Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili 2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
hamma resurslarni ko'rsatish
Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Taʼkidlash lozimki, tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda koʻmaklashish, mulkdorlarning oʻzlariga tegishli boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona va maqsadli foydalanish boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish borasida koʻrilayotgan choralar amalda oʻz samaradorligini koʻrsatdi.

Ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan oʻzgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat koʻrsatmayotgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash va oʻn ikki mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.

Shu bilan birga, hududlarda hanuzgacha davlatga va davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalarga tegishli boʻlgan, shuningdek, ajratilgan yer uchastkalarida tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilgan hamda sobiq jamoa va shirkat xoʻjaliklarini tugatish davrida sotib olingan katta miqdordagi faoliyat koʻrsatmayotgan va samarasiz foydalanilayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan obyektlar saqlanib qolmoqda.

Mazkur holat yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatining yoʻqotilishiga, ishlab chiqarish quvvatlarining maʼnan eskirishi va jismonan yemirilishiga olib kelayotgan boʻlib, ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishni talab etmoqda.

Faoliyat koʻrsatmayotgan va foydalanilmasdan turgan obyektlar mulkdorlari, barcha darajadagi rahbarlarning mazkur obyektlardan oqilona va maqsadli foydalanilishi boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, korxonalarni faol xoʻjalik faoliyatiga jalb etish hamda shu asosda yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ilgari xususiylashtirilgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jadal jalb etish boʻyicha amaldagi mexanizmni mulk huquqining vujudga kelish asoslari va egallagan maydon hajmidan qatʼi nazar, barcha toifadagi qurilishi tugallanmagan obyektlar, boʻsh turgan binolar, noturar inshootlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlariga (keyingi oʻrinlarda foydalanilmayotgan obyektlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida foydalanilmayotgan obyektlardan samarali foydalanish boʻyicha namunaviy tarkibdagi idoralararo komissiyalar (keyingi oʻrinlarda idoralararo komissiyalar deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;

tumanlar (shaharlar)da foydalanilmayotgan obyektlardan samarali foydalanish boʻyicha namunaviy tarkibdagi ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda ishchi guruhlar deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tuzilsin.

Idoralararo komissiyalar rahbarlari etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, ishchi guruhlar rahbarlari etib tegishli tuman (shahar) hokimlari belgilansin.

3. Idoralararo komissiyalarga quyidagilar amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish yuklatilsin:

doimiy monitoring natijalariga koʻra tegishli hududdagi foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash va ularning roʻyxatlarini shakllantirish;

foydalanilmayotgan obyektlar faoliyatini tiklash, ishlab chiqarishni tashkil etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha “yoʻl xaritalari” va investitsiya loyihalarini mulkdorlar bilan birga ishlab chiqish, shuningdek, ularni tasdiqlash;

foydalanilmayotgan obyektlar faoliyatini tiklash boʻyicha takliflarni taqdim etmagan yoki tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlamayotgan mulkdorlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan taʼsir choralarini qoʻllash haqida xulosalar chiqarish;

davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish va ishchi guruhlar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitish;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar va tijorat banklari kreditlarini olishda koʻmaklashish.

4. 2018 yil 15 sentyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) davlat mulki boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlar oʻrnatilgan tartibda sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida, shu jumladan, ijaraga beriladi;

b) foydalanilmayotgan obyektlar mulkdorlari – yuridik shaxslarga quyidagi taʼsir choralari qoʻllaniladi:

soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni umumbelgilangan tartibda toʻlashga oʻtkazish;

mol-mulk va yer soliqlarini ikki karra miqdorda toʻlash, 6 oy oʻtgandan soʻng – besh karra, 12 oy oʻtgandan soʻng va keyinchalik – oʻrnatilgan stavkaga nisbatan oʻn karra miqdorda toʻlashga oʻtkazish;

qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishini toʻxtatish.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

mazkur qarorning 4-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan taʼsir choralari idoralararo komissiya xulosasiga asosan mulkdorning idoralararo komissiya xulosasi bilan tanishganidan keyingi oydan boshlab qoʻllanadi;

idoralararo komissiyaning taʼsir choralarini qoʻllash haqidagi xulosasini chiqarish uchun mulkdor tomonidan foydalanilmayotgan obyektdan samarali foydalanish boʻyicha takliflar taqdim etilmaganligi yoki foydalanilmayotgan obyektdan samarali foydalanish boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ning bajarilmasligi asos boʻladi;

idoralararo komissiya qarori komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, bunda idoralararo komissiya yigʻilishida uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart;

