Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

MA’MURIY TARTIB-TAOMILLAR TO‘G‘RISIDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
MA'MURIY TARTIB-TAOMILLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 14 dekabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2017 yil 20 dekabrda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari

Ushbu Qonunning maqsadi ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning asosiy vazifalari ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iboratdir.

2-modda. Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Maxsus ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari jismoniy va yuridik shaxslarning holatini yomonlashtirmasligi kerak.

Ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishga doir u yoki bu munosabatlar maxsus ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu Qonun normalari qo‘llaniladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi

Ushbu Qonun ma’muriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan litsenziya, ruxsat berish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, davlat xizmatini o‘tash, referendumlar, saylovlar o‘tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibоt sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasiga kiruvchi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

manfaatdor shaxs — qabul qilinayotgan ma’muriy hujjat yoki ma’muriy harakat qaratilgan shaxs, shuningdek huquqlari va qonuniy manfaatlari ma’muriy hujjatga yoki ma’muriy harakatga daxldor bo‘lgan yoxud daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxs;

ma’muriy ish yuritish — ma’muriy tartib-taomil orqali tartibga solingan ma’muriy ishni ko‘rib chiqish, ma’muriy hujjatni qabul qilish, uni ma’muriy shikoyat bo‘yicha qayta ko‘rish, shuningdek ma’muriy hujjatni ijro etish jarayoni;

ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) — ma’muriy organning qonun hujjatlari doirasida yo‘l qo‘yilgan choralardan birini qonuniylikka va maqsadga muvofiqlikka o‘zi baho berishi asosida o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘llash yoki tegishli chorani qo‘llashdan voz kechish huquqi;

ma’muriy organlar — ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida ma’muriy boshqaruv vakolati berilgan organlar, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek ushbu faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa tashkilotlar va maxsus tuzilgan komissiyalar;

ma’muriy tartib-taomil — ma’muriy organlarning ma’muriy-huquqiy faoliyatini tartibga soluvchi protsessual qoidalar;

ma’muriy harakatlar — ma’muriy organning jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida amalga oshirilgan, ma’muriy yoki protsessual hujjat bo‘lmagan, yuridik ahamiyatga ega harakatlari (harakatsizligi);

ma’muriy hujjat — ma’muriy organning ommaviy huquqiy munosabatlarni yuzaga keltirishga, o‘zgartirishga yoki tugatishga qaratilgan hamda ayrim jismoniy yoki yuridik shaxslar uchun yoxud muayyan xususiy belgilariga ko‘ra ajratiladigan shaxslar guruhi uchun muayyan huquqiy oqibatlar keltirib chiqaruvchi ta’sir chorasi;

ma’muriy-huquqiy faoliyat — ayrim jismoniy yoki yuridik shaxslarga yoxud muayyan xususiy belgilariga ko‘ra ajratiladigan shaxslar guruhiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqaruv faoliyati;

protsessual hujjat — ma’muriy organ tomonidan ma’muriy ish yuritish davomida qabul qilinadigan, ma’muriy ishni mazmunan hal etmaydigan hujjat.

5-modda. Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy printsiplari

Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

mutanosiblik;

ishonchlilik;

tinglanish imkoniyatining mavjudligi;

ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi;

manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi;

byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligi;

mazmunan qamrab olish;

ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi;

teng huquqlilik;

ishonchning himoya qilinishi;

ma’muriy ixtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi;

tekshirish.

6-modda. Qonuniylik printsipi

Ma’muriy tartib-taomillar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

7-modda. Mutanosiblik printsipi

Ma’muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan ta’sir choralari ma’muriy organ tomonidan ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.

8-modda. Ishonchlilik printsipi

Ma’muriy ish yuritish davomida manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan haqiqiy holatlar to‘g‘risidagi hujjatlar va ma’lumotlar aksi isbоtlanmaguniga qadar ishonchli hisoblanadi.

Manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning haqiqiyligiga shubha paydo bo‘lgan taqdirda, ma’muriy organ ularning ishonchliligini mustaqil ravishda va o‘z hisobidan tekshirish uchun choralar ko‘radi.

Ma’muriy ish yuritish davomida manfaatdor shaxslardan ular taqdim etgan hujjatlarning yoki ma’lumotlarning ishonchliligini tasdiqlovchi qo‘shimcha materiallar talab qilish, agar qonunda bunday talab belgilanmagan bo‘lsa, taqiqlanadi.

9-modda. Tinglanish imkoniyatining mavjudligi printsipi

Ma’muriy organ manfaatdor shaxsga ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlar yuzasidan o‘z fikrini bildirish imkoniyatini berishi shart.

10-modda. Ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi printsipi

Ma’muriy tartib-taomillar ochiq, shaffof va manfaatdor shaxslar uchun tushunarli bo‘lishi lozim.

Ma’muriy organlar ma’muriy tartib-taomillar haqidagi axborotdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan usullar orqali erkin foydalanilishini ta’minlashi shart.

11-modda. Manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi printsipi

Ma’muriy ish yuritish davomida yuzaga keladigan, qonun hujjatlarining bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklari va noaniqliklari manfaatdor shaxslar o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ushbu manfaatdor shaxslar foydasiga talqin qilinadi.

12-modda. Byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligi printsipi

Manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi.

Agar manfaatdor shaxs vijdonan harakat qilgan, o‘z majburiyatlarini mazmunan bajargan bo‘lsa hamda rasmiy qoidalar va talablarning yo‘l qo‘yilgan buzilishlari ma’muriy ishni mazmunan to‘g‘ri hal qilishga to‘sqinlik qilmasa, manfaatdor shaxs tomonidan rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilmaganligi nomuvofiq ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmaydi.

13-modda. Mazmunan qamrab olish printsipi

Ma’muriy organlar manfaatdor shaxslarga ilgari ushbu shaxslar tomonidan boshqa harakatlar doirasida bajarilgan talablarni qo‘yishga haqli emas.

Agar ma’muriy organga taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar ma’nosiga ko‘ra boshqa zarur hujjatlar mazmunini o‘z ichiga olsa, ushbu hujjatlar qo‘shimcha yoki alohida tarzda talab qilinishi mumkin emas.

Agar amalga oshirilgan ma’muriy tartib-taomil ma’nosiga ko‘ra boshqa ma’muriy tartib-taomillarni o‘z ichiga olsa, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ular ham amalga oshirilgan deb hisoblanadi.

14-modda. Ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi printsipi

Ma’muriy organga ma’muriy tartib-taomilni amalga oshirish uchun boshqa ma’muriy organlardan hamda o‘zga organlardan hujjatlar va ma’lumotlar olish talab etilgan hollarda, ma’muriy ish yuritish «bir darcha» printsipi bo‘yicha amalga oshirilib, bunda ma’muriy organ zarur hujjatlar va ma’lumotlarni mustaqil ravishda, manfaatdor shaxslarning ishtirokisiz, idoralararo o‘zaro hamkorlik vositasida oladi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

15-modda. Teng huquqlilik printsipi

Ma’muriy organlarga bir xildagi haqiqiy holatlarga ega ma’muriy ishlarni hal etishda teng bo‘lmagan yondashuvni namoyon etish taqiqlanadi.

Haqiqiy holatlari bo‘yicha jiddiy farqlanadigan ma’muriy ishlarni bir xil tarzda hal etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’muriy organ ma’muriy ixtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) bir xil usulda amalga oshirishi shart. Ushbu qoida ma’muriy ixtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan, shakllangan ma’muriy amaliyot o‘zgartirilishini istisno etmaydi.

16-modda. Ishonchning himoya qilinishi printsipi

Vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanadi.

Ma’muriy organlar manfaatdor shaxslarning yuzaga kelgan ma’muriy amaliyot bilan bog‘liq qonuniy kutilgan natijalarini hurmat qilishi shart. Yuzaga kelgan ma’muriy amaliyotning o‘zgartirilishi jamoat manfaatlari bilan oqlangan bo‘lishi, umumiy xususiyatga ega va barqaror bo‘lishi kerak.

17-modda. Ma’muriy ixtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi printsipi

Ma’muriy organ ma’muriy ixtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) qonun hujjatlarida belgilangan doirada amalga oshirishi shart.

Ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatlar va amalga oshirilgan ma’muriy harakatlar ushbu vakolatning maqsadiga mos kelishi kerak.

