MAHALLIY XOMASHYODAN EKSPORTBOP MAHSULOT
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Mamlakatimizda tayyor mahsulot, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish bo’yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyatida ham import o’rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar tayyorlash hajmi yildan-yilga ortmoqda, deb xabar beradi O’zbekiston Milliy axborot agentligi. Viloyatda mahalliylashtirish dasturini samarali amalga oshirishda yirik xorijiy kompaniyalar va investorlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2015-yil 11-fevraldagi 2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish davlat dasturi to’g’risidagi qarori iqtisodiyotning yanada barqaror va izchil rivojlanishi, uning tashqi omillarga tobeligini pasaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi texnologiyalarni keng tatbiq etishni jadallashtirishda muhim dasturilamal bo’layotir.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida Vobkent tumanidagi “Bahor plastiks” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo’shma korxonada keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Kir yuvish vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, mahsulot sifati yuqori. 2015-yilda ikki turdagi mahsulot - kir yuvish mashinasi va qo’lda yuvish uchun foydalaniladigan vositalar ishlab chiqarish loyihalari mahalliylashtirish dasturiga kiritildi. Unga ko’ra, mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan labsa, suyuq shisha, kaltsiyli soda, o’rov materiallari kabi xomashyolar Buxoro, Qoraqalpog’iston Respublikasi va Toshkent shahridagi korxonalardan keltirilmoqda. Hamkorlar mahsulot tayyorlashda asqotadigan xomashyoning 53 foizini yetkazib berayotir.
Mahalliylashtirish dasturiga kirgan korxonalar yagona soliq, mulk, foyda solig’i hamda bojxona to’lovlaridan ozod qilingan bo’lib, ular tendersiz mahsulot sotish imkoniyatiga ham ega. Bunday imtiyozlar bois mahalliylashtirilgan mahsulotlar narxi import qilingan shu turdagi mahsulotlardan sezilarli darajada arzon.
Mazkur korxona ham mahalliy materiallar ulushini ko’paytirayotgani uchun soliq imtiyozidan foydalanadi. Hozircha mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan bir qism xomashyo komponentlarini xorijdan keltirishda bojxona to’lovidan ozod etilgani ham “Bahor plastiks”ga yaxshigina rag’bat bo’layotir. Ana shu imtiyozlar tufayli o’tgan yili qo’shma korxonaning aylanma mablag’i qariyb 570 million so’mga ko’paydi. Ishlab chiqarishni kengaytirish hisobidan 20 yangi ish o’rni yaratildi.
— “Bahor plastiks” korxonasida o’tgan yili 22,7 ming tonna kir yuvish vositasi ishlab chiqarildi, - deydi korxona direktori o’rinbosari Solih Latipov. - Bu mo’ljaldagidan 4 ming 700 tonnaga ko’pdir. Mahsulotning asosiy qismi ichki bozorga yo’naltirilgan bo’lsa, bir qismi eksport qilindi. Joriy yilda bu ko’rsatkich hajmini yanada oshirish rejalashtirilgan.
Bir martalik tibbiy shprits ishlab chiqaruvchi “O’zKoreyamedikal” qo’shma korxonasida ham mahalliylashtirish dasturi asosida keng ko’lamli ishlar qilinmoqda, mahsulotning yangi turlari o’zlashtirilayotir. Bir marta ishlatiladigan infizion eritmalar uchun sistemalar va mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan bolalar tagliklari ishlab chiqarish shular jumlasidandir.
— O’tgan yili mahalliylashtirish loyihalari bo’yicha besh turdagi yangi mahsulot o’zlashtirildi, - deydi Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi bo’lim boshlig’i Anvar Ochilov. - Tayyor mahsulotdagi mahalliy xomashyo ulushi 36 foizdan 65,9 foizga yetdi. 80 yangi ish o’rni yaratildi. Ko’zda tutilganidan 23,8 milliard so’m ko’p yoki 106,3 milliard so’mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Uning qariyb 50 milliard so’mligi ichki bozorga sotildi. Erkin muomaladagi tejab qolingan valyuta miqdori 38 ming dollarni tashkil etdi.
Viloyatda mahalliylashtrish dasturi loyihalarini kengaytirish bo’yicha import o’rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar turlarini o’zlashtirish loyiha takliflari ishlab chiqilmoqda.