Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili 2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari
hamma resurslarni ko'rsatish
Maktabgacha ta'lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Maktabgacha ta’lim tizimini yaxlit uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida yanada takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etish, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik deb ataladi) negizida quyidagilarni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) davlat muassasasi shaklida tashkil etish hamda unga quyidagi vazifalarni yuklash:

ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etish, Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimining joriy etilishini ta’minlash;

ta’lim-tarbiya jarayonida, maktabgacha tarbiya tizimining pedagog va rahbar xodimlari tarkibini o‘qitish jarayonida foydalanish hamda turli telekommunikatsiya kanallari orqali tarqatish uchun media-kontent tayyorlash va ishlab chiqarish;

maktabgacha ta’lim muassasalari uchun o‘quv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash va ishlab chiqarish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy standartlarini ishlab chiqish va joriy etish;

maktabgacha ta’lim tizimiga joriy etilayotgan ta’lim usullari va dasturlarini tahlil qilish va samaradorligini baholash;

b) Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish institutini(keyingi o‘rinlarda – Institut) davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Institutni maktabgacha ta’lim tizimi buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq investitsiya loyihalari bo‘yicha, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda bosh loyiha tashkiloti sifatida belgilash;

v) Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasini (keyingi o‘rinlarda – Injiniring kompaniyasi) davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Injiniring kompaniyasiga maktabgacha ta’lim tizimi ob’ektlarini qurish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini yuklash hamda kompaniya xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish qiymatiga kiritish;

g) yuridik shaxs tashkil qilmasdan Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Respublika budjeti mablag‘lari, shu jumladan, 2018-2019yillarga mo‘ljallangan, har chorakda ajratilib, har yili budjet qoidalariga muvofiq indeksatsiyalanadigan jami 100 milliard so‘m miqdorida;

davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining foydalanilmayotgan ko‘chmas mulkini sotishdan tushgan mablag‘lar – 100 foiz miqdorida;

Vazirlik tuzilmasiga kirgan tashkilotlar va muassasalar faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Vazirlik ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, maqsadli jamg‘armalari va budjetdan tashqari jamg‘armalari daromadiga undirilgan budjet mablag‘larining noqonuniy xarajatlari, o‘g‘irlik, kamomad summalarining 50 foizi;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablag‘lari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzi), grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo‘yilsinki:

a) Jamg‘arma mablag‘lari:

maktabgacha ta’lim muassasalarini belgilangan tartibda maqsadli qurilishlar ro‘yxatiga kiritib, ularning tarmog‘ini kengaytirishga;

maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga;

yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Vazirlikka ishlash uchun jalb qilishga;

Vazirlikka yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilmiy va oliy ta’lim muassasalari, yetakchi xalqaro va xorijiy tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchilar sifatida jalb qilishga;

Vazirlik xodimlarini, jumladan, xorijda o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilishga;

Vazirlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, maktabgacha ta’lim tuman (shahar) bo‘limlari va davlat maktabgacha ta’lim muassasalari binolarini jihozlash va ta’mirlashga;

ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi;

b) Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Jamg‘arma tomonidan xorijiy davlatlar va hukumatlardan, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlaridan, chet ellik fuqarolardan beg‘araz yordam olinishi haqida qarorlar qabul qiladi.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi markaziy apparatining yangilangan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik tizimi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 2 324 nafar, shu jumladan, Vazirlik markaziy apparati xodimlari 138 nafar, shuningdek, metodistlar 471 nafar etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziriga:

Vazirlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni chegarasida o‘zgartirishlar kiritish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, maktabgacha ta’lim tuman (shahar) bo‘limlari, boshqa idoraviy mansub tashkilotlarning nizomlari va tuzilmalarini, shuningdek, ularning boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini tasdiqlash huquqlari berilsin.

3. Belgilansinki:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, viloyat va Toshkent shahar maktabgacha ta’lim boshqarmalari, maktabgacha ta’lim tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri tomonidan joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

b) 2019 yil 1 yanvardan:

maktabgacha ta’lim tizimining pensiya yoshidagi xodimlariga, ularning maktabgacha ta’lim tizimi muassasalaridagi faoliyati asosiy ish joyi bo‘lgan taqdirda pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi;

maktabgacha ta’lim bilan bog‘liq yo‘nalish bo‘yicha faoliyatga litsenziya berish uchun majburiy litsenziyaviy talab maktabgacha ta’lim muassasasi, uning tarbiyalanuvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli axborotni Maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimiga kiritishdir;

nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi litsenziyasini to‘xtatish yoki bekor qilish uchun Maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimida maktabgacha ta’lim muassasasi, uning tarbiyalanuvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli axborotning yo‘qligi asos bo‘ladi.

4. 2018-2019 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgar ekanligi ko‘rsatilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasidan Markazga beg‘arazlik asosida bosqichma-bosqich 10 million AQSh dollari ekvivalentida, shu jumladan, 2018 yilda Markazni joylashtirish, jihozlash va saqlash bilan bog‘liq tashkiliy-amaliy tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2 million AQSh dollari ekvivalentida mablag‘ ajratsin;

Vazirlik bilan birgalikda belgilangan tartibda maktabgacha ta’lim muassasalarining O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan keng polosali internet tarmog‘idan foydalanishini ta’minlasin.