18-modda. Tekshirish printsipi

Ma’muriy organ ma’muriy ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirishi shart.

Zarurat bo‘lganda, ma’muriy organ manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan dalillar bilan cheklanmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha dalillar yig‘ishga haqli.

19-modda. Ma’muriy tartib-taomillar printsiplarining qo‘llanilishi

Ma’muriy hujjatlar va ma’muriy harakatlar ma’muriy tartib-taomillarning printsiplariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Ma’muriy tartib-taomillar printsiplariga nomuvofiqlik ma’muriy hujjatlarning va ma’muriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta ko‘rib chiqilishiga olib keladi.

2-bob. Ma’muriy tartib-taomillarning umumiy qoidalari

20-modda. Ma’muriy ishlarning taalluqliligi

Ma’muriy organlar ma’muriy ish yuritishni qonun hujjatlarida o‘z vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan amalga oshiradi.

Ma’muriy ishlarning taalluqliligi to‘g‘risidagi nizolar ma’muriy organlar uchun yuqori turuvchi hisoblangan organ yoki maxsus vakolatli organ tomonidan hal etiladi.

21-modda. Idoralararo hamkorlik

Idoralararo hamkorlik ma’muriy organning ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘rovi asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bo‘ysunuv munosabatlarida bo‘lgan ma’muriy organlar o‘rtasidagi munosabatlar idoralararo hamkorlik hisoblanmaydi.

Ma’muriy organning ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘rovi samaraliroq tarzda tegishli yordam ko‘rsata oladigan vakolatli ma’muriy organga yo‘llanishi kerak.

Ma’muriy organning ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘roviga javob berilmaganligi ma’muriy ishning hal etilishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.

22-modda. Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari quyidagilardan iborat:

ma’muriy organ;

qabul qilinayotgan ma’muriy hujjat yoki amalga oshirilayotgan ma’muriy harakat o‘ziga qaratilgan shaxs (bundan buyon matnda adresat deb yuritiladi);

huquqlari va qonuniy manfaatlariga ma’muriy hujjat yoki ma’muriy harakat daxldor bo‘lgan yoxud daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxs (bundan buyon matnda uchinchi shaxs deb yuritiladi).

Ma’muriy organ uchinchi shaxslarni ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishga o‘z tashabbusiga yoki manfaatdor shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra jalb qilishi mumkin.

Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda uchinchi shaxslar ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishga majburiy tartibda jalb etiladi.

23-modda. Ma’muriy ish yuritishda vakillik

Yuridik shaxslar ma’muriy ish yuritishda qonun hujjatlarida, ta’sis hujjatlarida yoki qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada belgilangan vakolatlari doirasida harakat qiluvchi o‘z vakillari orqali ishtirok etadi.

Jismoniy shaxslar ma’muriy ish yuritishda bevosita yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etishi mumkin, bundan qonun hujjatlarida ularning shaxsan ishtirok etishi zarurligi nazarda tutilgan hollar mustasno. Vakilning ishtirok etishi jismoniy shaxsni ma’muriy ish yuritishda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vakilning vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada bayon etilishi kerak.

Manfaatdor shaxsning vakili ma’muriy ish yuritishga taalluqli barcha harakatlarni o‘zi vakillik qilayotgan shaxs nomidan bajarishga vakolatlidir, shuningdek, agar qonunda yoki uning vakolatini tasdiqlovchi hujjatda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy ish yuritishning o‘zi vakillik qilayotgan ishtirokchisi ega bo‘lgan barcha huquqlardan foydalanadi.

24-modda. Manfaatdor shaxslarning huquq va majburiyatlari

Manfaatdor shaxslar ma’muriy ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, nusxa ko‘chirish, rad qilish to‘g‘risida arz qilish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga savollar berish, ma’muriy ish yuritish bo‘yicha arz qilish, iltimosnomalar berish, ma’muriy organga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ma’muriy ish yuritish davomida kelib chiqadigan barcha masalalar bo‘yicha o‘z vajlarini bayon etish, boshqa manfaatdor shaxslarning arizalari, iltimosnomalari va vajlariga qarshi e’tiroz bildirish, ma’muriy va protsessual hujjatlar, shuningdek ma’muriy harakatlar ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Manfaatdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Manfaatdor shaxslar o‘ziga berilgan protsessual huquqlardan vijdonan foydalanishi va qonun hujjatlarida o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi kerak.

25-modda. Ma’muriy ish yuritish olib boriladigan til

Ma’muriy organda ma’muriy ish yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari ma’muriy ish yuritishda ishtirok etish va ma’muriy ish materiallari bilan tanishish chog‘ida, zarurat bo‘lganda, tarjimon xizmatidan foydalanishi mumkin, shuningdek ular o‘z ona tilida so‘zlash huquqiga ega.

26-modda. Ma’muriy ish yuritishda huquqiy vorislik

Manfaatdor shaxslardan biri ma’muriy ish yuritishdan ma’muriy hujjat qabul qilinguniga qadar chiqib ketgan taqdirda, mazkur shaxsni uning huquqiy vorisi bilan almashtirishga, agar bunday huquqiy vorislik qonun hujjatlariga muvofiq mumkin bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.

Ma’muriy organ o‘zgartirilgan, tugatilgan yoki uning nomi o‘zgartirilgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq huquqiy vorislikka yo‘l qo‘yiladi.

Huquqiy voris ma’muriy ishga kirishguniga qadar ma’muriy ish yuritish davomida amalga oshirilgan barcha harakatlar o‘rnini bo‘shatib bergan manfaatdor shaxsga qay darajada majburiy bo‘lgan bo‘lsa, huquqiy voris uchun ham shu darajada majburiydir.

27-modda. Ma’muriy ishni hal qilishga ko‘maklashuvchi shaxslar

Ma’muriy ishni hal qilishga ko‘maklashuvchi shaxslar (guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va boshqalar) ma’muriy ish yuritishga ixtiyoriylik yoki shartnoma asosida ma’muriy organ tomonidan o‘z tashabbusiga yoki manfaatdor shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jalb qilinadi.

Ma’muriy organ guvoh, ekspert va tarjimonni bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar, noto‘g‘ri ekspert xulosalari berganlik hamda noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirishi shart.

28-modda. Ma’muriy ish yuritishda guvoh

Ma’muriy hujjatni qabul qilishda ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlarni bayon etish yoki ma’muriy organning mansabdor shaxsi tomonidan muayyan harakatlarning amalga oshirilishi faktini guvohlantirish uchun guvoh ma’muriy ish yuritishga, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ixtiyoriy tartibda jalb qilinishi mumkin.

Guvoh o‘z xohishiga ko‘ra og‘zaki yoki yozma ko‘rsatuvlar beradi. Guvohning og‘zaki ko‘rsatuvlari ma’muriy organ tomonidan tegishli bayonnomada bayon etiladi.

29-modda. Ma’muriy ish yuritishda ekspert

Ma’muriy organ fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlar talab etiladigan masalalar yuzasidan xulosa berish uchun ekspertiza tayinlashi mumkin.

Ekspertlar tayinlash va ekspertlar tomonidan tushuntirilishi kerak bo‘lgan masalalar doirasini aniqlash chog‘ida ma’muriy ish yuritishning barcha ishtirokchilari fikri inobatga olinadi.

Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli ma’muriy ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarga va guvohlarga savollar berish, joyida ko‘zdan kechirishda, attestatsiya-imtihon tadbirlarida hamda ekspert baholashidan o‘tkazishga qaratilgan boshqa harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega. Ekspert, agar unga taqdim etilgan materiallar ekspertiza o‘tkazish uchun yetarli bo‘lmasa yoki ekspert o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatni bajarish uchun zarur bilimlarga ega bo‘lmasa, xulosa berishni rad etishi mumkin.

Ekspert o‘z tekshirishlarining natijalari bo‘yicha ekspert xulosasini taqdim etadi. Ma’muriy organning yoki ma’muriy ish yuritishdagi boshqa ishtirokchilarning talabiga ko‘ra ekspert o‘z xulosasi yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar berishi kerak.

30-modda. Ma’muriy ish yuritishda mutaxassis va tarjimon

Mutaxassis dalillarni aniqlash va mustahkamlashda ma’muriy organga ko‘maklashish yoki fikr shaklida tushuntirishlar berish uchun ma’muriy ish yuritishga jalb qilinadi. Mutaxassis, agar u zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmasa, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishdan bosh tortishga haqli.

