LIZING VA SUG’URTA XIZMATLARI BOZORI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Poytaxtimizda Sug’urtalash va qayta sug’urtalash bo’yicha IX Toshkent xalqaro forumi hamda VIII Toshkent xalqaro lizing forumi bo’lib o’tayotir.
“Saipro” axborot-reyting agentligi tomonidan bir qator xorijiy va milliy sug’urta kompaniyalari hamda lizing beruvchi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirlarda tegishli vazirlik va idoralar, reyting agentliklari vakillari hamda xorijiy ekspertlar qatnashmoqda.
Aytish joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida sug’urta bozorida barqaror iqtisodiy o’sish sur’atlari kuzatilayotgani, soha faoliyatiga oid qonunchilik bazasi takomillashtirilib, aholi va mijozlarga sifatli xizmatlar ko’rsatilayotgani diqqatga sazovordir. Bunda Prezidentimizning 2007-yil 10-apreldagi “Sug’urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori muhim dasturilamal bo’layotir. Natijada “O’zbekinvest” eksport-import Milliy sug’urta kompaniyasi o’tgan yilning o’zida Investitsiya dasturiga kiritilgan 85 ta loyihaga 16,2 trillion so’m sug’urta himoyasini taqdim etgan bo’lsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining eksport shartnomalarini sug’urtalash yuzasidan 219,9 milliard so’mlik majburiyatlarni qabul qildi.
— Lizing forumida Yevropa lizing va sug’urta bozorining qiyosiy tahliliga oid ma’ruza bilan ishtirok etayapman, — deydi Ruminiyaning Moliyaviy kompaniyalar uyushmasi Bosh kotibi Adriana Achiarliu. — Bunday anjumanlarning an’anaviy tarzda tashkil etilishi dunyo mamlakatlarining lizing, sug’urtalash hamda qayta sug’urtalash borasidagi tajribasini ommalashtirishda ayni muddaodir. Mamlakatingizda mazkur sohani rivojlantirish va takomillashtirishga, ayniqsa, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan doimiy e’tibor o’zining ijobiy samarasini berayotgani alohida e’tirofga loyiq.
O’zbekiston Lizing beruvchilar uyushmasi vakili Shuhrat Rasulovning aytishicha, bugungi kunda respublikamizda 40 ta -lizing kompaniyasi mavjud. O’tgan yili 90 ta tashkilot, xususan, 24 bank tomonidan lizing xizmatlari ko’rsatilib, lizing operatsiyalarining umumiy portfeli 2,45 trillion so’mni tashkil etdi.
— Biz ko’p yillardan buyon biznesni barcha turdagi xavflardan qayta sug’urtalash bilan shug’ullanib kelayapmiz, — deydi Germaniyaning “Hannover” kompaniyasi sug’urtachisi Yoxann Fuks. — Shu ma’noda aytish mumkinki, O’zbekiston sug’urta bozori jadal rivojlanmoqda. Bugungi yirik anjuman esa jahon mamlakatlari ekspertlari hamda soha mutaxassislari bilan o’zaro fikr almashish, eng muhimi, O’zbekiston tajribasini o’rganishda qulay fursatdir.
Forum doirasida sug’urta sohasidagi “Oltin soyabon” va bank-lizing faoliyati bo’yicha “Oltin portfel” tanlovi g’oliblari hamda sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi ham o’tkazildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Buxoro shahriga tashrif buyurib, u yerdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar hamda hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Bugun yakuniga yetadigan ikkala forum O’zbekiston va xorij mamlakatlari o’rtasida sug’urtalash hamda qayta sug’urtalash bozori bo’yicha o’zaro manfaatli hamkorlik o’rnatish, lizing va sug’urta kompaniyalarining aloqalarini yanada mustahkamlash, sug’urta bozorlaridagi zamonaviy tendensiyalarni tahlil etish hamda istiqbolli qo’shma loyihalar tuzish, pirovardida yurtimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
"Jahon" AA