MA’NAVIY-MA’RIFIY ISHLARNI YANGI BOSQICHGA KO‘TARISH – DAVR TALABI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Shu kunlarda, Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida har bir yurtdoshimiz, millati, tili, yoshi va kasbu koridan qat’i nazar, yaqin va uzoq tariximizni o‘zaro qiyoslab, erishilgan yutuqlarni o‘z salohiyati darajasida tahlil etib, zarur xulosalar chiqarishga harakat qilmoqda.
O‘tgan chorak asr O‘zbekistonning taraqqiyotning katta yo‘liga chiqib olishi, jahon hamjamiyatining mustaqil subyekti sifatida xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi, o‘z xalqi manfaatlariga mos keladigan, har tomonlama puxta asoslangan ichki va tashqi siyosatning ishlab chiqilishi va bu boradagi amaliy natijalari xalqaro ekspertlar, mutaxassislar tomonidan e’tirof etilishi davri bo‘ldi.
“Mamlakatimiz erishgan yutuqlarning tub mohiyatiga yetib borish uchun, – deb yozadi mamlakatimiz rahbari Islom Karimov “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobida, – bugungi hayotni kechagi hayot bilan solishtirib ko‘rish kerak. Shundan keyin odam bugungi hayotning qadriga yetadi. Yurtimizdagi mislsiz o‘zgarishlarni o‘z hayoti, oilasi, qishlog‘i, maktabi, ishxonasi misolida ko‘rgan kishiga o‘tgan kunlar bilan bugungi kunning farqi hamda afzalliklari haqida tashviqot yurgizishga hojat qolmaydi”.
Darhaqiqat, mustaqillik arafasida O‘zbekistonda barcha sohalarda og‘ir vaziyat yuzaga kelgan, Farg‘ona, Guliston, O‘sh, Namangan, Parkent voqealari shundoq ham murakkab ahvolni battar chigallashtirib yuborgan edi. Ana shunday paytda – 1991-yil 31-avgust kuni Yurtboshimiz katta siyosiy minbardan turib, bunday degan edi: “Mamlakat katta falokat yoqasiga, jar yoqasiga kelib qolganligini ko‘rib turibmiz. Xalq o‘zining ertangi kuniga ishonchini kundan-kunga yo‘qotyapti. Odamlar o‘zining, oilasining, bola-chaqasining tinchligiga kafolat istaydi. To‘kis, xotirjam hayot talab qilyapti. Bu istaklar, bu talablar safsatabozlik va va’dabozliklar ostida ko‘milib ketyapti” (Islom Karimov, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, Toshkent: “O‘zbekiston”, 2011-yil. 401-bet).
Ana shu o‘ta tahlikali davrda Islom Karimov xalqimizga qarab, “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi”, “Bizga tinchlik osoyishtalik kerak, biz har bir oilaning tinch-totuv yashashi tarafdorimiz va shunga intilayotgan, shuni ta’minlaydigan siyosatni qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan da’vatlar bilan asosiy maqsad va vazifalarni aniq ko‘rsatib berdi.
Barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, amaliy ishlar, haqiqiy islohotlarni boshlagan siyosiy yetakchi rahbar Yurtboshimiz Islom Karimov bo‘ldi. “Tinchlik, totuvlik, osoyishtalikni saqlash, – deb ta’kidlagan edi O‘zbekiston rahbari, – Prezidentning bosh vazifasidir. Prezident tinchlik, totuvlik qo‘rg‘onining me’mori bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Qayerdaki tinchlikka putur yetsa, xalq osoyishtaligi xavf ostida qolsa, o‘sha joyda Prezident posbon bo‘lishi darkor” (O‘sha manba, 430-bet).
Haqiqatan ham, Prezidentimiz har qanday og‘ir va qaltis vaziyatlarda ham O‘zbekistonda tinchlik, totuvlik qo‘rg‘onining me’mori, osoyishtalikning kafolati bo‘lib kelmoqda va bunga xalqimiz o‘tgan 25-yil davomida to‘liq ishonch hosil qildi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining tinchliksevar siyosatini ishlab chiqdi, o‘z xalqining tinch-osoyishta, farovon, erkin va obod hayotini ta’minlashga qodir, boshqalarga ham shuni ravo ko‘radigan mamlakat sifatida dunyoga tanildi. Milliy taraqqiyot yo‘lida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilmoqda.