Tarjima qilish uchun zarur bo‘lgan tillarni, shu jumladan kar-soqovlarning imo-ishoralarini biladigan shaxs tarjimondir.

31-modda. Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etish imkoniyatini istisno qiluvchi holatlar

Ma’muriy organning mansabdor shaxsi ma’muriy organ nomidan ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishga quyidagi hollarda haqli emas, agar u:

mazkur ma’muriy ish yuritishda manfaatdor shaxs bo‘lsa;

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslardan biri bilan qarindoshlik yoki qayin-bo‘yinchilik va quda-andachilik munosabatida bo‘lsa (bo‘lgan bo‘lsa);

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslardan birining vakili bo‘lsa yoki ilgari uning vakili sifatida ayni shu ma’muriy ish yuritishda ishtirok etgan bo‘lsa;

mazkur ma’muriy ishni yuritishda ma’muriy ishni hal etishga ko‘maklashuvchi shaxs sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsa yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa;

boshqacha tarzda shaxsan, bevosita yoki bilvosita ma’muriy ishni hal etish natijasidan manfaatdor bo‘lsa yoki uning xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lsa.

Ma’muriy ishni hal etishga ko‘maklashuvchi shaxslarni rad qilish to‘g‘risida ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va oltinchi xatboshilariga muvofiq, shuningdek ushbu shaxslarning mazkur ma’muriy ish holatlari bo‘yicha ilgari xulosa berganligi yoki ularning ma’muriy ishni ko‘rib chiqayotgan ma’muriy organning mansabdor shaxsiga, ma’muriy ish yuritishning boshqa ishtirokchilariga yoki ularning vakillariga xizmat yuzasidan yoxud boshqacha tarzda tobe bo‘lganligi asosida arz qilinishi mumkin.

32-modda. Rad qilish

Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslar ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda, ma’muriy organning mansabdor shaxsi va ma’muriy ishni hal etishga ko‘maklashayotgan shaxslarni rad qilish to‘g‘risida yozma shaklda ariza berishga haqli.

Rad qilish asoslantirilgan bo‘lishi va bu haqda ma’muriy hujjat qabul qilinguniga qadar ma’muriy ish yuritishning istalgan bosqichida ariza berilishi mumkin.

Ma’muriy organning mansabdor shaxsini rad qilish to‘g‘risidagi ariza rad qilish bildirilayotgan mansabdor shaxsga yoxud ma’muriy ish yuritish kollegial organ tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, kollegial organning raisiga beriladi. Rad qilish to‘g‘risidagi arizani qabul qilgan ma’muriy organning mansabdor shaxsi bir ish kuni ichida ma’muriy ishni ko‘rib chiqishni to‘xtatishi va rad qilish to‘g‘risidagi arizani rad qilish haqida qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan shaxsga ko‘rib chiqish uchun berishi kerak.

Rad qilish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha qarorni o‘ziga nisbatan rad qilinishi haqida arz qilingan mansabdor shaxsning bevosita rahbari, agar rad qilish ma’muriy organning mansabdor shaxsiga nisbatan arz qilingan bo‘lsa, yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organ qabul qiladi.

Ma’muriy ish yuritish kollegial organ tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, rad qilish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha qaror ushbu organ a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Rad qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish yuzasidan ovoz berishda kollegial organning o‘ziga nisbatan rad qilish to‘g‘risida ariza berilgan a’zosi ishtirok etmaydi. Agar rad qilish kollegial organning butun tarkibiga nisbatan arz qilingan bo‘lsa, rad qilish to‘g‘risidagi qaror xuddi shu organ tomonidan to‘liq tarkibda oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

Ma’muriy ishni hal etishga ko‘maklashayotgan shaxslarni rad qilish to‘g‘risidagi ariza ma’muriy ish yuritishni amalga oshirayotgan hamda ushbu ariza bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladigan ma’muriy organning mansabdor shaxsiga beriladi.

Rad qilish to‘g‘risidagi qaror rad qilish haqida ariza berilgan paytdan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmasdan qabul qilinishi kerak.

Ma’muriy ishni ko‘rib chiqayotgan ma’muriy organning mansabdor shaxsini, kollegial organ a’zosini yoki kollegial organning butun tarkibini rad qilish to‘g‘risidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, bir vaqtning o‘zida ushbu ma’muriy ishni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan shaxs (kollegial organ) tayinlanadi.

Ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo‘lsa, ma’muriy organning mansabdor shaxsi, shuningdek ma’muriy ishni hal etishga ko‘maklashayotgan shaxslar o‘zini o‘zi rad qilish to‘g‘risida darhol arz qilishi shart.

33-modda. Tegishli tarzda xabardor qilish

Xabarnomani topshirilganligi ma’lum qilinadigan buyurtma xat orqali yuborish yoki tilxat olib topshirish yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini ta’minlaydigan axborot tizimlaridan foydalangan holda xabardor qilish ma’muriy ish yuritishda tegishli tarzda xabardor qilish hisoblanadi. Tegishli xabarnoma manfaatdor shaxs tomonidan olingan payt xabardor qilish vaqtidir.

Manfaatdor shaxslar o‘z manzili o‘zgarganligi to‘g‘risida ma’muriy organga ma’muriy ishni yuritish vaqtida ma’lum qilishi shart. Bunday ma’lumot mavjud bo‘lmagan taqdirda, xabarlar ma’muriy organga ma’lum bo‘lgan oxirgi manzilga yuboriladi hamda yetkazib berilgan deb hisoblanadi.

Agar manfaatdor shaxslar o‘z telefonlari va fakslari raqamlarini, elektron manzilini ma’muriy organga ma’lum qilgan bo‘lsa, ular bu ma’lumotlar o‘zgarganligi to‘g‘risida ma’muriy organni ma’muriy ish yuritish vaqtida yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi kerak.

Xabarnomani manfaatdor shaxsga tilxat olib shaxsan topshirishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, xabarnoma u bilan birga yashaydigan voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga yoki bunday shaxslar bo‘lmasa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga yoki manfaatdor shaxsning ish beruvchisiga (ta’lim muassasasi ma’muriyatiga) tilxat olib topshirilishi mumkin. Xabarnomani qabul qilgan shaxs imkoniyat bo‘lishi bilan uni kechiktirmasdan manfaatdor shaxsga topshirishi shart.

Xabarnomani qabul qilishni rad etgan manfaatdor shaxs tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi. Rad etish xabarnomaga belgi qo‘yish orqali rasmiylashtiriladi va xabarnoma ma’muriy organga qaytariladi. Manfaatdor shaxsning xabarnomani qabul qilishni rad etganligi to‘g‘risidagi belgi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki manfaatdor shaxsning ish beruvchisi (ta’lim muassasasi ma’muriyatining mansabdor shaxsi) tomonidan yoxud ikkitadan kam bo‘lmagan fuqaroning imzosi bilan tasdiqlanadi.

Tegishli tarzda xabardor qilish faktini isbоtlash majburiyati ma’muriy organning zimmasida bo‘ladi.

34-modda. Ma’muriy ish yuritishda dalillar

Ma’muriy ish yuritishda dalillar ma’muriy ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan haqiqiy holatlar to‘g‘risidagi har qanday ma’lumotlardan iboratdir.

Ma’muriy organning ma’muriy ishni ko‘rib chiqayotgan mansabdor shaxsi mazkur ishni xolisona, har tomonlama va to‘g‘ri ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan dalillarni yig‘ishni amalga oshiradi.

Ma’muriy organ ma’muriy ish yuritishning ishtirokchilari tomonidan dalil sifatida taqdim etiladigan hujjatlarning shakliga nisbatan talablar qo‘yishga haqli emas, bundan hujjatlarning shakli qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.

35-modda. Dalillarni baholash

Ma’muriy organ faqat ma’muriy ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan dalillarni ko‘rib chiqishga qabul qiladi.

Ma’muriy organ har bir dalilni ishonchlilik, daxldorlik va maqbullik nuqtai nazaridan hamda dalillarning hammasini yetarli darajada to‘planganligi bo‘yicha baholaydi.

Qonun bo‘yicha muayyan isbоtlash vositalari bilan tasdiqlanishi kerak bo‘lgan holatlarni boshqa hech qanday vositalar bilan tasdiqlash mumkin emas.

