ISTIQLOL FARZANDLARI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Poytaxtimizda Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tgan uchrashuvda akademiya rektori M.Aliyev, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar Prezidentimiz asarlarida xalqimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan murakkab, ayni vaqtda sharafli yo‘li o‘z ifodasini topgani, bugungi kunda hayot oldimizga qo‘yayotgan dolzarb va o‘tkir savollarga haqqoniy javob berilganini alohida ta’kidladi.
– Prezidentimiz kitoblarida davlatimiz va jamiyatimizning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi aniq-ravshan belgilab berilgan, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Andijon san’at kolleji bitiruvchisi Sevara Foziljonova. – Mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, iqtisodiy qudratini yanada oshirish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sportni izchil rivojlantirish, yoshlar uchun qulay sharoitlar yaratish, har bir hududni ravnaq toptirishga doir ustuvor yo‘nalishlar bayon qilingan. Davlatimiz rahbari asarlarini o‘rganish kelajakka dadil qadamlar bilan kirib borayotgan biz, yoshlar uchun muhim dasturilamaldir.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda avtosanoat rivojlanishi: tarix va istiqbol” mavzuidagi davra suhbatida Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy avtomobilsozlik sanoatiga asos solinishi, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati va sohaning bugungi istiqbollari haqida so‘z bordi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk avtomobillari, maxsus transport vositalari dunyo bozorida ham xaridorgir.
Prezidentimizning 2009-yil 27-apreldagi qarori asosida tashkil etilgan Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida avtomobil, mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, energetika, sanoat va xo‘jalik obyektlarini loyihalashtiradigan va quradigan korxona, tashkilotlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda AKT sohasida erishilgan yutuqlar” mavzuidagi taqdimot ham yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Mamlakatimizda axborot tizimlari va komputer tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda. Dasturiy ta’minotchilar hamda ishlab chiqarish korxonalari, sanoat, infratuzilma tarmoqlari va boshqa zamonaviy axborot texnologiyalari iste’molchilari o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.
– Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan zamonaviy oliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan tanishib, ushbu universitetlarda yoshlarning bilim olishi, ma’naviyatini boyitishi uchun barcha qulayliklar yaratilganiga guvoh bo‘ldik, – deydi Jizzax viloyatidagi Zarbdor sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi, “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivali g‘olibi Muxtasar Mamarasulova. – Men ham kelajakda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida o‘qishni dilimga tugdim.
Yoshlar ijod saroyida eng ulug‘, eng aziz bayramimizga bag‘ishlab tashkil etilgan “Vatanimga muhabbatim izhori!” mavzuidagi ko‘rgazmadan yoshlarning Vatanimizga bo‘lgan mehr-muhabbati, buyuk kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchi, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish bilan bog‘liq g‘oyalar tasvirlangan foto, video asarlari, ijodiy ishlari o‘rin oldi.
“Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostidagi “Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali “Turkiston” saroyining yozgi maydonida yosh ijrochi va ijodiy jamoalar ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi.
O‘zA