foydalanilmayotgan obyektlarning mulkdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hududiy organlarining tegishli soʻrovnomasi kelib tushganidan keyin ikki oy muddatda foydalanilmayotgan obyektdan samarali foydalanish, shu jumladan, ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish obyektini barpo etish, obyektni aniq ijarachilarga taqdim etish, muayyan investorlar (sheriklar)ni jalb etish boʻyicha choralarni, shuningdek, foydalanilmayotgan obyekt faoliyatini tiklashning aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalarini nazarda tutadigan takliflarni taqdim etishlari shart;

foydalanilmayotgan obyektdan samarali foydalanish boʻyicha takliflar yuqori turuvchi tashkilot (mavjud boʻlgan taqdirda) bilan kelishilgan “yoʻl xaritasi” koʻrinishida taqdim etiladi;

foydalanilmayotgan obyektdan samarali foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritasi” idoralararo komissiya va balansda saqlovchining yuqori turuvchi tashkiloti (mavjud boʻlgan taqdirda) tomonidan ochiq muhokama yoʻli bilan, shuningdek, mulkdor, balansda saqlovchi (ularning vakillari) takliflarini inobatga olgan holda va ularning ishtirokida tasdiqlanadi;

mazkur qarorning 4-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan, oshirilgan stavkalar boʻyicha soliqlar idoralararo komissiya qaroriga asosan faqat ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishga jalb etilmagan qismiga nisbatan qoʻllanadi.

6. Foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jalb etish sxemalari 3-4-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.

7. Belgilansinki, mazkur qarorning 4-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan taʼsir choralari quyidagi mulkdorlarga nisbatan qoʻllanilmaydi:

qonun hujjatlari bilan tadbirkorlik subyektlariga ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish vazifasi yuklangan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning aybiga koʻra investitsiya loyihasini amalga oshira olmagan mulkdorlarga;

foydalanilmayotgan obyektdan samarali foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni (investitsiya loyihasini) taqdim etgan va amalga oshirishni boshlaganlarga – idoralararo komissiyaning mulkdor (uning roziligi boʻlgan taqdirda boshqa tashabbuskorlar, shu jumladan, ijaraga oluvchilar) tomonidan “yoʻl xaritasi” (investitsiya loyihasi) taqdim qilingan, shuningdek, uning amalga oshirilishi haqidagi xulosasi sanasidan keyingi kalendar choraklikdan boshlab.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga idoralararo komissiya xulosasi belgilangan tartibda yetkazilganidan keyingi oyning 10 sanasiga qadar foydalanilmayotgan obyektlarning mulkdorlari – soliq toʻlovchilar tomonidan tegishli shakldagi soliq hisob-kitoblari taqdim etilmagan taqdirda idoralararo komissiya xulosasi asosida mol-mulk va yer soliqlarini oshirilgan stavkalar boʻyicha hisoblash va hisoblangan summalarni ularning shaxsiy kartochkalariga kiritish huquqi berilsin.

9. Quyidagilarga:

idoralararo komissiyalar rahbarlariga – oʻz faoliyatida xolislik va ochiqlik prinsiplariga amal qilib, foydalanilmayotgan obyektlarni tiklash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligiga alohida eʼtibor qaratgan holda, komissiyaga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning soʻzsiz va sifatli bajarilishi uchun;

tumanlar (shaharlar) sektorlari rahbarlariga – foydalanilmayotgan obyektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshiradigan mulkdorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish, shuningdek, ularda yuzaga keladigan muammoli masalalarni hal etish uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga – idoralararo komissiyalarning ishchi organi funksiyalarini bajarish uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga – idoralararo komissiyaning xulosasi chiqarilgan mulkdorlarga nisbatan mazkur qarorda nazarda tutilgan taʼsir choralarining oʻz vaqtida va soʻzsiz qoʻllanilishi uchun;

idoralararo komissiyalar va ishchi guruhlar aʼzolariga – oʻzlari vakil boʻlgan davlat boshqaruvi organi va tashkilotlarning masʼuliyat sohalari boʻyicha javobgarlik yuklansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi ikki oy muddatda oʻzlariga tegishli boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlarni tanqidiy tahlil qilsin va tahlil natijalariga koʻra obyektlardan samarali foydalanish yuzasidan aniq chora-tadbirlardan iborat boʻlgan “yoʻl xaritalari” yoki ularni tumanlar (shaharlar) hokimliklariga berish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi bir oy muddatda foydalanilmayotgan obyektlar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirishni va elektron tarzda maʼlumot almashishni, shuningdek, ularning mulkdorlariga nisbatan taʼsir choralari qoʻllanishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishchi guruhlarning tegishli murojaatidan soʻng bir oy davomida foydalanilmayotgan obyektlar boʻyicha kadastr hujjatlarining rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qaror mazmun-mohiyati keng yoritilishini hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi har chorakda mazkur qaror ijrosi boʻyicha koʻrilayotgan choralar natijalari va samaradorligi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga

5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2018 yil 4 sentyabr

www.prezident.uz