36-modda. Ma’muriy ish yuritish muddatlari

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ammo ariza ma’muriy organda ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran, ma’muriy hujjat ma’muriy organ tashabbusi bilan qabul qilinadigan taqdirda esa, adresat ma’muriy ish yuritish boshlanganligi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor kilingan kundan e’tiboran o‘ttiz ish kunidan kechiktirmay ma’muriy ishni ko‘rib chiqadi va ma’muriy hujjatni qabul qiladi.

Ma’muriy organlarning tashabbusi bilan ma’muriy hujjatlarni qabul qilishning eng ko‘p muddatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

Ma’muriy ish yuritish muddati qonunda nazarda tutilgan hollarda ma’muriy organ tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Ma’muriy ish yuritish muddatining o‘tishi ariza ma’muriy organda ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi, ma’muriy hujjatni ma’muriy organning tashabbusiga ko‘ra qabul qilish uchun esa ushbu muddatning o‘tishi adresat ma’muriy ish yuritish boshlanganligi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan e’tiboran boshlanadi.

Agar ariza taalluqliligi bo‘yicha vakolatli ma’muriy organga qayta yuborilgan bo‘lsa, ma’muriy ish yuritish muddatining o‘tishi ma’muriy ish tegishli vakolatli organga kelib tushib, ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi.

Ma’muriy ish yuritish muddatlari kunlar, oylar va yillar bilan hisoblanadi.

Agar ma’muriy ish yuritish muddati dam olish (bayram) kunida tugasa, shu kundan keyingi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.

37-modda. Ma’muriy ish yuritishni to‘xtatib turish

Ma’muriy organ ma’muriy ish yuritishni quyidagi hollarda to‘xtatib turishga haqli:

fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy yoki jinoyat sud ishlarini yuritish tartibida ko‘rilayotgan ish yuzasidan sudning hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar ma’muriy ishni ko‘rish mumkin bo‘lmaganda;

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etayotgan jismoniy shaxs vafot etganda, agar huquqiy vorislikka yo‘l qo‘yilgan taqdirda yoki ma’muriy ish yuritishda ishtirok etayotgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganda;

xatolarni to‘g‘rilash va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyati berilganda;

manfaatdor shaxslarning uzrli sabablarga ko‘ra kelmaganligi, agar ularning ishtiroki ma’muriy ish yuritishni tamomlash uchun zarur bo‘lganda;

manfaatdor shaxsning talabiga ko‘ra ma’muriy organ tomonidan ekspertiza tayinlanganda.

Ma’muriy ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi xabar manfaatdor shaxslarga bir ish kuni ichida yuboriladi. Ma’muriy ish yuritishni to‘xtatib turish haqidagi xabar protsessual hujjat hisoblanadi.

Ma’muriy ish yuritishni to‘xtatib turish ma’muriy ish yuritish muddatlari o‘tishining to‘xtashiga olib keladi.

38-modda. Ma’muriy ish yuritishni tiklash

Ma’muriy ish yuritishni to‘xtatib turishga asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilgach, ma’muriy ishni yuritish tiklanadi. Ma’muriy ish yuritishni tiklash to‘g‘risidagi xabarnoma manfaatdor shaxslarga bir ish kuni ichida yuboriladi.

Ma’muriy ish yuritish tiklangan kundan e’tiboran ma’muriy ish yuritish muddatlarining o‘tishi davom etadi.

39-modda. Ma’muriy ish yuritishni tugatish

Ma’muriy organ quyidagi hollarda ma’muriy ish yuritishni tugatishi shart:

ma’muriy ish ma’muriy organda ko‘rish uchun tegishli bo‘lmasa;

ma’muriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari ishtirokidagi, ayni bir predmet va ayni bir asoslar bo‘yicha ma’muriy ish yuqori turuvchi ma’muriy organning yoki sudning ish yurituvida bo‘lsa;

ma’muriy ish vakolatli ma’muriy organga qayta yuborilgan bo‘lsa yoki ma’muriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari ishtirokidagi, ayni bir predmet va ayni bir asoslar bo‘yicha ma’muriy ish mazkur ishni hal qilishga vakolatli bo‘lgan boshqa ma’muriy organning ish yurituvida bo‘lsa;

ushbu ma’muriy organda ma’muriy ish yuzasidan ma’muriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari bilan, ayni bir predmet va ayni bir asoslar bo‘yicha ma’muriy hujjat qabul qilingan bo‘lsa;

ariza yoki ma’muriy shikoyat uni taqdim etgan shaxs tomonidan chaqirib olinsa;

ma’muriy ish yuritish ishtirokchisining huquqiy maqomi (huquqiy holati) o‘zgarishi natijasida ma’muriy ish bo‘yicha ma’muriy hujjatni qabul qilish mumkin bo‘lmay qolsa;

ma’muriy ish yuritishni tamomlash uchun ishtiroki zarur bo‘lgan manfaatdor shaxslar uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmasa;

manfaatdor shaxs mavjud bo‘lmasa va mazkur holatda ishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxs vafot etganligi yoki yuridik shaxs tugatilganligi natijasida huquqiy vorislikka yo‘l qo‘yilmasa.

Ma’muriy ishni yuritish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa asoslarga ko‘ra ham tugatilishi mumkin.

Ma’muriy ish yuritishni tugatish protsessual hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

Ma’muriy ish yuritishni tugatish haqidagi xabar manfaatdor shaxslarga bir ish kuni ichida yuboriladi.

40-modda. Ma’muriy ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar

Ma’muriy ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar ma’muriy ish yuritishni amalga oshiruvchi ma’muriy organ zimmasida bo‘ladi.

Ma’muriy ish yuritishda qo‘shimcha harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan ma’muriy ishni hal qilishga ko‘maklashuvchi shaxslarning ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar haqini to‘lash ushbu harakatlar ma’muriy ish yuritishning qaysi ishtirokchilari iltimosnomasi bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha ishtirokchining zimmasida bo‘ladi.

Ma’muriy organlarga beriladigan arizalardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji yoki yig‘im undirilishi mumkin. Yig‘imning miqdori ma’muriy ishni ko‘rib chiqish chog‘ida ma’muriy organ sarflagan xarajatlar doirasida belgilanadi.

Ma’muriy shikoyatlar uchun davlat boji va yig‘im undirilmaydi.
3-bob. Ma’muriy ish yuritish

41-modda. Ma’muriy ish yuritishni boshlash uchun asoslar

Manfaatdor shaxsning arizasi (shikoyati) yoki ma’muriy organning tashabbusi ma’muriy ishni boshlash uchun asos bo‘ladi.

Ma’muriy ish yuritish ariza ma’muriy organda ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.

Agar ma’muriy ishni boshlash uchun ma’muriy organning tashabbusi asos bo‘lsa, ma’muriy ish yuritish adresat tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.

42-modda. Arizaning mazmuni va unga qo‘yiladigan talablar

Ma’muriy organga beriladigan arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

1) ariza berilayotgan ma’muriy organning nomi;

2) arizachi — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar arizachi yuridik shaxs bo‘lsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va manzili;

3) arizachining talabi;

4) arizaga ilova qilinadigan hujjatlarning ro‘yxati (agar bunday hujjatlar mavjud bo‘lsa);

5) ariza berilgan sana.

Ariza arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi kerak.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab berilgan arizada ushbu moddada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari o‘z manfaati himoya qilinayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning manzili (pochta manzili) va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa axborot ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonun hujjatlarida boshqa talablar ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

Ma’muriy organ arizachidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan axborotni yoki hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga, shuningdek arizaga va unga ilova qilingan hujjatlarga nisbatan talablar qo‘yishga haqli emas.

Elektron shaklda beriladigan arizalarda arizachining elektron manzili hamda yagona identifikatori, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa elektron raqamli imzo va boshqa rekvizitlar ko‘rsatilishi kerak.

Arizada elektron manzilning ko‘rsatilganligi arizachining xabarlarni axborot tizimi orqali qabul qilishga bo‘lgan roziligidir.

Jismoniy va yuridik shaxslar arizalarni og‘zaki shaklda berishga ham haqli, bundan qonun hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlangan hollar mustasno.

