“MADE IN UZBEKISTAN” BELGILI TO’QIMACHILIK MAHSULOTLARI YAPONIYADA TOBORA OMMAVIYLASHMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaponiyada O’zbekiston madaniyati va san’atiga bag’ishlangan taqdimot marosimlarining o’tkazilishi an’ana tusiga kirgan. Buning sababi Kunchiqar mamlakatda o’zbek xalqi tarixi, boy madaniy merosi va urf-odatlariga nisbatan qiziqishning katta ekanligi bilan izohlanadi.
Yaqinda Yaponiyaning Tomioka shahrida joylashgan ko’rgazmalar pavilonida ana shunday tadbirlardan yana biri bo’lib o’tdi. O’zbekistonning Tokiodagi elchixonasi tomonidan ushbu shahar meriyasi bilan o’zaro hamkorlikda tashkil etilgan mazkur marosimda hududning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, akademik va ijodkorlar doiralari vakillari ishtirok etdilar.
Taqdimot chog’ida so’zga chiqqanlar O’zbekistonning boy tarixi va ajoyib madaniyati bilan tadbir ishtirokchilarini yaqindan tanishtirdilar. Ta’kidlanganidek, respublikada noyob ma’naviy merosni asrash, san’atning barcha qirralarini yanada rivojlantirish bo’yicha tizimli ishlar hayotga tadbiq etilmoqda. Sharq va G’arbni bog’lab turgan Buyuk Ipak yo’li tarixan O’zbekiston hududidan o’tgani alohida qayd etildi. O’zbekistonning bu qadim yo’l chorrahasida joylashgan ko’hna Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlari butun dunyo sayyohlarining e’tiborini o’ziga tortib kelmoqda.
Tadbir doirasida taniqli yapon foto ijodkori J.Akinaning “O’zbekistondagi madaniy va me’moriy meros” mavzuiga bag’ishlangan ijodiy ishlarining ekspozitsiyasi ham namoyish etildi. Ko’rgazmadan joy olgan suratlar marosim qatnashchilarida katta qiziqish uyg’otdi.
“Kelajak avlod” partiyasining yetakchisi, Yaponiya parlamenti maslahatchilar palatasi deputati, Yaponiyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi Kyoko Nakayama “Jahon” axborot agentligiga bergan intervyusi chog’ida mamlakatlarimiz o’rtasidagi o’zaro hamkorlik aloqalari barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.
— Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening 2015 yil oktyabr oyida O’zbekistonga buyurgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim bosqich bo’ldi, - dedi u. - Oliy darajadagi uchrashuv chog’ida erishilgan bitimlar o’zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, deputat mamlakatimizda xalqimizning noyob madaniy merosini avaylab asrash va ommalashtirish, tarixiy yodgorliklarni hamda buyuk olim va mutafakkirlarning qo’lyozmalarini qayta tiklash bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Kyoko Nakayama xonimning fikr bildirishicha, bularning barchasi O’zbekistonning jahon sayyohlik bozoridagi obro’-e’tiborini yanada mustahkamlashga, dunyoda mamlakatimiz tarixi va uning zamonaviy rivojlanishiga bo’lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
O’z navbatida, Tomioka shahar meri Kentaro Ivai ham O’zbekistonga bir necha marotaba borgani va har safar respublikada ijobiy o’zgarishlar ro’y berayotganiga shaxsan guvoh bo’lib qaytganini ma’lum qildi.
— Mustaqillik yillari davomida mamlakatning shahar va qishloqlari qiyofasi tubdan o’zgarib ketdi, - dedi u. - Hamma joyda yangi zavod va korxonalar, infratuzilma ob’yektlari, zamonaviy uy-joylar qurilmoqda, aholining farovonligi darajasi izchillik bilan oshib bormoqda.
Shu bilan birga, shahar meri O’zbekiston yengil sanoatidagi o’suvchanlikka ham alohida e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, mamlakatimiz to’qimachilik mahsulotlari - “Made in Uzbekistan” belgisi tushirilgan gilamlar, mato va kiyim-kechaklar Yaponiyada borgan sari ommaviylashib bormoqda.
“Jahon” AA, Tokio