6. Quyidagilar:

xorijiy sheriklar bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida ilg‘or pedagogik texnologiyalar va innovatsion o‘qitish usullarini joriy etish hamda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan, maktabgacha ta’lim sohasida korxonalar tashkil qilish uchun olib kiriladigan tovarlar;

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Markaz, Injiniring kompaniyasi va Institut tomonidan olib kiriladigan maxsus texnika, uskunalar, shu jumladan, asboblar, ehtiyot va butlovchi qismlar, texnik hujjatlar va dasturiy mahsulotlar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2022 yilning 1 yanvarigacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, yuqorida ko‘rsatilgan tovarlardan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda bojxona imtiyozlari berilishi munosabati bilan to‘lanmagan bojxona to‘lovlari summasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti foydasiga undiriladi hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Moliya vazirligi:

2019 yil 1 yanvardan Toshkent shahrining uchta tumanida jon boshiga normativ moliyalashtirishning sinov rejimida joriy etilishini;

2019 yil 15 iyulgacha bo‘lgan muddatda sinov tariqasidagi jon boshiga normativ moliyalashtirish natijalarining batafsil tahlil qilinishini;

2019 yil 1 avgustgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazilgan tahlil natijalarini hisobga olgan holda maktabgacha ta’lim tizimida moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Vazirlik hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrgacha bo‘lgan muddatda qishloq joylarda bir nechta ko‘p qavatli turar joy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi majmualarni loyihalashtirish normativlari va tartibini ishlab chiqsin hamda ko‘p qavatli turar joy uylarining birinchi qavatlarida yoki alohida bino ko‘rinishida maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lishini nazarda tutsin.

9. Belgilansinki:

qishloq joylarda bir nechta ko‘p qavatli turar joy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi qurilayotgan majmualardagi maktabgacha ta’lim muassasasining eng kam quvvati 50 o‘rindan kam bo‘lmasligi kerak;

qurilgan maktabgacha ta’lim muassasalari binolari yoki xonalari davlat yoki nodavlat ta’lim muassasalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida, turar joy mulkdorlarining qaroriga muvofiq tashkil qilish uchun foydalanilishi mumkin;

davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va ko‘chmas mulkni olib qo‘yish faqat Vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qayta tashkil etish yoki tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va ko‘chmas mulkni olib qo‘yish haqida Vazirlik bilan kelishmagan holda qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

10. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Vazirlik Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda 2025 yilgacha maktabgacha ta’lim muassasalarini ichimlik suvi, isitish tizimi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash dasturi loyihasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. “UZINFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MChJ hamda Adliya vazirligi qoshidagi Davlat xizmatlari agentligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha:

bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanganda;

maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan bolalar uchun jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha xizmatni joriy etsin.

12. Vazirlik:

a) o‘n kunlik muddatda Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining Vasiylik kengashlarini tugatsin hamda Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining Kuzatuv kengashlarini tuzsin;

b) bir oylik muddatda:

davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan dam olish kunlarida va ish kuni tugagandan keyin belgilangan dasturdan tashqari faoliyat ixtisosligi bo‘yicha qo‘shimcha pullik xizmatlar ko‘rsatish (bolalarni parvarishlash, qarab turish, o‘qitish bo‘yicha va boshqalar) tartibini tasdiqlasin;

Maktabgacha ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqida nizomni tasdiqlasin va unda, shu jumladan, Kuzatuv kengashiga Vazirlikning hududiy bo‘linmalari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarini saylash huquqi berilishi nazarda tutilsin.

13. Belgilansinki:

a) Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalarining Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘lari, tovarlar, ishlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha umumiy xarajatlar (homiylik, beg‘araz yordam summalaridan tashqari) qoplangandan keyin moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlar uchun foydalaniladi;

b) davlat maktabgacha ta’lim muassasasi hisobvarag‘iga qo‘shimcha pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar qo‘shimcha pullik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha umumiy xarajatlar qoplangandan keyin:

80 foizi – maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish hamda maktabgacha ta’lim muassasasi moddiy-texnika bazasini yaxshilashga (ta’mirlash, inventar va uskunalar, o‘quv-uslubiy materiallar sotib olish va boshqalar);

10 foizi – Jamg‘armaga;

5 foizi – tegishli tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limining Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga;

5 foizi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasining Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirishni birgalikda moliyalashtirish, davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini jihozlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlanadigan2018-2019 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari dasturini birgalikda moliyalashtirish uchun donor mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘larini (kreditlar, qarzlar, grantlar) davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilishni ta’minlasin.

15. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibini belgilaydigan Hukumat qarorini, bunday vakolatlar berilgan organlarning qat’iy ro‘yxatini, tekshiruvlarni tayinlash va o‘tkazishning huquqiy asoslarini ko‘rsatgan holda ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini noqonuniy tekshirishlarga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan nazoratni kuchaytirsin hamda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq qat’iy javobgarlik choralarini qo‘llasin.

Nazorat qiluvchi organlar joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish chog‘ida aniqlangan qoidabuzarliklarning bartaraf etilishi va keyinchalik yo‘l qo‘yilmasligiga har tomonlama yordam ko‘rsatsin.

17. Moliya vazirligi mazkur qarorning amalga oshirilishi uchun zarur mablag‘larni 2018 yilda “Ta’lim” tarmog‘i bo‘yicha Davlat budjeti parametrlari chegarasida ajratsin, 2019 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlarida har yili nazarda tutsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Markaz, Institut va Injiniring kompaniyasining faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha, shu jumladan, ularni moliyalashtirish manbalarini nazarda tutgan holda;

Jamg‘armaning faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha qaror qabul qilsin hamda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirini Jamg‘arma mablag‘larini taqsimlovchi etib belgilashni nazarda tutsin.

19. Markaz, Institut va Injiniring kompaniyasini Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Oqdaryo ko‘chasi, 122-uyda joylashgan Yashnobod kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji binolarida joylashtirsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

22. Vazirlik boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi takliflar kiritsin.

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvoxitov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A.V.Shin zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2018 yil 30 sentabr

www.uza.uz