KUCH VA QAT’IYATDA HECH KIMDAN KAM EMAS
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Ayni chog‘da jahon ahli intiqib kutayotgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Dunyoning ko‘zga ko‘ringan atletlari orasida mamlakatimizning eng sara sportchilari professional mahoratini sinovdan o‘tkazadi. Shubhasiz, Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish har bir davlat vakili uchun chinakam faxr hisoblanadi.
Mustaqillik yillarida ana shunday sharafga ega bo‘layotgan sportchilarimiz soni yil sayin ortib borayotgani g‘oyatda quvonarli, albatta. Endilikda ular nafaqat to‘rt yillikning nufuzli musobaqasida qatnashish, balki dunyo miqyosida o‘rni va mavqyei yuksalayotgan diyorimizga salmoqli natijalar bilan qaytishga intilmoqdalar. Bu, avvalo, yoshlarimizning ona-Vatanga cheksiz muhabbati hamda o‘zlariga bo‘lgan mustahkam ishonchidan, salohiyat, kuch va qat’iyat bobida hech kimdan kam emasligidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, istiqlolning ilk yillaridan o‘sib kelayotgan avlodni barkamol qilib tarbiyalash, oilalarda hamda jamiyatda sog‘lom turmushni qaror toptirishga ustuvor e’tibor qaratilib, shu maqsadda ro‘yobga chiqarilayotgan kompleks chora-tadbirlar salomatlik omili — sportning tobora ommalashuvini ta’minlamoqda. Bolalar sportini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib muhofaza etishga qodir avlodning shakllanishiga zamin -yaratdi. O‘tgan qisqa davrda shaharu qishloqlarimizda barcha qulaylikka ega 51 mingdan ortiq sport inshootlari bunyod qilindi.
Bu borada uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan ishlar natijasida hozirgi paytda respublikamizda 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning qariyb oltmish foizi sport seksiyalariga qatnamoqda. Muhimi, bugun jahon shohsupalarini zabt etayotgan o‘g‘il-qizlarimizning safi kengayib borayotir hamda ularning yutuqlari har birimizga cheksiz g‘urur va iftixor hissini bag‘ishlayapti.
Vaholonki, atigi chorak asr oldin yurtimizning olis, chekka hududlarida ham zamonaviy sport inshootlarining barpo qilinishini, o‘zbek yoshlari jahon chempionatlarida bemisl zafar quchishi u yoqda tursin, bunday nufuzli musobaqalarda ishtirok etishini tasavvurimizga ham sig‘dira olmaganmiz. Sir emas, mustabid tuzum davrida sportni ommalashtirish, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish haqida umuman so‘z yuritilmas, maktablardagi jismoniy tarbiya darslari ham nomiga o‘tilar, bu borada qishloqlarda ahvol yanada achinarli edi. Yer yuzining qaysidir manzilida o‘tayotgan xalqaro musobaqani teleekran orqali kuzata turib, “Bizning farzandlarimiz ham shunaqa bellashuvlarda qatnasharmikan?” deya o‘kingan odamlarni ko‘p ko‘rganmiz.
Navqiron avlodni jismoniy, ruhiy hamda ma’naviy yetuk qilib tarbiyalash masalasi e’tibordan chetda qolib kelgani sababi, mana, endi hammamizga ravshan. Axir kecha kim edigu bugun kim bo‘lganimizni vaqt o‘tgani sayin teran anglab yetmoqdamiz, ertaga yanada yuqori marralarni egallash nechog‘li muhim ekanini tobora chuqur his etayapmiz.
Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan sport bayrami yaqinlashgani sari ko‘nglimizdan kechayotgan bu o‘ylar hayajon bilan qorishib ketmoqda. Kimdir og‘ir atletikachilarimiz, yana kimdir esa taekvondo bo‘yicha mehrini qozongan sportchilarimiz nomini tilga olib, vakillarimiz, so‘zsiz, zafar quchishiga umid bildirayapti. Shu o‘rinda Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan vakillarimiz orasida bokschilarimizga ham alohida ishonch bilan qaralayotganini ta’kidlashni istardik. O‘tgan yillarda mamlakatimizda barcha sport turi qatorida boksni rivojlantirish, professional charm qo‘lqop ustalarini tayyorlash tizimi izchil takomillashdi. Bunga isbоt tariqasida 2014/2015 yillarda yurtimizning barcha yosh va vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari turli darajadagi 269 ta medalga sazovor bo‘lganini misol sifatida keltirish mumkin. Qolaversa, o‘tgan yili poytaxtimizda boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida uyushtirilgan Osiyo chempionatida yurtimiz sportchilari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonning sport sohasida, jumladan, boksda erishayotgan muvaffaqiyatlari Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Ushbu uyushma rahbari Ching-Kuo Vu yaqinda Oqsaroy qarorgohida davlatimiz rahbari qabulida bo‘lib, sport hamda olimpiya harakatini ommalashtirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun, shuningdek, boksni xalqaro va milliy darajada rivojlantirish borasidagi fidokorona mehnati e’tirofi sifatida O‘zbekiston Respublikasi -Prezidentiga AIBAning yuksak mukofoti — “Xizmatlari uchun” ordenini topshirgani yanada e’tiborlidir.
Darvoqye, 200 dan ortiq davlat vakillari qatnashishi kutilayotgan Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘i ostida maydonga kirib keladigan sportchilarimizning har biri kuch, mahoratu iroda bobida toblangan. Ular orasida mustaqillik yillarida tug‘ilgan hamda kamolga yetgan yigit-qizlarning safi keng. Bu yosh sportchilarimiz timsolida “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli, qudratli yurtning farzandlari sog‘lom bo‘lur”, degan haqiqatning hayotbaxshligiga yana bir karra amin bo‘lamiz.