43-modda. Arizani ro‘yxatdan o‘tkazish

Ma’muriy organga kelib tushgan ariza o‘sha kunning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Ma’muriy organ arizachiga ariza ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjat (belgi) berishi, ariza elektron shaklda berilgan taqdirda esa, ariza ro‘yxatdan o‘tkazilganligini ma’muriy organning rasmiy veb-saytidagi elektron xabar bilan, tegishli yozuvga havola bilan yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usul bilan tasdiqlashi shart.

Ma’muriy organda arizani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

44-modda. Ma’muriy organga ariza berish uchun zarur axborotni taqdim etish

Ma’muriy organga ariza berish uchun zarur bo‘lgan axborot ma’muriy organning mansabdor shaxsi yoki axborotni taqdim etish o‘z vakolatiga kiritilgan boshqa xodimi tomonidan taqdim etiladi.

Ma’lumotnoma tarzidagi axborot qoida tariqasida:

arizaning shakliga;

arizaning mazmuniga;

ariza berish uchun zarur hujjatlar ro‘yxatiga;

arizaning shakli va mazmuniga doir talablarni buzish oqibatlariga;

hujjatlarni qabul qilish va berish vaqtiga;

arizani ko‘rib chiqish muddatlari va tartibiga;

ma’muriy va protsessual hujjatlar hamda harakatlar ustidan shikoyat qilish tartibiga oid masalalar yuzasidan taqdim etiladi.

Ma’muriy organ arizalar namunalaridan va ma’muriy ish yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan xizmat varaqalaridan (blankalardan), shuningdek ularni to‘ldirish, shu jumladan ma’muriy organning rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali to‘ldirish bo‘yicha yo‘riqnomalardan foydalanishni ta’minlashi shart.

Ma’muriy organ arizachiga qonun hujjatlariga muvofiq zarur yordam ko‘rsatishi shart.

45-modda. Arizachi tomonidan xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish

Agar arizada to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan xatolar mavjud bo‘lsa, ma’muriy organ ularni to‘g‘rilash uchun arizachiga imkoniyat va muddat beradi.

Agar arizaga doir ilovada qonun hujjatlariga binoan talab qilinadigan yoki arizachi havola qilayotgan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, ularsiz ma’muriy hujjatni qabul qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy organ arizachiga yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini, buning uchun muddat belgilagan holda, berishi kerak.

Xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun ma’muriy organ tomonidan belgilanadigan muddat, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, besh ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim. Ma’muriy organ arizachining iltimosnomasiga binoan ushbu muddatni besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddatga uzaytirishi kerak.

Ma’muriy ish yuritish muddatining o‘tishi xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida to‘xtatib turiladi.

46-modda. Manfaatdor shaxsning arizasini taalluqliligi bo‘yicha vakolatli ma’muriy organga yuborish

Talab qilinayotgan ma’muriy hujjatni qabul qilish o‘z vakolatiga kirmaydigan ma’muriy organga kelib tushgan ariza qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan ma’muriy organga ko‘pi bilan besh kunlik muddatda yuboriladi va bu haqda arizachiga xabar beriladi.

47-modda. Ma’muriy ishni ma’muriy organ majlisida ko‘rib chiqish

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ma’muriy ish ma’muriy organ majlisida (bundan buyon matnda majlis deb yuritiladi) ko‘rib chiqilishi lozim.

Ma’muriy ish ma’muriy organning tashabbusi bilan yoki manfaatdor shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha ham majlisda ko‘rib chiqilishi mumkin.

48-modda. Majlis bayonnomasi

Ma’muriy ishni majlisda ko‘rib chiqish chog‘ida majburiy tartibda bayonnoma yuritiladi.

Majlis bayonnomasi ma’muriy ishni ko‘rib chiqishning barcha muhim holatlarini aks ettirishi kerak. Majlis bayonnomasida, xususan, quyidagilar ko‘rsatiladi:

1) majlisning sanasi va joyi;

2) majlis boshlangan va tugagan vaqt, majlisdagi tanaffuslar haqidagi ma’lumotlar;

3) ma’muriy organning nomi, ma’muriy organ mansabdor shaxsining familiyasi, ismi, otasining ismi yoki ma’muriy ishni ko‘rib chiqayotgan kollegial organning tarkibi va majlis kotibi;

4) adresat — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar adresat yuridik shaxs bo‘lsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), agar ish yuritishda vakil ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning manzili, shuningdek ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi uchinchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

5) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelganligi haqidagi ma’lumotlar;

6) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish va ularning majlisga kelmaganligi sabablari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

7) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirib berilganligi haqidagi ma’lumotlar;

8) ma’muriy organ mansabdor shaxsining yoki ma’muriy ishni ko‘rib chiqayotgan kollegial organ raislik qiluvchisining ushbu ishni ko‘rib chiqish jarayonida qabul qilinadigan protsessual hujjatlari;

9) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslarning arizalari va iltimosnomalari hamda ularni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

10) taqdim etilgan dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari va hokazo haqidagi ma’lumotlar;

11) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertlarning o‘z xulosalari yuzasidan og‘zaki tushuntirishlari, mutaxassislarning fikrlari, yozma va ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirish ma’lumotlari.

Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslar o‘zlari muhim deb hisoblaydigan holatlarni majlis bayonnomasiga kiritish xususida iltimos qilishga haqli.

Ma’muriy ish yakka tartibda ko‘rib chiqilganda majlis bayonnomasi ma’muriy organning ishni ko‘rib chiqayotgan mansabdor shaxsi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi. Ma’muriy ish kollegial organ tomonidan ko‘rib chiqilgan taqdirda bayonnoma raislik qiluvchi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi.

49-modda. Ma’muriy ishni majlisda ko‘rib chiqishni keyinga qoldirish

Quyidagilar ma’muriy ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldirish asoslari hisoblanadi:

tegishli tarzda xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan manfaatdor shaxslardan birining majlisga kelmaganligi;

ma’muriy organning ma’muriy ishni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsini rad qilish haqidagi arizaning qanoatlantirilganligi yoki uning yo‘qligi;

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi, ma’muriy ishni o‘zlarisiz ko‘rib chiqish mumkin bo‘lmagan manfaatdor shaxslarning majlisda hozir bo‘lmaganligi;

majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan manfaatdor shaxslarning ma’muriy organ tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga ko‘ra kelmaganligi.

Agar ma’muriy organ majlisga kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoki ma’muriy ishni ko‘rib chiqishni manfaatdor shaxs qasddan cho‘zayapti deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lsa, ma’muriy organ ma’muriy ishni tegishli tarzda xabardor qilingan manfaatdor shaxsning yo‘qligida ko‘rib chiqishga haqli.

Manfaatdor shaxslar ma’muriy ishni ular yo‘qligida ko‘rib chiqish xususida iltimos qilishga haqli.

Ma’muriy organ ma’muriy ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldirib, keyingi majlisning vaqti va joyini tayinlaydi, bu haqda hozir bo‘lgan shaxslarga tilxat olib e’lon qiladi. Majlisga kelmagan hamda ma’muriy ishni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun yangidan jalb qilinadigan shaxslar keyingi majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinadi.

50-modda. Ma’muriy ishni majlisda ko‘rib chiqish tartibi

Ma’muriy ishni ko‘rib chiqish ma’muriy organning mansabdor shaxsi tomonidan, ma’muriy ish kollegial organda ko‘rilayotganda esa, raislik qiluvchi tomonidan ochiladi. Shundan so‘ng ma’muriy ish yuritish ishtirokchilarining og‘zaki tushuntirishlari eshitiladi.

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari bir-biriga savollar berishi mumkin.

Shundan keyin ma’muriy organ ma’muriy ishni hal qilishga ko‘maklashuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitishga va boshqa dalillarni tekshirishga o‘tadi.

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilarining, shuningdek ma’muriy ishni hal qilishga ko‘maklashuvchi shaxslarning yozma tushuntirishlari majlisda o‘qib eshittirilishi kerak.

Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslarning iltimosnomalari ma’muriy ish yuritishning boshqa ishtirokchilari eshitilganidan so‘ng ko‘rib chiqiladi.

51-modda. Majlisda ko‘rib chiqilgan ma’muriy ish bo‘yicha ma’muriy hujjat qabul qilish

Ma’muriy organning mansabdor shaxsi yoki kollegial organ ma’muriy ishni majlisda ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ma’muriy hujjat qabul qiladi.

