LYUKSEMBURGDA O’ZBEKISTON TAQDIMOTI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Lyuksemburgda O’zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va ulkan sayyohlik salohiyatining taqdimoti bo’lib o’tdi. Ushbu tadbir mamlakatimizning Benilyuks davlatlaridagi diplomatiya vakolatxonasi, O’zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, O’zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi va “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan o’zaro hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimot qatnashchilari respublikamizning zamonaviy rivojlanishi va sayyohlik sohasidagi ulkan imkoniyatlari, o’zbek xalqining tarixi, madaniyati, o’ziga xos urf-odat va an’analari, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent singari ko’hna shaharlar bag’rida joylashgan me’moriy yodgorliklar haqidagi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir chog’ida O’zbekistonda har yili o’tkaziladigan nufuzli sayyohlik ko’rgazma va yarmarkalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, bu yo’nalishdagi xalqaro tadbirlar mahalliy va xorijiy sayyohlik yo’nalishlarini ilgari surish uchun ajoyib minbar sifatida xizmat qilayotgani barobarida respublika sayyohlik industriyasini diversifikatsiyalashda qo’lga kiritilayotgan natijalarni ham namoyish etmoqda.
Soha mutaxassislari amaliy aloqalarni yo’lga qo’yishlari uchun taqdimot marosimi doirasida o’zbekistonlik va lyuksemburglik turoperatorlarning V2V (business-to-business) shaklidagi amaliy uchrashuvlari ham o’tkazildi.
Tadbir chog’ida mamlakatimiz bo’ylab bepul sayohat lotereyasi ham o’ynaldi. Mehmonlar o’zbek xalqi madaniyati va o’ziga xosligining muhim tarkibiy bo’laklaridan biri bo’lgan milliy oshxonamiz ne’matlaridan tatib ko’rdilar.
Lyuksemburg sayyohlik ittifoqi (Union Luxembourgeoise de Tourisme) vakili Lidiya Xeynish tadbirdan orttirgan taassurotlarini “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan o’rtoqlashar ekan, O’zbekiston o’zining boy sayyohlik salohiyatini muvaffaqiyat bilan ilgari surayotganini hamda o’zbeklar zamini eng ko’p sayyohlar boradigan mamlakatga aylanayotganini aytdi.
— Lyuksemburg aholisi nafaqat Yevropa mamlakatlari, balki boshqa mintaqalar bo’ylab sayohatga chiqishni ham xush ko’radi, - dedi u. - Globallashuv jarayoni davom etayotgan bir sharoitda odamlarga dunyoning turli xalqlari madaniyati va an’analari bilan tanishish qiziqarlidir. Shu bois O’zbekiston yevropalik sayyohlar uchun jozibali yo’nalishlardan biri bo’lib qolgan. Chunki mamlakatingiz noyob madaniy-tarixiy merosga, zamonaviy infratuzilma hamda go’zal tabiatga ega. Bularning barchasi sayohatchilar oqimining oshishiga xizmat qiladigan muhim omillar sirasiga kiradi.
“SIEL VOYAGES” sayyohlik kompaniyasi direktori Bruno De Griif qayd etganidek, sayyohlik har qanday mamlakat iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
— Bu tarmoqning rivojlanishi nafaqat milliy iqtisodiyot o’sishiga, balki dunyodagi turli xalqlar madaniyati, tarixi hamda an’analarini o’rganish va targ’ib etishga ham xizmat qiladi, - dedi B. De Griif. - O’zbekiston bo’ylab sayyohlik yil sayin ommalashib bormoqda. Bunga ko’p jihatdan mamlakatning mehmonxona, transport infratuzilmasi va xizmat ko’rsatish sohalarini har tomonlama rivojlantirishga yo’naltirilgan siyosati ko’maklashmoqda. O’zbek xalqining ochiqko’ngil va mehmondo’stligi, nafis va mahobatli diqqatga sazovor maskanlari, boy madaniy merosi borgan sari yevropalik sayyohlarni o’ziga ohanrabodek jalb etmoqda.
Biz bugun o’zbek sheriklarimiz bilan erishilgan kelishuvlar yaxshi natijalar berishiga umid qilamiz. Bundan keyin ham Yevropa bozorida mamlakatingiz brendini ilgari suramiz va O’zbekistonga yanada ko’proq sayyohlar guruhlarini yuboramiz.
“Saveurs du Voyage” sayyohlik kompaniyasi menejeri Jefri Kelkenirs ham o’zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik munosabatlari ko’lamlarini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirar ekan, O’zbekiston Buyuk Ipak yo’lining katta salohiyatga ega bo’lgan, tom ma’nodagi ganjina mamlakati ekanligini e’tirof etdi.
— O’zbekiston butun dunyo, jumladan, Yevropa sayohat ishqibozlari uchun tobora ommaviylashib borayotgan sayyohlik yo’nalishlaridan biri hisoblanadi, - dedi u. - Bu esa G’arb jamoatchiligida o’zbek xalqining tarixiy va madaniy merosiga, mamlakatning zamonaviy rivojlanishiga bo’lgan qiziqish kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ishonchim komilki, O’zbekistonning har tomonlama rivojlanib borayotgani uning jahon sayyohlik markazlaridan biri bo’lib qolishini ta’minlaydi.
“Jahon” AA, Lyuksemburg