O‘z navbatida bugungi hayot butun jahon hamjamiyati qatori bizning mamlakatimiz oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bu hol, ayniqsa, mustaqilligimizni asrash, tinch hayotimizni, xalqimizni, avvalo farzandlarimizning qalbi va ongini, kelajagini asrash borasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugungi dunyodagi keskin mafkuraviy o‘zgarishlar, radikal, agressiv oqimlarning kuchayib borishi, yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo‘ymaydi. Ayrim davlatlarda ekstremistik kuchlar, tajovuzkor guruhlar tomonidan olib borilayotgan, beozor bo‘lib ko‘ringan teskari targ‘ibоtlar o‘zining yashirin “jozibasi” bilan ko‘plarni rom aylagan edi. Bugun ular o‘zlarining yovuz basharalarini tobora oshkor etmoqda, vayronkor, buzg‘unchi g‘oyalari bilan qanchadan-qancha yoshlarni yo‘ldan adashtirmoqda.
Bunday sharoitda tobora kuchayib borayotgan xavf-xatarlardan, qonli to‘qnashuvlardan, keskinliklardan saqlanishning yagona yo‘li – bu hushyorlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashdan iborat ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. O‘zbekiston mustaqillik yillarida bu borada o‘zining qat’iy yo‘lini tanlab oldi. Prezidentimiz rahnamoligida jahonda yuz berayotgan ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, turli tahdid va xatarlardan el-yurtimizni himoya qilishning ishonchli tizimi yaratildi. Bu tizim tahlikali vaziyatlarning oldini olish, ularni ostonamizga yo‘latmaslik, mamlakatimizda shakllangan tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat muhitini asrab-avaylashga imkon bermoqda.
Masalaning eng nozik jihati shundaki, hozirgi sharoitda mavjud xavf-xatarlarning mazmun-mohiyatini oldindan bilish, aniqlash juda qiyin bo‘lmoqda. Shu o‘rinda buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyning fikrlari yodga tushadi: “Dushman ko‘zingga ko‘rinmagani uchun undan beparvo bo‘lma, chunki shamol ham ko‘zga ko‘rinmasdan keladiyu shamni o‘chiradi” (Alisher Navoiy. Hikmatlar, Toshkent, 2014-yil. 208-bet).
Darhaqiqat, hozirgi kunda ko‘zga ko‘rinmasdan, zimdan insonning aql-zakovati, sha’ni, oru nomusi, g‘ururini o‘chirib, uni asta-sekin xonavayron etadigan balo-qazolar ko‘payib bormoqda. Ulardan saqlanish albatta oson emas. Ayniqsa, hali yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan ayrim g‘o‘r yoshlar bunday xatarlar tuzog‘iga ilinib qolayotgani afsuslanarlidir.
Ma’lumki, mamlakatimizda mustaqillik yillarida yoshlarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, mehnat qilishi, ijod va sport bilan shug‘ullanishi, bir so‘z bilan aytganda, hayotda munosib o‘rin egallashi uchun barcha sharoitlar, samarali tizim yaratildi. Jumladan, bugungi kunda o‘n mingga yaqin umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, 1500 dan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, 70 ga yaqin oliy ta’lim muassasasida yoshlarimiz zamonaviy ta’lim-tarbiya olmoqda. Ular mustaqil fikrlash, davr talab qiladigan ilm-fan va kasb-hunarlarni egallash, o‘z Vatani va xalqiga sadoqat bilan xizmat qilish, ota-bobolarimiz boshlagan bunyodkorlik ishlarini munosib davom ettirish kabi ijobiy fazilat va sifatlar egasi bo‘lib voyaga yetmoqda.
“Moddiy va ma’naviy boylik – yuksak parvozga shaylangan qushning qo‘sh qanotidir”, deya ta’kidlaydi davlatimiz rahbari. Xuddi shu bois ham, mamlakatimizda yoshlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning barkamol shaxs sifatida voyaga yetishiga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatish, buning uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimizning turli hududlarida barpo etilayotgan «Kamolot» uylari, yosh harbiylar oilalari uchun mo‘ljallangan uy-joylar, doimiy ravishda ajratilayotgan imtiyozli ipoteka, iste’mol va ta’lim kreditlari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalari va yoshlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yana ko‘plab dasturlarning amaliyotga tatbiq etilayotgani yoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularni yangi-yangi marralar sari chorlamoqda. Shuningdek, yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlar loyihalarini moliyalashtirishni tartibga soluvchi 10 dan ortiq normativ-huquqiy xujjatlar qabul qilindi va bu borada samarali tizim yaratildi.
