KONSTITUTSIYA VA YOSHLAR
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 41-moddasidan.
Gulhayo yoshligidan rasm chizishga qiziqadi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarida tasviriy san’at to‘garagida mahoratini oshirdi. Ayniqsa, uning “Kuz manzarasi”, “Ona va bola”, “Qishloq” kartinalari muxlis va mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
U turli tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Toshloq iqtisodiyot kollejining 1-bosqichida tahsil olayotgan Gulhayo barcha yutuqlarini Bosh qomusimizda belgilab berilgan kafolatlar bilan bog‘laydi.
– Barcha tengdoshlarim qatori mening hayotimda ham Konstitutsiyaning o‘rni katta, – deydi G.Ma’murjonova. – Bilim olish, sport bilan shug‘ullanish, kasb-hunar o‘rganish, ishlash, dam olish va davolanish, chet ellarga chiqish imkoniyatlariga egaman. Mustaqil O‘zbekiston farzandi sifatida orzularimga yetishish yo‘lidagi barcha eshiklar men uchun ochiq ekanini bilaman va bundan g‘ururlanaman. Maqsadim, Prezidentimizta’kidlaganlaridek, barkamol avlodning biri bo‘lib yetishish, el-yurt ravnaqi uchun sidqidildan xizmat qilish.
O‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan va ertangi kuniga ishonchi mustahkam yoshlar – yurtimiz kelajagi. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, navqiron avlod kamoloti yo‘lidagi g‘amxo‘rliklar Bosh qomusimizda belgilangan huquq va kafolatlarning amaldagi ifodasidir.
Xalqimizning xohish-irodasi bilan 23-yil muqaddam qabul qilingan Asosiy qonunimiz barcha sohalar qatori ta’lim tizimini ham sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2001-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, o‘z huquqidan foydalanish ko‘nikmasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Konstitutsiya haqida suhbat”, “Konstitutsiya rangtasvir, izoh va chizgilarda” kabi risolalar, bolalarga mos fotoalbomlar tayyorlandi. Umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflari uchun “Konstitutsiya alifbosi”, “Konstitutsiya sabog‘i”, yuqori sinflar uchun “Konstitutsiyaviy huquq asoslari” kabi fanlardan darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
Farg‘ona viloyatida ham turli soha mutaxassislari uchun Konstitutsiyani o‘rganish bo‘yicha muntazam seminarlar tashkil etilmoqda. Ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini ushbu yo‘nalishda tayyorlash, malakasini oshirish, ommaviy axborot vositalarida Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida barcha ta’lim maskanlari zamonaviy tarzda qayta barpo etilib, jahon talablari darajasida jihozlandi. Yoshlarimizning intellektual salohiyatini yuksaltirish, bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
– Mamlakatimiz istiqbolini ta’minlashda biz erishayotgan barcha yutuqlarning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilayotgan Konstitutsiyamizni bilish, yoshlar qonunlarga hurmat ruhida kamol topishi muhim ahamiyatga ega, – deydi Toshloq iqtisodiyot kolleji direktori Shuhrat Saidov.
Mazkur kollejda 700 dan ziyod o‘g‘il-qiz 6 yo‘nalishda ta’lim-tarbiya olmoqda. O‘quvchilar barcha fanlar qatori Konstitutsiyamiz, uning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati haqida ham puxta bilimga ega bo‘lmoqda. Bunda ta’lim dargohida yo‘lga qo‘yilgan turli tanlovlar va o‘nga yaqin to‘garakning o‘rni katta.
– O‘zbekistondek kelajagi buyuk davlatning farzandi ekanimdan faxrlanaman, – deydi kollej o‘quvchisi Akbar Ismoilov. – Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, keyinchalik o‘zi tanlagan kasb bo‘yicha ishini davom ettirishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Biz, yoshlarning haq-huquq va erkinliklari kafolatlab qo‘yilgan Konstitutsiyamizni o‘qish, uning har bir moddasini o‘rganish, mazmun-mohiyatini tushunish hayotimizda juda muhim o‘rin tutishini yaxshi bilamiz.
Asosiy qonunimizda har bir fuqaroning nafaqat huquq va erkinliklari kafolati, balki davlat va jamiyat oldidagi burchi ham belgilab berilgan. Ayniqsa, yoshlarni bilim olishga, qiziqishiga qarab kasb-hunar egallashga, malakali mutaxassis bo‘lib voyaga yetishga jalb qilishda, ularni kuchli, bilimli, dono va baxtli avlod bo‘lib yashashini ta’minlashda Konstitutsiya asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zA