Ma’muriy hujjatni qabul qilish boshqa organlar va mansabdor shaxslarning ko‘rib chiqish natijalari asosida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bunday ko‘rib chiqish ushbu Qonun talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

4-bob. Ma’muriy hujjat

52-modda. Ma’muriy hujjatning shakli

Ma’muriy hujjat yozma shaklda qabul qilinadi. Qonun hujjatlarida ma’muriy hujjat boshqa shaklda, shu jumladan boshqa tegishli hujjatni berish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yo‘li bilan qabul qilinishi mumkinligi hollari nazarda tutilishi mumkin.

Yozma ma’muriy hujjat ma’muriy organning vakolatli mansabdor shaxsi yoki kollegial organ a’zolari tomonidan imzolanadi va ma’muriy organning muhri bilan tasdiqlanadi.

53-modda. Ma’muriy hujjatning mazmuni

Ma’muriy hujjat qonuniy, asoslangan, adolatli, aniq va tushunarli bo‘lishi kerak.

Ma’muriy hujjatda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1) ma’muriy hujjatning nomi va u qabul qilingan sana;

2) ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);

3) ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari to‘g‘risidagi axborot;

4) ma’muriy hujjat orqali hal qilinadigan masalaning tavsifi (tavsif qismi);

5) ma’muriy hujjatning asosi (asoslantiruvchi qismi);

6) qabul qilingan qaror bayoni (xulosa qismi);

7) ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi;

8) ma’muriy organning ma’muriy hujjatni qabul qilgan mansabdor shaxsining (kollegial organ a’zolarining) lavozimi, ismi va familiyasi.

Ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatda quyidagilar nazarda tutilishi mumkin:

muayyan huquqning yoki majburiyatning kuchga kirish, o‘z kuchini yo‘qotish payti yoki amal qilish muddati;

muayyan hodisaga yoki kelajakda huquqning yoxud majburiyatning kuchga kirishi yoki o‘z kuchini yo‘qotishi bilan bog‘liq bo‘lgan shartga doir ko‘rsatma;

ma’muriy hujjatni bekor qilish huquqi yoki kelgusida qo‘shimcha farmoyishlar berish huquqi ma’muriy organda saqlanib qolishi to‘g‘risidagi izoh;

adresatga muayyan harakatlarni amalga oshirish, amalga oshirishga yo‘l qo‘yish yoki amalga oshirishdan tiyilish xususida ko‘rsatma beruvchi qo‘shimcha farmoyishlar.

54-modda. Ma’muriy hujjatning asosliligi

Ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida qabul qilingan ma’muriy hujjatning barcha haqiqiy va yuridik asoslari keltirilishi kerak.

Ma’muriy hujjatni asoslantirish chog‘ida ma’muriy organ tekshirilmagan yoki ma’muriy ish yuritish jarayonida ma’muriy ishga qo‘shib qo‘yilmagan yoxud ma’muriy ish yuritish ishtirokchilariga tanishish imkoniyati berilmagan dalillarga tayanishga haqli emas. Agar ma’muriy hujjatni qabul qilishda ma’muriy organga ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) berilgan bo‘lsa, ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida u yoki bu ma’muriy ixtiyoriylikka (diskretsion vakolatga) yoxud undan voz kechishga sabab bo‘lgan barcha baholar, vajlar va mulohazalar bayon etiladi. Bunda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatning ma’muriy tartib-taomillar printsiplariga muvofiqligini asoslab berishi kerak.

55-modda. Ma’muriy hujjatning kuchga kirishi

Ma’muriy hujjat adresat tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

Adresatni ma’muriy hujjat to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilish ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ma’muriy hujjatning manfaatdor shaxslarga rasmiy e’lon qilinishi ham tegishli tarzda xabardor qilish deb topiladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq adresatga faqat tegishli hujjat berilishi kerak bo‘lgan hollarda hujjatning adresatga berilishi ma’muriy hujjat to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilishga tenglashtiriladi.

Agar ma’muriy hujjat qonun hujjatlari talabiga muvofiq rasmiy e’lon qilinishi lozim bo‘lsa, u rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

56-modda. Ma’muriy hujjatni tushuntirib berish va uni tuzatish

Ma’muriy organ manfaatdor shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra ma’muriy hujjatning mazmunini o‘zgartirmagan holda uni tushuntirib berishi, shuningdek yozuvdagi yo‘l qo‘yilgan xatolarni va yanglishishlarni ma’muriy hujjatning mohiyatiga daxl qilmagan holda, o‘z tashabbusiga yoki manfaatdor shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra tuzatishi shart.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirganlik uchun davlat bojlari va boshqa majburiy to‘lovlar undirilmaydi.

57-modda. Tegishli hujjatni va uning dublikatini berish

Tegishli hujjatni berganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan hollarda yig‘im olinishi mumkin.

Ma’muriy hujjat asosida berilgan hujjatlarni to‘xtatib turish, qayta tiklash va qayta rasmiylashtirish tartibi qonun hujjatlarida tartibga solinadi.

Berilgan hujjat yo‘qolgan yoki yaroqsiz bo‘lib qolgan taqdirda, manfaatdor shaxsning arizasiga ko‘ra yangi hujjat yoki uning dublikati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.

Ma’muriy organ hujjatni yoki uning dublikatini berish to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan kundan e’tiboran besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda yangi hujjatni yoki hujjat dublikatini berishi (yuborishi) shart, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunda hujjatning dublikatini berganlik uchun yig‘im ma’muriy organ tomonidan arizani odatdagi tartibda ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan, dublikat berish to‘g‘risida ariza berilgan sanada amalda bo‘lgan summa miqdorining yarmidan oshmasligi kerak.

Yangi hujjat yoki dublikat berish uchun yig‘im miqdori ushbu harakatni amalga oshirish uchun ketgan xarajatlardan oshib ketmasligi kerak.

58-modda. Ma’muriy hujjatning amal qilishini tugatish

Ma’muriy hujjatning amal qilishi:

agar ma’muriy hujjat muddatli xususiyatga ega bo‘lsa, ma’muriy hujjatning amal qilish muddati o‘tishi;

ma’muriy hujjatning amal qilishini tugatish bilan bog‘liq shartning yuzaga kelishi;

ma’muriy hujjatning bekor qilinishi;

tartibga solish predmetining barham topishi munosabati bilan tugatiladi.

Ma’muriy hujjatning amal qilishini tugatish uning asosida berilgan hujjatlar amal qilishining tugatilishiga olib keladi.

59-modda. Ma’muriy hujjatni bekor qilish, o‘zgartirish yoki haqiqiy emas deb topish

Ma’muriy hujjat manfaatdor shaxsning arizasi yoki ma’muriy shikoyatiga ko‘ra ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ, yuqori turuvchi ma’muriy organ tomonidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organlar tomonidan ham bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruriyati qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlar, jamoat manfaatlariga bo‘lgan tahdidning oldini olish, ma’muriy hujjatning qonun hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlanganligi sababli yuzaga kelgan hollarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatni o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqli.

Qonun hujjatlarida ma’muriy hujjatlar faqat sud tartibida bekor qilinadigan yoki o‘zgartiriladigan hollar nazarda tutilishi mumkin.

Ma’muriy hujjat qonun hujjatlariga muvofiq emas deb topilgan taqdirda, u ma’muriy organ tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi kerak.

Manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda, ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Agar manfaatdor shaxs ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma’muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma’muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim.

Manfaatdor shaxsning ishonchi quyidagi hollarda himoya qilinmaydi, agar:

manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha majburiyatlarini bajarmagan bo‘lsa;

manfaatdor shaxs o‘ziga ma’muriy hujjat asosida taqdim etilgan pul mablag‘laridan, buyumdan yoki huquqdan maqsadli foydalanmagan bo‘lsa;

manfaatdor shaxs ma’muriy hujjatning g‘ayrihuquqiyligini bilgan yoki o‘z aybiga ko‘ra bu haqda bilmagan bo‘lsa;

ma’muriy hujjat aldash, tahdidlar yoki ma’muriy organga boshqacha tarzda g‘ayrihuquqiy ta’sir ko‘rsatish oqibatida qabul qilingan bo‘lsa;

qonun manfaatdor shaxslar ishonchining himoyasini hisobga olmagan holda ma’muriy hujjatni bekor qilishni talab etsa.