Bugungi yoshlarimiz o‘z taqdirini Vatan va millat taqdiri bilan uzviy holda ko‘rmoqda. Ular belni mahkam bog‘lab, “mana, men borman”, deb dadil hayotga kirib kelmoqda. Ko‘zlari chaqnab turadigan, komputerda ishlash bo‘ladimi, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘ladimi, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport bo‘ladimi – qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar, dunyodagi tengdoshlaridan qolishmaydigan o‘g‘il-qizlarimiz o‘z qobiliyat va iste’dodini amalda isbоtlamoqda.
Yoshlarning ijtimoiy faolligi, huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida joriy yilning o‘zida 24 mingdan ziyod tadbir tashkil etilib, ularda 9 million 500 ming ishtirokchi qatnashdi. Masalan, “Biz – sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” aksiyasi doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida 570 mingdan ziyod yoshlar ishtirokida yuzlab anjumanlar o‘tkazildi. Ayniqsa, har tomonlama sog‘lom, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularda tizimli tahlil, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobiliyatini rivojlantirish hamda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirishga qaratilgan “Faol yoshlar maktabi” tajriba-sinov loyihasining joriy etilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining hududiy kengashlari qoshida tuzilgan “Munozara” to‘garaklarida mingdan ortiq yoshlar mashg‘ulotlar olib borayotgani ham diqqatga sazovordir.
Bugungi yoshlarimizning ma’naviy olamini boyitish, voqelikka mustaqil nuqtai nazarini shakllantirish borasida birgina shu yilning o‘zida “Yuksak ma’naviyatli yoshlar – mamlakat tayanchi”, “Yoshlarning ma’naviy qiyofasi: odob-axloq va kiyinish madaniyati”, “Ma’naviyat oiladan boshlanadi” kabi mavzularda qiziqarli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi mafkuraviy vaziyat keskinlashgan bir davrda “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdidlarga qarshi kurash alohida o‘rin egallaydi. Muayyan darajada g‘oyaviy bo‘shliqdan foydalanib, axloqiy buzuqlik, zo‘ravonlik, individualizm, egosentrizm kabi g‘ayriinsoniy g‘oyalarni tarqatishga intiladigan, katta mablag‘ va resurslarga ega bo‘lgan “ommaviy madaniyat” bugungi kunda butun insoniyatga tahdid solmoqda, uning ta’sir doirasi tobora kengayib bormoqda.
Bundan 25-yil avval, ya’ni 1990-yil 5-iyun kuni Yurtboshimiz ushbu xatar haqida jamoatchiligimizni ogohlantirib, shunday degan edi: “Ommaviy madaniyat” muammolariga ham alohida e’tibor berishimiz lozim. Ayrim kishilarda yallo qilib yashash, zo‘ravonlik, harom-xarishlik ruhi hukmrondir. Ba’zan odobsizlik, behayolik, ko‘ngilni aynitar darajadagi namoyishlardan odamlarning fig‘oni oshmoqda. Ular asriy an’analarimiz, diyonat, vijdon, odob doirasidagi xalq udumlari oyoq osti qilinayotganini aytib, bizni muhofaza eting, demoqdalar. Biz bu bilan hisoblashmog‘imiz kerak”. (Islom Karimov, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, Toshkent: “O‘zbekiston”, 2011-yil. 222-bet).
Davlatimiz rahbarining chorak asr muqaddam bildirgan bu tashvishli xulosasi naqadar uzoqni ko‘rib aytilganini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Hozirgi kunda mamlakatimizda mafkuraviy va axborot tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha ta’sirchan tizim yaratildi va u samarali faoliyat olib bormoqda. Ayni shu tizim asosida Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan barcha viloyatlarimizda o‘tkazilgan “Yoshlar “ommaviy madaniyat”ga qarshi” mavzusidagi ijtimoiy aksiyada har bir hududdan o‘n mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Oliy ta’lim muassasalarida esa “G‘oyamiz – ishonchli himoyamiz” deb nomlangan loyiha asosida muntazam tadbirlar o‘tkazilmoqda. Yuzdan ortiq ta’lim muassasasida “Bir tahdidga – besh zarba” nomli loyiha asosida amaliy treninglar tashkil etildi. Shuningdek, Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash borasidagi ma’lumotlar yoshlarimiz eng ko‘p foydalanadigan ommabop saytlarga muntazam joylashtirib borilmoqda. Bugungi kunda ularning soni yuzdan ortdi.
Fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish maqsadida ommaviy axborot vositalari, xususan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. “Bu ham muhim”, “Munosabat”, “Nigoh”, “Hidoyat sari” kabi ko‘rsatuvlar, “Jarayon”, “Hayot va qonun”, “Virtual dunyo”, “Menga so‘z bering” kabi radioeshittirishlarning ma’naviy-mafkuraviy ta’sirchanligi tobora ortib bormoqda.
Bunday ijobiy ishlarni e’tirof etgan holda, ayni vaqtda ommaviy axborot vositalari yoshlar ongu tafakkurini o‘stirish, ularda turli yovuz xavf-xatarlarga qarshi kurashish immunitetini shakllantirish borasida keng imkoniyatlarga ega ekanini, shu sababli, ularning faoliyati va ta’sirini yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidlash lozim. Matbuotimiz, radio va televideniyemiz tajovuzkor, radikal oqimlarga qarshi yanada dadil va kurashchan bo‘lishi, yoshlarimizning qalbiga yo‘l topishi, ularni qiynayotgan turli hayotiy savollarga to‘g‘ri javob topishga yordam berishi zarurligini bugungi murakkab zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Biz “ommaviy madaniyat” deganda negadir G‘arbdan kirib kelayotgan ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarni nazarda tutamiz. Aslida shundaymi? Albatta, “ommaviy madaniyat”ning eng kuchli, ta’sirli oqimi xorijdan, asosan, G‘arb davlatlaridan kirib kelmoqda. Ammo, o‘zbeklarda “Qovun qovundan rang oladi”, degan maqol bor. Shunga asosan, nazarimizda, o‘zimizning ichimizda ham “ommaviy madaniyat”ning yangi-yangi shakllari kuchayib borayotgani achinarli holdir. Bu narsa, ayniqsa, ayrim nodavlat teleradiokanallarida, xususan, “sariq matbuot” deb nom olgan nashrlarda ko‘proq uchramoqda. Oldi-qochdi gaplar, to‘rt-beshta kishidan bo‘lak hech kim tanimaydigan “estrada yulduzlari”ni ko‘kka ko‘tarib maqtash, falonchining uylanishi, pismadonchining turmushga chiqishi, liboslarning fasoni va bahosi kabi mavzularga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, “maqola”larning tobora ko‘payib borayotgani barchamizni xavotirga soladi. Binobarin, bugun tashqi “ommaviy madaniyat” bilan birga ichki “ommaviy madaniyat” tomonidan kuchayib borayotgan tahdidlarga ham ko‘proq e’tibor berib, yoshlarimizni uning salbiy ta’siridan ogoh etish yo‘lini izlashimiz zarur.
Yoshlarimizni g‘arazli kuchlar tuzog‘idan saqlash, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat muhitini kuchaytirish uchun, yuqorida aytilganidek, mamlakatimizda keng ko‘lamda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibоt ishlarini yanada takomillashtirish, ularning izchilligi va samarasini oshirish, yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim. Masalan, ayrim hollarda ma’naviy targ‘ibоt ishlarimiz faqat barchaga ma’lum siyqa uslub va usullar bilan olib borilayotgani ham sir emas. Targ‘ibоtchining salohiyati zamonning ruhi, uning yurtimizda barpo etilayotgan yangi jamiyatning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetishi, odamlarning qalbiga kirib borishi, bildirayotgan fikrlarining qay darajada ta’sirchanligi bilan uzviy bog‘liqligini esdan chiqarmasligimiz darkor.
Bugungi kunda jurnalistlar, domla va o‘qituvchilar, ma’naviyat sohasining vakillari bahs va munozaralardan, o‘tkir muammolardan qochmasligi, aksincha, yoshlarimizni turli xatarlarga qarshi kurashda fikr bahsiga o‘rgatishi, tinchlik va osoyishtalik osmondan tushmaganligini, buning uchun doimo kurashib yashash zarurligini hayotiy misollarda uqtira olishga qodir bo‘lishi kerak.
