KVON YON U: O‘ZBEKISTON XALQI MUSTAQILLIK YILLARIDA ERISHGAN YUTUQLARI BILAN HAR QANCHA FAXRLANSA ARZIYDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sheriklardir. Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi oldidan O‘zA muxbiri Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U bilan suhbatlashdi.
– Janob elchi, suhbatimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25-yilligi arafasida o‘tmoqda. Mamlakatimizda istiqlol yillarida turli jabhalar, jumladan, iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi fikrlaringizni bildirsangiz.
– O‘zbekiston boy tabiiy resurslari, yuqori malakali kadrlari va qulay geografik joylashuvi bilan ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlat.
Mustaqillik yillarida keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning amalga oshirilgani hamda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka erishilgani samarasida O‘zbekiston bozor iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan industrial davlatga aylandi.
O‘zbekistonda sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, mahalliylashtirish dasturlari hayotga samarali tatbiq etilmoqda. «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Angren» va «Jizzax» maxsus industrial zonalarining tashkil etilgani va iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarning keng jalb etilayotgani bu borada muhim o‘rin tutmoqda.
Koreya Respublikasi beg‘araz yordam berish loyihalari, o‘zaro bilim almashish bo‘yicha qo‘shma dasturni (KSP) amalga oshirish, investitsiya kiritish orqali ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorligimiz kelajakda ham rivojlanib, yanada mustahkamlanishiga ishonamiz.
– O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbolini qanday baholaysiz? Mamlakatlarimiz hamkorligining qaysi yo‘nalishlarini ustuvor deb hisoblaysiz?
– Kelgusi yil Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligini nishonlaymiz. Shu yillar davomida mamlakatlarimiz barcha jabhalar, jumladan, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy sohalarda strategik sheriklarga aylandi.
Ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlari hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir. Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 2014-yilning iyun oyida Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015-yilning may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan bordi. Mazkur tashrif doirasida logistika, investitsiya, energetika, tabiiy resurslar, axborot texnologiyalari, moliya, qayta tiklanadigan energiya manbalari, madaniyat va mudofaa sohalarida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
2016-yilning may oyida Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An O‘zbekistonga tashrif buyurib, yirik qo‘shma loyiha – Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.
Koreya Respublikasi Surg‘ildek yirik loyihalarni ishlab chiqishni davom ettiradi, shu tariqa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Shuningdek, O‘zbekistonning 2015-2019-yillarda infratuzilmani rivojlantirish va sanoatni modernizatsiya qilish dasturlarida, «elektron hukumat», qayta tiklanadigan energiya manbalari, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, moliya sohalarini rivojlantirishda ishtirok etishni o‘zaro hamkorligimizning istiqbolli yo‘nalishlari deb bilamiz.
O‘zbekiston mintaqadagi muhim transport uzeli sifatida ham katta salohiyatga ega. Shu bois infratuzilma va logistika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
– 2016-yil Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekistonda Sog‘lom ona va bola yili, deb e’lon qilindi. Mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikringizni bildirsangiz.
– O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, iqtisodiyotni izchil rivojlantirish bilan birga sog‘lom avlodni shakllantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi va bu tahsinga loyiqdir.
Mamlakatlarimiz ushbu yo‘nalishda ham faol hamkorlik qilayotir. Ayni paytda KOICA agentligi bilan hamkorlikda va EDCF loyihalari orqali Toshkent shahrida respublika ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi barpo etilmoqda.
Koreya Respublikasining tibbiyot tashkilotlari va O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalari bolalarni bepul davolash va operatsiya qilish, masofadan turib davolashni rivojlantirish, ikki mamlakat tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.
– Toshkentda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida ishtirok etgan Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari mamlakatimiz agrosanoat kompleksi salohiyatini qanday baholadi?
– Qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati va servis xizmatini «oltinchi sanoat» deb bejiz aytishmaydi. Oziq-ovqat ta’minoti xalqaro hamjamiyat uchun asosiy muammolardan biridir. Shu bois qishloq xo‘jaligining o‘rni kun sayin ortib borayotir.
Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida Janubiy Koreyaning ko‘plab vakil va mutaxassislari ishtirok etib, o‘zbekistonlik hamkasblari bilan o‘zaro manfaatli shartnomalar imzoladi.
Qulay tuproq-iqlim sharoitlari va malakali ishchi kuchiga ega O‘zbekiston meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish, uning sifatini yaxshilash, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish borasida islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda va bu salmoqli natijalar bermoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning 80 mamlakatiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilmoqda. Serquyosh o‘lkangizda yetishtirilgan meva-sabzavotlar o‘zining mazali ta’mi va foydali xususiyatlari bilan dunyoga mashhur. Aviatashuvlar kengayishi munosabati bilan O‘zbekiston yaqin vaqt ichida jahonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi yetakchi davlatga aylanishiga ishonamiz.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar samarasida O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga yuqori sifatli meva-sabzavotlar yetkazib berish ko‘payib, mamlakatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi yanada rivojlanadi.
– Prezident Islom Karimovning tashabbusi bilan mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqidagi fikrlaringizni bayon etsangiz...
– O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikning dastlabki yillaridan tinchlikparvar tashqi siyosat yuritib, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni saqlashga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishda faol ishtirok etmoqda. Davlatingizning mazkur maqsadga harbiy yo‘l bilan emas, balki faqat siyosiy muzokaralar o‘tkazish orqali erishish mumkinligi to‘g‘risidagi qat’iy pozitsiyasini alohida ta’kidlashni istardim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1993-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi sessiyasida ilgari surgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni barpo etish tashabbusini yuqori baholaymiz. BMT Xavfsizlik Kengashining 2014-yilgi majlisida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaning Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi protokoli imzolanishi ushbu tashabbusning to‘liq amalga oshirilishiga xizmat qildi.
– O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan xalqimizga bayram tilaklaringiz...
– O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni va o‘tgan 25-yil davomida erishgan ulkan muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabriklayman. Xalqingiz mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari bilan har qancha faxrlansa arziydi. O‘zbekistonga ravnaq, xalqingizga baxt-saodat tilayman.
O‘zA