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu modda yettinchi qismining ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda g‘ayrihuquqiy ma’muriy hujjat orqaga qaytish kuchi bilan, uni bekor qilishning yoki yo‘q qilishning aniq paytini belgilash orqali bekor qilinishi mumkin.

Manfaatdor shaxsning ishonchidan qat’i nazar, qonun hujjatlariga muvofiq emas deb topilgan ma’muriy hujjat, agar uning saqlab qolinishi jamoat manfaatlariga tahdid solayotgan bo‘lsa, ma’muriy organ tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Manfaatdor shaxsga ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonish sababli kelib chiqqan yoki muqarrar bo‘lgan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi.

Mulkiy zararning o‘rnini qoplash ma’muriy hujjatning mazmuniga ko‘ra manfaatdor shaxs olishi kerak bo‘lgan naf miqdoridan oshmasligi kerak. Mulkiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talab manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat bekor qilinganligi haqida xabardor qilingan paytdan e’tiboran bir yil ichida taqdim etilishi mumkin.

Qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan ma’muriy hujjat quyidagi hollarda ma’muriy organ tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin:

qonun talablariga muvofiq yoki bunday imkoniyat bevosita ma’muriy hujjatning o‘zida nazarda tutilgan bo‘lsa;

agar keyinchalik o‘zgargan haqiqiy holatlar tufayli yoki qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlar asosida jamoat manfaatlariga zarar yetishining oldini olish maqsadida ma’muriy hujjatni bekor qilish zarur bo‘lsa;

agar ma’muriy hujjat bilan qo‘shimcha majburiyatlar bog‘liq bo‘lsa va manfaatdor shaxs ularni bajarmagan bo‘lsa;

agar manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat asosida o‘ziga berilgan pul mablag‘laridan, buyumdan yoki huquqdan maqsadli foydalanmayotgan bo‘lsa;

agar ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish ushbu hujjat yuborilgan manfaatdor shaxs foydasiga amalga oshirilsa va bunda boshqa manfaatdor shaxslarga qiyinchilik tug‘ilmasa.

Xuddi shunday mazmundagi ma’muriy hujjatni takroran qabul qilish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lgan hollarda, ma’muriy hujjatni tegishli asoslarda bekor qilishga yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan ma’muriy hujjat faqat ushbu modda o‘n ikkinchi qismining ikkinchi, to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda, uni bekor qilish uchun aniq paytni belgilash orqali, orqaga qaytish kuchi bilan bekor qilinishi mumkin.

Ilgari qabul qilingan ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish to‘g‘risidagi ma’muriy hujjatni qabul qilayotganda ma’muriy organ bekor qilinayotgan yoki o‘zgartirilayotgan ma’muriy hujjatning qaysi qismi va qaysi vaqtdan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotishini belgilashi kerak.

Ma’muriy hujjat qonunda belgilangan tartibda sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

60-modda. Ma’muriy hujjatni bekor qilish tartib-taomili

Ma’muriy hujjatni manfaatdor shaxs foydasiga bekor qilish majlis o‘tkazmasdan amalga oshirilishi mumkin.

Ma’muriy hujjatni manfaatdor shaxs manfaatlariga zid ravishda bekor qilish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, uni majlisda qayta ko‘rib chiqish orqali amalga oshiriladi.

Agar ma’muriy hujjatni bekor qilish bir manfaatdor shaxs foydasiga, ammo boshqa manfaatdor shaxsning manfaatlariga zid ravishda amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.

61-modda. Ma’muriy hujjat bekor qilingan taqdirda hujjatlar, buyumlar va pul mablag‘larini qaytarish

Ma’muriy hujjat bekor qilingan taqdirda uning asosida berilgan hujjatlar, buyumlar va pul mablag‘lari, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularga egalik qilayotgan shaxslar tomonidan qaytarib berilishi lozim.

5-bob. Ma’muriy shikoyat bo‘yicha ish yuritish

62-modda. Ma’muriy shikoyat predmeti

Ushbu bobda belgilangan tartibda:

ma’muriy hujjatlar ustidan;

protsessual hujjatlar ustidan, agar ularning ustidan shikoyat qilish ushbu Qonunda nazarda tutilgan bo‘lsa;

ma’muriy harakatlar ustidan, shu jumladan ma’muriy hujjatni qabul qilishni rad etish yoki uni tegishli muddatda qabul qilmaganlik ustidan shikoyat qilinishi mumkin.

63-modda. Ma’muriy shikoyat qilish tartibi

Manfaatdor shaxs ma’muriy shikoyatni qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan yuqori turuvchi ma’muriy organga yoki boshqa vakolatli ma’muriy organga ustidan shikoyat qilinayotgan ma’muriy hujjatni, protsessual hujjatni qabul qilgan yoxud ma’muriy harakatni amalga oshirgan ma’muriy organ orqali berishi mumkin.

Ma’muriy shikoyatni olgan ma’muriy organ u kelib tushgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida ma’muriy shikoyatni yuqori turuvchi organga yoki ushbu ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan boshqa ma’muriy organga ma’muriy ish bilan birga yuboradi.

Manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat ustidan berilgan ma’muriy shikoyatni ma’muriy tartibda ko‘rib chiqish natijalaridan norozi bo‘lgan yoki yuqori turuvchi ma’muriy organ mavjud bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy hujjat ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.

Qonun hujjatlarida ma’muriy hujjat ustidan ma’muriy shikoyat berilishi mumkin bo‘lgan boshqa organ belgilanishi mumkin.

64-modda. Ma’muriy shikoyatni berish muddati

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy shikoyat ma’muriy hujjat, protsessual hujjat to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan yoki manfaatdor shaxsga ma’muriy harakat haqida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay berilishi mumkin.

Ma’muriy shikoyat berish muddati, agar u uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, shikoyatni ko‘rib chiquvchi ma’muriy organ tomonidan tiklanishi mumkin.

65-modda. Ma’muriy shikoyatning shakli va mazmuni

Ma’muriy shikoyat yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda beriladi va unda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

1) ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organning nomi;

2) shikoyat bergan arizachining (uning vakilining) familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi, yuridik shaxs uchun esa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);

3) arizachining talablari;

4) ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati (mavjud bo‘lgan taqdirda);

5) ariza berilgan sana.

Ma’muriy shikoyat manfaatdor shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar shikoyat vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi kerak.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan ma’muriy shikoyatda ushbu moddada sanab o‘tilgan ma’lumotlardan tashqari manfaatlarini ko‘zlab shikoyat berilayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning manzili hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa axborot ko‘rsatilishi kerak.

Qonun hujjatlarida ma’muriy shikoyatga va unga ilova qilinadigan hujjatlarga doir boshqa talablar ham nazarda tutilishi mumkin.

Ma’muriy organ ma’muriy shikoyatga va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan talablar qo‘yishga haqli emas.

Jismoniy shaxs og‘zaki shikoyat qilayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak.

Elektron shaklda beriladigan shikoyatlarda arizachining elektron manzili va yagona identifikatori, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa elektron raqamli imzo va boshqa rekvizitlar ko‘rsatilishi kerak.

Shikoyatda elektron manzilning ko‘rsatilganligi arizachining xabarnomalarni axborot tizimi orqali elektron shaklda qabul qilishga bo‘lgan roziligidir.

66-modda. Ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish

Ma’muriy shikoyat ushbu Qonunning 3-bobida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.

Ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish chog‘ida yuqori turuvchi ma’muriy organ ma’muriy ishni to‘liq hajmda ko‘rib chiqadi.

67-modda. Ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish muddati

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ ma’muriy shikoyat bo‘yicha o‘ttiz ish kuni ichida qaror qabul qilishi shart.

Ma’muriy shikoyat bo‘yicha belgilangan muddatda qaror qabul qilinmagan taqdirda, manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat, protsessual hujjat yoki ma’muriy harakat ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.