Ma’lumki, XXI asr – axborot asri sifatida tarixga kirdi. Axborotlar oqimi shu darajada kuchayib ketdiki, ochig‘ini aytganda, biz ba’zan ularning quliga aylanib qolmoqdamiz, qaysi biri biz uchun foydali-yu, qay biri zararli ekanini anglab ham yetolmayapmiz. Natijada bilim saviyasi sayoz, voqea-hodisalarni tahlil qilish salohiyatiga ega bo‘lmagan ayrim yoshlar turli qing‘ir yo‘llarga kirib ketmoqda.
Biz xalqimizni asrlar davomida ulug‘lab kelgan buyuk fazilatlari to‘g‘risida ko‘proq gapirishimiz lozim. Ammo, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, faqat erishgan yutuqlarimizga, tariximizga, ajdodlarimizga mahliyo bo‘lib yashash bizga yarashmaydi. Tarbiya sohasida bugun, shu soatda bajarilmagan, e’tibor qilinmagan vazifa ertaga o‘zining noxush oqibati bilan jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni turli ma’naviy tajovuzlardan himoya qilish haqida gapirganda, bugungi yigit-qizlarimizning ayrim guruhlari o‘rtasida paydo bo‘layotgan salbiy holatlarni aniqlab olish muhim ahamiyatga ega.
Keling, shunday salbiy holatlarni bir eslab ko‘raylik. Ma’lumki, komputer texnologiyalari, internet tizimi ijtimoiy-madaniy hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Bu narsa ayrim farzandlarimizda “texnokratik madaniyat” omilining kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. “Texnokratik madaniyat” esa ba’zi yoshlarda internet tizimiga tobelikni, pirovard natijada ular ongida o‘zbeklarga xos bo‘lgan jamoaviylik ruhiyati o‘rniga individualistik qarashlar, samimiylik, mehr-shafqat o‘rniga qo‘pollik, dag‘allik, tajovuzkorlikni kuchaytirmoqda.
Shuningdek, “ommaviy madaniyat”, G‘arbning kuchli ta’siri ostida ayrim yigit-qizlarimizning hayotga bo‘lgan munosabatida gedonistik, ya’ni hayot faqat rohat-farog‘atdan iborat degan qarashlar yuzaga kelayotganini ham esdan chiqarmaslik lozim. Bu – o‘ta xavfli tahdiddir. Uning natijasida yoshlarimizning ayrim qismida faqat o‘zini o‘ylash, xudbinlik, o‘z manfaatini millat va Vatan manfaatidan yuqori qo‘yish kayfiyati kuchaymoqda. Eng yomoni, gedonizm holati ayrim yigit-qizlarda iste’molchilik kayfiyatini paydo qilishga olib kelmoqda.
Shu ma’noda, biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar, kattalar yoshlarimiz hayotidagi ana shunday kamchiliklarni bartaraf etish uchun kundalik tashvishlarimizni bahona qilmasdan, bir kunda hech bo‘lmaganda yarim soat ular bilan suhbatlashsak, ularning olamiga kirsak, ko‘p muammolar hal qilingan bo‘lar edi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar ayrim kishilar o‘ylagani kabi mavhum jarayon emas, balki aniq tizimga ega ijtimoiy hodisadir. Bu ish bilan har kuni, muntazam ravishda shug‘ullangan taqdirdagina u kutilgan natijani berishi mumkin. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning qadr-qimmatini, bugungi tinch-osoyishta hayotning asl mohiyatini anglash, yaxshi bilan yomonni ajrata olish, do‘st kimu dushman kimligini bilish – bu oson ish emas.
Barchamizga ma’lum bir haqiqat bor: hamma narsaning mazmun-mohiyati, ahamiyati taqqoslashda bilinadi. Shunday ekan, bizning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarimiz mamlakatimiz va jahonning hali u, hali bu davlatlariyu mintaqalarida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni solishtirish, ulardan muayyan, adolatli xulosalar chiqarishga undashi lozim.
