M.KAZIRIDI: “GRETSIYADA HAM O’ZBEKISTONNING SAYYOHLIK IMKONIYATLARIGA NISBATAN QIZIQISH KUCHAYIB BORMOQDA”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O’zbekiston Respublikasining Afinadagi Bosh konsulligi tomonidan Gretsiyadagi yetakchi sayyohlik operatorlaridan biri - “Open Way Tours” kompaniyasi bilan o’zaro hamkorlikda mamlakatimiz sayyohlik salohiyati mavzusiga bag’ishlangan marosim o’tkazildi.
Unda Gretsiyada faoliyat ko’rsatadigan qator sayyohlik kompaniyalari, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-akademik va ishbilarmon doiralari, jamoatchilik vakillari hamda mahalliy jurnalistlar ishtirok etdilar.
Tadbir chog’ida uning qatnashchilari mamlakatimizning Afinadagi diplomatiya vakolatxonasi xodimlari, sayyohlik agentliklari rahbarlari va boshqa mutaxassislarning marosim mavzusi bo’yicha chiqishlarini tinglashgani barobarida O’zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan ham yaqindan tanishdilar. Alohida qayd etilganidek, O’zbekiston butun dunyoga mashhur bo’lgan tarixiy yodgorliklarga juda boydir, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz singari shaharlarimiz YUNESKO Butunjahon merosi ro’yxatidan joy olgan.
Shuningdek, noyob jo’g’rofiy joylashuv va go’zal tabiatga ega ekanligi ham O’zbekiston sayyohlik sohasi rivojlanishining muhim omillaridan biri ekanligi, ular sayyohlarning ko’ngildagidek dam olishlari va sayohat qilishlari uchun katta imkoniyatlarni yaratib berayotgani ta’kidlandi.
Marosim chog’ida 2014 yili Samarqandda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi o’tkazilganiga alohida e’tibor qaratilar ekan, bu O’zbekistonning sayyohlik sohasida ega bo’lgan salmoqli salohiyatidan dalolat berishi qayd etildi. Yuqoridagilardan tashqari, mustaqil taraqqiyot yillari davomida respublikada sayyohlik industriyasini rivojlantirish, xususan, mehmonxona xo’jaligi, transport infratuzilmalarini shakllantirish yuzasidan benihoya katta ishlar amalga oshirilgani xususida ham atroflicha fikr yuritildi.
“Open Way Tours” sayyohlik kompaniyasi rahbari M.Kaziridi o’z chiqishida O’zbekiston yildan-yilga dunyo miqyosida jozibador va nomdor sayyohlik mamlakati bo’lib borayotganini e’tirof etdi. “O’zbekiston sayohatchilar orasida yanada mashhur bo’lib bormoqdaki, bunga ko’p jihatdan davlatning sayyohlik jabhasini har tomonlama rivojlantirishga yo’naltirilgan siyosati ko’maklashmoqda. “Sharq durdonalari” hisoblanadigan Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari Yevropa, Amerika, Osiyo mamlakatlari sayyohlarida tobora katta qiziqish uyg’otmoqda. O’zbekistonda mavjud bo’lgan boy me’moriy va madaniy meros hamda mamlakat xalqining mehmondo’stligi buning asosiy sabablari sirasiga kiradi. Jumladan, Gretsiyada ham O’zbekistonning sayyohlik imkoniyatlariga nisbatan qiziqish kuchayib bormoqda”, dedi u.
Gretsiyalik taniqli yozuvchi L.Giorgiu mamlakatimiz tarixi xususida qisqacha to’xtalar ekan, zaminimiz buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda Amir Temur hamda buyuk olim Mirzo Ulug’bek singari jada ko’plab alloma va mutafakkirlarga beshik bo’lganini, ular jahon sivilizatsiyasi, madaniyati va ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo’shganini aytdi.
“O’zbekiston boy tarixiy o’tmishga, o’ziga xos va rang-barang madaniyat hamda go’zallikda betakror me’moriy yodgorliklarga ega bo’lgan noyob mamlakatdir”, dedi L.Giorgiu.
“Jahon” AA, Afina