JANUBIY KOREYA OAV: “O’ZBEKISTON - YANGI IPAK YO’LINING O’SISH NUQTASI”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaqinda Junubiy Koreyadagi qator matbaa nashrlari mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi hamda O’zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlari mavzuiga bag’ishlangan xabar-maqolalarni chop etdi.
Jumladan, “The Korea Post ” jurnali mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti mavzusiga murojaat qilar ekan, o’z rivojlanish modeli asosidagi izchil islohotlar amalga oshirilgani natijasida O’zbekiston ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini e’tirof etadi. Ma’lum qilinganidek, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash bo’yicha dasturiy chora-tadbirlarning samarasi o’laroq, 2000 – 2014-yillar davrida mehnat samaradorligi 2,2 baravarga o’sdi.
Nashr global miqyosdagi inqiroz hamon o’z ta’sirini ko’rsatib turgan bo’lishiga qaramay, so’nggi 17 yil davomida O’zbekiston savdo balansida ijobiy saldo barqaror ravishda ta’minlanayotganini o’z o’quvchilarining e’tiboriga havola qilgan. Shu bilan birga, respublikamizda iqtisodiyotning eksport salohiyatini kengaytirish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlarga ham yuqori baho berilgan. “Ana shunday sa’y-harakatlar tufayli tashqi bozorlarga milliy mahsulot yetkazib berish 30 baravardan ziyodga oshdi. Samarador tizimli va sarmoyaviy siyosatning amalga oshirilishida 2006-yili tashkil etilgan Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi muhim o’rin tutadi. Hozirgi paytda uning ustav kapitali 25 milliard AQSh dollarini tashkil etadi”, deb yozadi jurnal.
“The Korea Herald” gazetasida e’lon qilingan maqolada O’zbekistonga “Yangi Ipak yo’lining o’sish nuqtasi”, deya ta’rif berilgan. Unda Koreyaning O’zbekiston bilan turli sohalarda o’zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini qo’llab-quvvatlab kelayotgani haqida atroflicha fikr yuritilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlarining muntazam tashrif almashuvlari o’zaro manfaatli hamkorlikning mustahkamlanishi uchun kuchli quvvatni bag’ishlamoqda. “Keyingi 23 yil davomida 14 marotaba oliy darajadagi uchrashuvlar bo’lib o’tdi. 2014-yil iyun oyida Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Ko‘n Xe Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidan birinchi bo’lib O’zbekistonga tashrif buyurgani holda ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida muzokaralar o’tkazdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joriy yilning may oyida davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo’ldi”.
Gazetaning qayd etishicha, ushbu tashriflar chog’ida savdo va sarmoya, energetika, tabiiy resurslar, axborot texnologiyalari, moliya, qayta tiklanadigan energiya manbalari, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari o’zaro ishonch muhitida muhokama etildi.
O’zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishi mavzusi “The Korea Times” gazetasining ham e’tiboridan chetda qolmadi.
Nashr hozirgi paytda O’zbekiston hududida Janubiy Koreya sarmoyadorlari ishtirokidagi 412 korxona faoliyat ko’rsatayotgani, ularning 68 tasi 100 foiz Janubiy Koreya kapitali asosida barpo etilganini o’z o’quvchilariga ma’lum qilgan.
“Mamlakatda Koreya Respublikasining 79 ta kompaniyasi vakolatxonasi ochilgan, deb yozadi nashr. 2014-yil yakunlari bo’yicha o’zaro tovar almashish hajmi 2 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bu Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan umumiy tovar almashuvi hajmining qariyb yarmini tashkil etadi”.
Shuningdek, mazkur maqolada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikka ham alohida o’rin ajratilgan. Qayd etilganidek, Janubiy Koreyada o’zbek mutaxassislari muntazam ravishda tahsil olishadi, “Elektron hukumat” tizimidan qo’llanish yuzasidan o’zaro tajriba almashuvlari hayotga tadbiq etilmoqda.
“Jahon” AA, Seul