Hammamizga ayonki, bugun dunyo mafkuraviy tahdidlar ostida qoldi. Shunday paytda “Kuchli mafkuraviy raqib”ga biz o‘zimizning milliy qadriyatlarimiz bilan yo‘g‘rilgan yuksak ma’naviyatimiz bilangina javob berishimiz mumkin. Ma’naviy-ma’rifiy, mafkuraviy sohadagi vazifalar dunyodagi voqealarga mos ravishda o‘zgarib turadi. Bugungi mafkuraviy usul ertaga eskirmoqda, samarasi yo‘qolmoqda. Mafkuraviy sohadagi ishlarni yanada takomillashtirish esa bu borada tinimsiz izlanishni talab etadi. Bu borada Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, markaz tomonidan targ‘ibоt-tashviqot ishlarining yangi, samarali, natijadorlikka asoslangan usul va uslublari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Unga ko‘ra, avvalgi an’anaviy targ‘ibоt vositalaridan farqli ravishda, har bir yoshning ongi va qalbiga kirib borish maqsadida, elektron ommmaviy axborot vositalari, xususan, televideniye, radio hamda internet saytlari va messenjerlari, ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanishga yanada ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Yoshlar o‘rtasida keng ommalashgan “E-yoshlar.uz” internet tanlovi hamda www.fikr.uz, www.mgm.uz, www.ziyonet.uzsaytlariga muntazam ravishda joylashtirib borilayotgan targ‘ibоt materiallari shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Ma’naviyat targ‘ibоtchisiga yordam” rukni ostida milliy istiqlol g‘oyasining mazmun-mohiyatini, uning Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik kabi asosiy tamoyillarini keng yoritib beradigan o‘nlab risolalar chop etildi.
Xalqimiz asrlar davomida oila va qo‘ni-qo‘shnichilik an’analarini mustahkam saqlab kelgan. Bu bizda qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. “Qo‘shning tinch – sen tinch” degan maqol bekorga aytilmagan. Bu masalaga mustaqillik yillarida O‘zbekistonda davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilib, ushbu yo‘nalishda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 10 mingga yaqin mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari tomonidan shu borada olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Mahallalarimizda hamjihatlik, ahillik va totuvlik, bir-biriga ishonch, mehr-oqibat ruhi kuchayib bormoqda.
Bu jarayonda mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlash lozim. 10 ming nafarga yaqin bunday targ‘ibоtchi-tarbiyachilar bugun kunning ruhini juda yaxshi his etgan holda, o‘z oldilariga qo‘yilgan mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan bajarmoqda. Ularning ish sarhadlari shunchalik kengki, bunday maslahatchilar mahallalarda sog‘lom muhimni shakllantirish va mustahkamlash, ayni paytda, mavjud turli maishiy muammolarni yechish, mahalladoshlarining quvonch va tashvishlariga sherik bo‘lish hamda ularni hal etishda beminnat ko‘makchi bo‘lmoqdalar. Jamiyatning ma’naviy barqarorligini ta’minlovchi bunday ijtimoiy institutning ish samaradorligini yanada oshirish juda muhimdir. Shu ma’noda, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Maslahatchiga maslahat” qo‘llanmasi muayyan ahamiyatga ega, deb o‘ylaymiz.
Ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibоt-tashviqot ishlari, xususan, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq bugungi kunning o‘ta dolzarb masalalari nafaqat shu sohaning mutassaddilari, balki barchamizning, shu jumladan, barcha tashkilot, muassasa va idoralar, umuman olganda, butun jamoatchiligimiz oldida turgan muhim vazifadir. Nazarimizda, bu borada barcha tegishli tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, mazkur sohadagi parallelizm-takrorlanishlarning oldini olishni o‘ta muhim, deb hisoblaymiz. Yoshlar muammolarini hal etish, ularni turli ma’naviy va mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlashga alohida e’tibor berishimiz lozim. Jumladan, O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Vasiylik kengashi majlisida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ni hayotga izchillik bilan joriy etish mavjud muammolarni hal etishda muhim o‘rin egallaydi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” YoIH, Respublika Ma’naviyat targ‘ibоt markazi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning bu boradagi faoliyatini yanada uyg‘unlashtirish, ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq chora-dasturlarni hayotga tatbiq etish, shubhasiz, oldimizda turgan muhim va dolzarb vazifalarni hal etishda alohida ahamiyatga egadir.
Shu bois, ushbu maqolada bildirilgan fikr-mulohazalarni keng jamoatchilikka havola etish orqali sohaga daxldor va mutasaddi bo‘lgan tashkilotlardan, keng jamoatchiligimiz, o‘zining bugungi hayoti va ertangi taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizdan bu boradagi o‘ta muhim vazifalar yuzasidan yangi taklif va tavsiyalarni kutib qolamiz.
Milliy g‘oya va mafkura
ilmiy-amaliy markazi
O’zA