ta’mi hamda sifati bilan butun dunyoda mashhur.
25 yillik mustaqil taraqqiyot mobaynida o’lkamizda tub o’zgarishlar amalga oshirildiki, natijada agrar soha deyarli to’liq diversifikatsiya qilinib, nafaqat aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan to’liq ta’minlash, balki katta hajmda eksportni yo’lga qo’yishga erishildi.
Ma’lumki, O’zbekiston sobiq ittifoq tarkibida bo’lgan o’tgan asrning 90-yillarida mamlakatimiz qishloq xo’jaligi faqat yagona ekin — g’o’za parvarishiga yo’naltirilgan edi. Sug’oriladigan maydonlarning 90 foiziga paxta ekilgani uchun g’alla, go’sht, sut, tuxum va shakar singari asosiy oziq-ovqat mahsulotlari chetdan keltirilar edi.
Achinarlisi, garchi, unumdor yer va qulay iqlim sharoitiga ega bo’lsa-da, O’zbekistonda meva-sabzavot va kartoshkaning aholi jon boshiga iste’mol qilish ko’rsatkichi sobiq ittifoqning boshqa respublikalariga nisbatan ikki baravar past edi.
Mustaqillik yillarida yurtimiz agrar sektorida yetarlicha tajriba to’planib, nafaqat oziq-ovqat mustaqilligi mustahkamlanmoqda, balki qishloq xo’jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hajmi tobora ortib borayapti. Bu, albatta, investitsiyalarni jalb etgan holda, soha modernizatsiya qilinib, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari texnik va texnologik jihatdan yangilangani, zamonaviy qayta ishlash korxonalari foydalanishga topshirilgani samarasidir.
Ma’lumki, agrar sohani isloh qilish, xususan, fermerlik harakatini rivojlantirish, yerlarning unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni tatbiq etish uchun, avvalo, dehqonlarimiz zamonaviy qishloq xo’jaligi texnikasi hamda jihozlari bilan ta’minlangan bo’lishi zarur.
Qayd etish joizki, mustaqillikka erishgunimizga qadar qishloq xo’jaligida texnika vositalari yetishmasdi. Ularni ishlab chiqaruvchi korxonalar almisoqdan qolgan, ma’nan eskirgan uskunalardan foydalanishga majburligi sabab, ushbu muammo yanada keskinlashgan edi.
Ana shunday murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qisqa muddatda zarur texnika vositalari bilan ta’minlash bo’yicha tezkor choralar ko’rishni hayotning o’zi taqozo etdi. Vazifa shundan iborat ediki, o’zimizda ishlab chiqarilgan qishloq xo’jaligi texnikalari sifati bo’yicha rivojlangan davlatlarinikidan qolishmasligi, tashqi bozorda raqobatga bardosh bera olishi, mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi lozim edi. Bu borada eng to’g’ri yo’l ishlab chiqarishni maqbul darajada mahalliylashtirish bo’lib, buning uchun samarali usullarni qo’llash zarur hisoblanardi.
Shu maqsadda mamlakatimizda bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ular orasida davlatimiz rahbarining 2014 yil 15 maydagi “Qishloq xo’jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog’lomlashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori alohida o’rin tutadi. Negaki, ushbu hujjatda ana shu korxonalarda boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, ularning samaradorligi va rentabellik darajasini ko’tarish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik hamda texnologik jihatdan qayta qurollantirishga qaratilgan yagona texnik siyosatni yuritish, agrosanoat majmui uchun zamonaviy, yuqori samarali, ichki va tashqi bozorda raqobatdosh texnika hamda jihozlar tayyorlashni tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Ularni ro’yobga chiqarish uchun “O’zagrosanoatmashxolding” xolding kompaniyasi tashkil etildi. Uning tarkibiga “Toshkent qishloq xo’jalik texnikasi zavodi”, “Chirchiq qishloq xo’jalik texnikasi zavodi”, “Agregat zavodi”, “Texnolog”, “Urganchkormmash”, “BMKB-Agromash” aksiyadorlik jamiyatlari va mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Uz CLAAS Agro” hamda “Lemken Chirchiq” O’zbekiston — Germaniya qo’shma korxonalari kiritildi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, “O’zagrosanoatmashxolding” o’z faoliyatining birinchi kunlaridanoq mavjud korxonalarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash yuzasidan qat’iy ish boshladi. Bir qator investitsiyaviy loyihalar tayyorlanib, ular keyinchalik 2015 — 2019 yillarga mo’ljallangan ishlab chiqarishda tuzilmaviy o’zgarishlarni, modernizatsiya hamda diversifikatsiyani ta’minlash chora-tadbirlariga doir dasturdan joy oldi.
