KONSTITUTSIYA VA MULKDORLIK
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 53-moddasidan.
Bolaligim mulkdorlar turli qora nomlar bilan atalgan, o‘zining tashabbuskorligi, izlanuvchanligi bilan farovon hayotga intilganlarga tosh otiladigan sho‘rolar hukmronligi davriga to‘g‘ri kelgan.
U davrlarda hatto «xususiylashtirish» degan so‘zning ma’nosini aniq-tiniq tushuntirib bera oladiganlarni topish qiyin edi. Hukmron mafkura tomonidan xususiy mulkning muttasil qoralanishi, odamlarda mulkdor bo‘lishdan cho‘chish, mulkning faqat davlatga tegishli ekani mulkka egalik hissining barham topishiga olib kelgandi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida mahallamizda do‘kon ochib, savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yganimda odamlarning taajjub bilan qaragani, hatto ba’zi tanishlarim mendan uzoqlashganining guvohi bo‘lganman. Chunki o‘sha davrlarda Prezidentimiz keng yo‘l ochib bergan tadbirkorlik – to‘kin va farovon hayotning, mamlakat taraqqiyotining asosiy omillaridan ekanini ko‘pchilik birdaniga anglay olmagan, tijoratga shubha bilan qaraganlar bo‘lgan. Ammo o‘z faoliyatidan olgan daromadining barchasi o‘ziniki ekanini bilgach, odamlarning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shildi.
Bugun shaharlarni-ku qo‘ya turing, chekka qishloq va mahallalarda ham bir-biridan hashamatli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ishlab chiqarish korxonalarini ko‘rib, bu yo‘l bejiz tanlanmaganiga – xususiy mulkka keng erkinlik berilishi tufayli tadbirkorlik mamlakatimiz taraqqiyotining qanotiga aylanganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
O‘tgan salkam chorak asr mobaynida Yurtboshimiz rahnamoligida davlat mulkini xususiylashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu tashabbuskor, intiluvchan mulkdorlar qatlamining shakllanishiga keng imkoniyat yaratdi.
Ayniqsa, biznes yuritish shartlarining har tomonlama soddalashtirilayotganini aytmaysizmi? Avvallari hujjatbozlik, tekshir-tekshirlar ko‘pligidan ba’zan ishni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, ular bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelardi.
Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan tadbirkorlarning gardanidagi yuk bosqichma-bosqich kamaytirib borilayotgani tufayli emin-erkin ishlayotirmiz, faoliyatimiz kengayayotir. Bu borada Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aytaylik, oldin korxonaga soliq va boshqa idoralardan tekshirish kelishi ishlab chiqarish to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi mumkin edi. Tekshirishlar paytida tadbirkor bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘ygani aniqlangudek bo‘lsa, uning ustidan jinoyat ishi ochilmasligiga hech qanday kafolat berilmagandi. Buning oqibatida korxona ishchi-xodimlariga oylik, davlatga soliq to‘lanmay qolardi. Endilikda tekshiruv organlari oldiga tadbirkorni jazolash emas, balki ularga huquqiy yordam ko‘rsatib, rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratib berish vazifasi qo‘yildi.
Bugun yurtimizda biznesni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit bor. Konstitutsiyamiz asosida mulkdorlarga berilgan huquq va kafolatlar, Prezidentimiz rahnamoligida bu yo‘lda yaratilayotgan barcha sharoitlar, imtiyozlar bizni yanada faol bo‘lishga undaydi. Zero, tadbirkorlar qancha ko‘paysa, ishlab chiqarish ortadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, xalqimiz farovonligi yanada yuksaladi.
Furqat Qalandarov,
Toshkent shahridagi «Berk»
mas’uliyati cheklangan jamiyati
direktori.
O‘zA