Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiyot klinikalari O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochadi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, nufuzli tashkilotlar hamda soha mutaxassislari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalarni O‘zbekistonda tatbiq etishga qo‘maklashib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-maydagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tanqidiy o‘rganish va uni tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq, bugungi kunda O‘zbekiston tibbiyotini tubdan takomillashtirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bunda mavjud muammolar, soha ekspertlarining fikrlari hamda xorij mamlakatlarining eng ilg‘or tajribalari o‘rganilmoqda.
Shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyaning bir qator tibbiyot maskanlari hamda ijtimoiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Delegatsiya a’zolari yirik tibbiyot muassasalari – Puchon shahri markaziy poliklinikasi va ko‘p tarmoqli shifoxonasi, Kvanju shahar tez tibbiy yordam markazlarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni o‘rgandi.
Tashrif davomida Jahon tadqiqotlar markazining Markaziy Osiyo instituti direktori Yung Xun Cho, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri faxriy maslahatchisi Kim Yunse, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri maslahatchisi – Aju universiteti prezidenti Yun Tayek-Rim bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida mamlakatimiz vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekistonda tibbiyotni tubdan takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani va bunda tibbiyot sohasi eng rivojlangan davlatlardan biri bo‘lgan Janubiy Koreya tajribasini o‘rganish muhim ekani ta’kidlandi.
Janubiy Koreyaning kadrlar tayyorlash tizimi bilan ham yaqindan tanishildi. Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislar Aju universiteti, uning tibbiyot markazi va shifoxonasi, Chonnam milliy universiteti va uning qoshida tashkil etilgan shifoxonaga tashrif buyurib, zamonaviy ta’lim tizimi hamda amaliyot jarayonlari bilan tanishdi. Chonnam milliy universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv tashkil etilib, ularga yaratilgan sharoitlar haqida suhbatlashildi.
Bundan tashqari, Milliy tibbiyot sug‘urta xizmatlari mintaqaviy ofisi rahbari Kim Bek-su bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Koreya Respublikasidagi tibbiy sug‘urta tizimi faoliyati, xizmat ko‘rsatish mexanizmlari haqida foydali ma’lumotlar to‘plandi. Chong xususiy tibbiyot birlashmasi faoliyati, mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar o‘rganildi.
Shu kunga qadar o‘tkazilgan 15 dan ziyod uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va klinikalarining filiallarini tashkil etish, shuningdek, o‘zbekistonlik shifokorlarning Janubiy Koreyada qisqa muddatli malaka oshirishi bo‘yicha dasturlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Muzokaralarda ta’kidlanganidek, bu, eng avvalo, O‘zbekistonda malakali kadrlar tayyorlash hamda soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish yo‘lidagi yana bir katta qadam bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Janubiy Koreya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot, Oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligi vazirliklarida muzokaralar o‘tkazadi hamda Kvandon universiteti qoshida tashkil etilgan tibbiyot universitetiga tashrif buyuradi.
Tashrif davomida, shuningdek, O‘zbekistonga investitsiya kiritish niyatidagi koreyalik yirik sarmoyadorlar, nufuzli kompaniya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zA