KITOBLAR DUNYOSIGA ZAVQLI SAYOHAT: "BOLALAR KITOBI" III RESPUBLIKA FESTIVALI BOSHLANDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida "Bolalar kitobi" III Respublika festivali boshlandi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Xalq ta’limi vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi va boshqa qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Mamlakatimizda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning milliy adabiyotimizga, kitob o‘qishga bo‘lgan mehrini tobora oshirish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
"Bolalar kitobi" III Respublika festivali "Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi" shiori ostida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad nashriyotlarimizda chop etilayotgan kitob mahsulotlari bilan xalqimiz, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarni keng tanishtirishdan iborat. Bu kabi kitob bayramlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimiz nashriyotlari tomonidan har yili 4 ming nomdan ziyod, umumiy adadi 50 milliontadan ortiq turli kitob mahsulotlari chop etilmoqda. Ellikdan ziyod nashriyot bolalarga bag‘ishlangan kitob mahsulotlarini tayyorlamoqda.
...So‘lim bog‘ kitoblarning mo‘jaz mamlakatiga aylangan. Kitoblar dunyosiga sayohat jarayonida adabiy-badiiy, ilmiy-ma’rifiy, qomusiy, o‘quv-uslubiy nashrlarning rang-barangligidan, bilimga tashnalik bilan kitob varaqlayotgan, ulardagi zavqli sarguzashtlardan hayratlanayotgan bolalarning ishtiyoqi va mutolaaga intilishidan ko‘z quvnaydi.
– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 135 nomga yaqin kitob nashriyotimizda chop etilgan bo‘lsa, ularning 80 ga yaqini bolalar uchun mo‘ljallangan, – deydi Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Davron Ulug‘murodov. – Kitobga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani nashriyotimizga kelayotgan maktublar, murojaatlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. "Mening birinchi kitobim" loyihasi bo‘yicha katta tirajda kitoblar chop etildi. Shuningdek, "Bolalar she’riyati antologiyasi", "Bolalar nasri antologiyasi", "Sinfdan tashqari o‘qish" kabi nashrlar ham yosh kitobsevarlar uchun o‘ziga xos tuhfadir.
– Festival davomida bolalarning kitobga bo‘lgan mehri nechog‘li kuchli ekanini ko‘rish mumkin, – deydi Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 5-umumta’lim maktabining axborot-resurs markazi xodimi Klara Ahmedova. – Maktabimizda "Bir farzandga uch kitob", "Farzandimga kitob sovg‘a qilaman" kabi loyihalar, ijodiy viktorinalar tez-tez o‘tkazib turiladi. Mazkur kitob bayrami yangi chop etilgan adabiyotlardan yosh kitobxonlarni boxabar etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Men tasviriy san’at, adabiyotga juda qiziqaman, – deydi Chilonzor tumanidagi 131-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Munisa Adhamova. – Festivalda kitob ko‘rgazmalarini aylanib, Oybekning "Navoiy" romanini xarid qildim. Kitob bayrami juda qiziqarli o‘tmoqda. Yangi kitoblar taqdimoti, turli ijodiy tanlovlar, she’rxonlik kechalari menda katta taassurot qoldirdi.
Festivalda kitoblar namoyishi, ko‘rgazmasi, taqdimoti, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, adabiy viktorinalar, tanlovlar, bolalar badiiy jamoalari ishtirokidagi konsertlar, teatr jamoalarining chiqishlari, uchrashuv va suhbatlar bo‘lib o‘tadi.
O’zA