68-modda. Ma’muriy shikoyatni chaqirib olish

Ma’muriy shikoyat bergan shaxs shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar uni chaqirib olishga haqli. Ma’muriy shikoyatni chaqirib olish yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

69-modda. Ma’muriy shikoyat bo‘yicha qaror

Yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ ma’muriy shikoyat bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:

shikoyat qilingan ma’muriy yoki protsessual hujjatni o‘zgarishsiz qoldirish;

shikoyat qilingan ma’muriy yoki protsessual hujjatga o‘zgartirishlar kiritish;

ma’muriy yoki protsessual hujjatni bekor qilish va zarurat bo‘lganda yangi hujjat qabul qilish.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish mumkin bo‘lmaganda yoki maqsadga muvofiq bo‘lmaganda, ma’muriy harakatlar ustidan shikoyat qilinganda, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ muayyan ma’muriy hujjatni, protsessual hujjatni qabul qilish yoki muayyan ma’muriy harakatni amalga oshirish majburiyatini ma’muriy organning zimmasiga yuklatishi mumkin.

Manfaatdor shaxs ma’muriy shikoyat bo‘yicha qabul qilingan qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, uning ustidan o‘ttiz kalendar kun ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.

70-modda. Shikoyat qilinganda ma’muriy hujjatning amal qilishini to‘xtatib turish

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilinganligi ma’muriy shikoyat ma’muriy organda ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran uning amal qilishini va ijro etilishini to‘xtatib turadi.

6-bob. Ijro ishini yuritish

71-modda. Ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlaydigan organ

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ uning ijrosini ta’minlaydi.

72-modda. Ma’muriy hujjatni ixtiyoriy ijro etish muddati

Ma’muriy organ tomonidan ma’muriy hujjatni ixtiyoriy ijro etish uchun belgilangan muddat, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, adresat qabul qilingan ma’muriy hujjat to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan e’tiboran besh kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.

73-modda. Ma’muriy hujjatni ixtiyoriy ijro etish usuli

Adresat ma’muriy hujjatda belgilanadigan ijro etish tartibi doirasida ma’muriy hujjatni o‘zi uchun eng maqbul bo‘lgan qonuniy usullar va vositalar orqali ijro etishga haqli.

Ixtiyoriy ijro etish usuli ma’muriy hujjat talablarining tegishli tarzda va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlashi kerak.

74-modda. Ma’muriy hujjatning majburiy ijro etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi

Ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda, tegishli tarzda va tegishli muddatda bajarayotgan shaxsga nisbatan ma’muriy hujjatni majburiy ijro etishning hech bir chorasi qo‘llanishi mumkin emas.

Agar adresat ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish choralarini qo‘llash tahdidi ostida ixtiyoriy ravishda ijro etishga rozilik bildirsa va o‘z majburiyatlarini bajarishga kirishsa, tayinlangan majburiy ijro etish chorasi adresat ma’muriy hujjatni vijdonan va tegishli tarzda bajarayotganda ijro etilmasligi kerak.

Adresatning o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganligi majburiy ijro etish chorasi qo‘llanilishini darhol bekor qiladi.

75-modda. Majburiy ijro choralari

Ma’muriy organ qonunda nazarda tutilgan hollarda quyidagi majburiy ijro choralarini qo‘llashga haqli:

pulga oid majburlov;

ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni ma’muriy organ yoki boshqa shaxs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish;

bevosita majburlov.

Majburiy ijro chorasi ma’muriy organning ijro hujjati bilan rasmiylashtirilishi kerak. Tegishli ijro hujjatini qabul qilmay turib, majburiy ijro choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’muriy organ majburiy ijro chorasini tayinlashda ma’muriy tartib-taomillar printsiplariga amal qilishi kerak.

Agar tayinlangan majburiy ijro chorasi ma’muriy hujjat talablarining tegishli tarzda va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlamagan bo‘lsa, ma’muriy organ og‘irroq majburlov chorasini qo‘llashga haqli.

Qonunda boshqa majburiy ijro choralari ham nazarda tutilishi mumkin.

76-modda. Ma’muriy organning ijro hujjati

Ma’muriy hujjat adresat tomonidan tegishli tarzda va tegishli muddatda ijro etilmagan taqdirda uning majburiy ijrosini ta’minlovchi protsessual hujjat ma’muriy organning ijro hujjatidir. Agar ushbu bobda yoki boshqa qonunda o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijro hujjatlariga nisbatan ushbu Qonunning 4-bobida nazarda tutilgan talablar va qoidalar qo‘llaniladi.

Agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ijro hujjati ma’muriy organ tomonidan o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki ijro etilayotgan ma’muriy hujjat ma’muriy ish yuritish boshqa ishtirokchisining qaysi talabi natijasida qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha talabga ko‘ra, ixtiyoriy ijro etish muddati o‘tgach uch ish kuni ichida qabul qilinadi.

Ma’muriy organning ijro hujjati faqat yozma shaklda qabul qilinadi va u ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilish maqsadida adresatga, shuningdek ma’muriy hujjatning majburiy ijro etilishini talab qilayotgan shaxsga bir ish kuni ichida yuborilishi kerak.

Ijro ishini yuritishda ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki tegishli tarzda bajarmaganligi uchun o‘ziga nisbatan ijro hujjati qabul qilingan adresat — majburiyatli shaxs, ijro hujjati qaysi shaxsning foydasiga yoki qaysi shaxs manfaatlarini ko‘zlab qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha shaxs undiruvchi bo‘ladi.

77-modda. Ijro hujjatini ijro etish

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijro hujjati majburiyatli shaxs uning qabul qilinganligi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan e’tiboran kamida besh kun o‘tgach ijro etiladi. Majburiyatli shaxsni tegishli tarzda xabardor qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ijro hujjati tegishli tarzda xabardor qilish imkonsizligi fakti rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran besh kun o‘tgach kuchga kiradi va ijro etiladi.

78-modda. Pulga oid majburlov

Pulga oid majburlov undirilishi lozim bo‘lgan muayyan summani tayinlashda yoki o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun penya to‘lashda ifodalanishi mumkin.

Pulga oid majburlovning eng ko‘p miqdorlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

79-modda. Ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni ma’muriy organ yoki boshqa shaxs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish

Agar ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan biror-bir harakatni amalga oshirish majburiyati adresat tomonidan bajarilmayotgan bo‘lsa, ammo u boshqa shaxs tomonidan bajarilishi mumkin bo‘lsa, ma’muriy organ ushbu harakatni majburiyatli shaxs hisobidan amalga oshirish uchun boshqa shaxsni jalb etishi mumkin. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlovchi organ ushbu harakatni majburiyatli shaxs hisobidan o‘zi amalga oshirishga, agar bu mumkin bo‘lsa, haqli.

80-modda. Bevosita majburlov

Agar yengilroq choralar ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlay olmasa yoki ob’ektiv holatlarga ko‘ra ularni qo‘llash mumkin bo‘lmasa, ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlovchi organ, o‘zida tegishli vakolatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, majburiyatli shaxsni qonunda belgilangan tartibda ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga bevosita majburlashga, bunday vakolatlar mavjud bo‘lmaganda esa tegishli ijro hujjatini ijro etish borasida ko‘maklashish uchun vakolatli davlat organiga murojaat qilishga haqli.

81-modda. Majburiy ijro choralarini qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirish

Ushbu Qonunning 75-moddasida nazarda tutilgan holda ma’muriy organ majburiyatli shaxsga majburiy

ijro choralarini qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirish yuborishi va ma’muriy hujjatni ixtiyoriy ijro etish uchun qo‘shimcha muddat belgilashi mumkin. Agar majburiyatli shaxs belgilangan qo‘shimcha muddatda o‘z majburiyatlarini bajarmasa, ma’muriy organ majburiy ijro chorasini bir ish kuni ichida qo‘llaydi.

82-modda. Ma’muriy organ tomonidan ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaslik

Agar ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini ma’muriy hujjatda belgilangan ijro muddati ichida yoki, agar bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida tegishli tarzda bajarmasa, manfaatdor shaxs bunday bajarmaganlik ustidan ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.

83-modda. Ijro ishi yuritishdagi xarajatlar

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish bo‘yicha qilingan xarajatlarning o‘rni majburiyatli shaxs hisobidan qoplanadi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

84-modda. Ma’muriy reglamentlar

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy ishlarni hal qilish, ma’muriy va protsessual hujjatlarni qabul qilish, ma’muriy hujjatlarni ijro etish, shuningdek ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ma’muriy organlar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi ma’muriy reglamentlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

85-modda. Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

86-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlasin.

87-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

88-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 8 yanvar

№ O‘RQ—457

www.xs.uz