Jumladan, “Toshkent qishloq xo’jalik texnikasi zavodi” AJni modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta jihozlash loyihasini o’z ko’lami jihatidan global loyiha, deyish mumkin. Chunki bu korxona tarmoqdagi eng yirik ob’yekt bo’lib, u ilgari traktorlar, paxta terish mashinalari hamda tirkamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, ayni vaqtda tugatilayotgan Toshkent traktor zavodi maydonining bir qismida tashkil etilgan.
2015 yil yakuniga ko’ra, bu yerda qiymati 63 milliard so’mlik 761 dona qishloq xo’jaligi texnikasi ishlab chiqarildi. Koreya Respublikasining “LS Mtron” kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan “LS” rusumli traktor shulardan biridir. U g’o’zani kultivatsiyalash va o’g’itlash qatorida, transport vositasi sifatida yana bir qator xizmatlarni bajarishga qodir.
Zavodni modernizatsiyalash bo’yicha loyiha bir necha bosqichdan iborat bo’lib, unda loyiha zamonaviy traktorlar, xususan, transmissiya hamda reduktorlarning korpusli komponentiga mexanik ishlov berishni o’z ichiga oluvchi komponent tayyorlashni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish, shuningdek, don, yem-xashak hamda paxtani yig’ib-terib olishga mo’ljallangan mashinalar, tirkamalar va boshqa texnikalarni ishlab chiqarish ko’zda tutilgan.
Loyihaning asosiy texnik hamkori Germaniyaning “CLAAS” konserni “Uz CLAAS Agro” qo’shma korxonasi u bilan hamkorlikda ish yuritmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish uchun 50 million dollardan ziyod investitsiya yo’naltirilgan. Bu pirovardida “Uz CLAAS Agro”da qishloq xo’jaligi texnikalarining ayrim turlari, ya’ni “Axos” hamda “Arion” rusumli traktorlar, “Dominator” g’alla o’rish kombayni, “Markant” rusumli g’allani o’rib, somonni toylab beradigan mashina va “Jaguar” yem-xashak yig’uvchi kombayni uchun asosiy komponentlar ishlab chiqarishni ta’minladi. Shundan so’ng O’zbekistonda ana shunday texnika vositalarini tayyorlashni mahalliylashtirishning navbatdagi bosqichi boshlandi.
Loyihani ro’yobga chiqarish jarayoniga Yevropaning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb etishdan maqsad mavjud resurs-lardan oqilona foydalanish, jihozlarning yuqori unumdorligi, tejamkorligi hamda aniqligiga erishish hisobidan sezilarli darajada iqtisodiy samara olishdir.
Shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan hozirgi sharoitda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida “ERP” klassli axborot tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Uning afzalligi shundaki, barcha biznes-jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beradi. Boshqaruv, nazorat va hisob-kitob samaradorligi hamda shaffofligi ta’minlanadi, reglament va hisobоtlarni tayyorlashga ketadigan vaqt qisqaradi, ma’lumotlarning ishonchliligi ortadi, o’z navbatida, inson omilining ta’siri kamayadi.
Toshkent qishloq xo’jalik texnikasi zavodini modernizatsiya qilishning ikkinchi hamda uchinchi bosqichlari 2018-2019 yillarga mo’ljallangan transmissiya va reduktorlarning alohida detallari ishlab chiqarishni yangilash, issiq holda shtamplash hamda quyuv jarayonini yo’lga qo’yish, dvigatellar yig’ishni tashkil etishni o’z ichiga oladi.
Umuman, Toshkent qishloq xo’jalik texnikasi zavodini zamonaviy ishlab chiqarish majmuasiga aylantirish — “O’zagrosanoatmashxolding” xolding kompaniyasining ustuvor vazifasidir. Uning ijrosi natijasida esa tarmoqning sanoat salohiyati yanada yuksaladi, respublikamiz qishloq xo’jaligi sohasining o’zimizda ishlab chiqarilgan sifatli, bugungi kun talablariga javob beruvchi texnikalarga bo’lgan ehtiyoji to’liq qondiriladi. Bularning barchasi kelgusida mamlakatimizda dala va bog’ ne’matlari yanada mo’l-ko’l bo’lishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
"XALQ SO’ZI" GAZETASI