Markaziy Osiyo transport integratsiyasi: O‘zbekiston va Turkmanistonning hissasi
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston va Turkmanistonning transport sohasidagi hamkorligi bugungi kunda strategik ahamiyat kasb etib, Markaziy Osiyo bog‘liqligining yangi arxitekturasini shakllantiryapti va mintaqaning keng Yevrosiyo makoniga chiqishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Ikki davlatning Sharq – G‘arb va Shimol – Janub asosiy tranzit yo‘nalishlari chorrahasida joylashgani, bu logistika, multimodal tashuvlar va raqamli yechimlar sohasidagi qo‘shma loyihalarga yuqori talabni belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli mintaqada yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhiti mustahkamlanmoqda, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik va integratsiya chuqurlashmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘zining yaqinda e’lon qilingan "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" nomli maqolasida ta’kidlaganidek: "Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi deb atash mumkin bo‘lgan jihat vujudga kelmoqda. Yagona mintaqaviy makonga daxldorlik hissi shakllanmoqda, bu yerda qo‘shnichilik muammo emas, balki imkoniyatdir, bu yerda bir kishining muvaffaqiyati umumiy yutuqqa aylanadi".
O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligi ushbu tendensiyani yaqqol aks ettiradi: infratuzilma loyihalarini sinxronlashtirishni kuchaytirish va tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish orqali mamlakatlar yanada raqobatbardosh va barqaror logistika zanjirlari uchun zamin yaratmoqda.
2025-yilning 9 oyida mamlakatlar o‘rtasida yuk tashish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshib, 1,3 million tonnani tashkil etdi. Shu bilan birga, tashishlarning eng katta ulushi (43%) avtomobil transportiga to‘g‘ri keladi, bu esa uni ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqasining asosiy elementlaridan biriga aylantiradi.
Turkmaniston hududi orqali o‘tadigan yo‘nalishlar O‘zbekistonga Kaspiy dengizi, Yaqin Sharq va Eronga chiqish imkonini beradi, bu esa ushbu yo‘nalishni tashqi savdoni diversifikatsiya qilish uchun asosiy yo‘nalishga aylantiradi.
O‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish, jarayonlarni optimallashtirish va raqamli vositalarni joriy etish tufayli avtotransportda tashish hajmi barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda.
2024-yil dekabr oyida Farap avtomobil yo‘llari bojxona postining qayta qurilgan majmuasi foydalanishga topshirilishi mintaqaviy transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Modernizatsiya natijasida obyektning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 1000 ta transport vositasigacha oshdi, bu avvalgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir.
Ushbu infratuzilmaning yangilanishi nafaqat yo‘lakning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kuchaytirdi, balki mamlakatlar o‘rtasidagi savdo oqimlarini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.
2025-yildan boshlab O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida ikkala mamlakat hududida avtomobil transportida tashish uchun yig‘imlar va to‘lovlar bo‘yicha teng shartlarni belgilash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bu tashuvchilar uchun shaffof va teng sharoitlarni ta’minlaydi, tashish xarajatlarini kamaytiradi, tranzitni soddalashtiradi va avtomobil tashishlar samaradorligini oshiradi.
Avtomobil tashuvlarini yanada kengaytirish uchun tashuvchilarga yanada moslashuvchan va qulay sharoitlar yaratish maqsadida alohida tartib-taomillarni, shu jumladan viza rasmiyatchiligini soddalashtirish bo‘yicha hamkorlikda ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Bundan tashqari, ikki tomonlama munosabatlarda alohida o‘rin tutadigan temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Turkmaniston hududi orqali Kaspiy dengizidagi Turkmanboshi va Fors ko‘rfazidagi Bandar-Abbos portlariga barqaror logistika yo‘li mavjud bo‘lib, bu Kavkaz, Turkiya, Yevropa va Yaqin Sharq yo‘nalishlarida multimodal tashuvlar imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Temir yo‘l ma’muriyatlarining birgalikdagi ishlari tutashuv stansiyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, tarif yechimlarini optimallashtirish va konteyner xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, bu tashishlar tezligi va barqarorligini oshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan tariff siyosati tranzitni rag‘batlantirishning asosiy vositalaridan biriga aylandi. Turkmaniston va O‘zbekiston orqali yuklarni tashishda tashiladigan yuklar turiga va harakatlanish yo‘nalishiga qarab 50 foizgacha chegirmalar taqdim etilmoqda. Bu tranzitning barqarorligiga yordam beradi va tashuvchilar uchun ishonchli shart-sharoitlarni shakllantiradi.
Multimodal zanjirlarni rivojlantirishda Turkmanboshining dengiz infratuzilmasi alohida ahamiyatga ega. Zamonaviylashtirilgan xalqaro port Transkaspiy aloqasining asosiy tugunlaridan biriga aylandi.
Hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2025-yil avgust oyida Turkmanboshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Turkmaniston Davlat dengiz va daryo transporti xizmati o‘rtasida kemasozlik sohasidagi hamkorlikni nazarda tutuvchi Anglashuv memorandumi imzolandi.
Shu bilan bir vaqtda, yo‘nalishlarning barcha ishtirokchilari uchun tranzit o‘sishini ta’minlaydigan xalqaro transport yo‘laklari jadal sur’atda rivojlanmoqda.
Bunday misollardan biri 2019-yildan beri faoliyat yuritayotgan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyani birlashtirgan CASCA+ yo‘nalishidir. Olti yil ichida uni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi, yuk tashish uchun 70 foizgacha tarif imtiyozlari joriy etildi va operatorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Natijada, 2024-yilda O‘zbekistonning ushbu yo‘nalish bo‘yicha eksport va import yuklari hajmi 1 million tonnani tashkil etdi, bu 2019-yilga nisbatan besh baravar ko‘pdir.
Mazkur yo‘lakni rivojlantirish uchun Turkmanboshi porti orqali uzluksiz yuk tashishni ta’minlash, bandargohlarni chuqurlashtirish ishlarini olib borish va paromlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimdir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya orqali muqobil yo‘nalishni rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, 2023-yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan IHT vazirlari yig‘ilishi doirasida to‘rt davlat (O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya) o‘rtasida "O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya" xalqaro multimodal yo‘lagini shakllantirish bo‘yicha transport sohasidagi tegishli vazirliklarning ko‘p tomonlama uchrashuvi bayonnomasi imzolandi.
Uning amalga oshirilishi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarini O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya hududlari orqali Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan bog‘lash imkonini beradi, bu esa yangi barqaror logistika yo‘lagini yaratadi.
Yo‘lakni rivojlantirish uchun O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya temir yo‘llari orqali yuk tashish narxlarini raqobatbardosh qilish va qulay sharoitlar yaratish, me’yoriy-huquqiy va texnik standartlarni birxillashtirish, ishtirokchi davlatlarning transport aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash muhimdir.
Aviatsiya hamkorligi sohasida 2025-yil 22-avgust kuni Turkmanboshi shahrida O‘zbekiston Transport vazirligi va "Turkmenxovayollar" davlat xizmati o‘rtasida fuqaro aviatsiyasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida protokol imzolandi, unda mamlakatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklashni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Tashishlar hajmining ortishi, yo‘nalishlarning diversifikatsiyalashuvi va texnologik hamkorlik darajasining yuksalishi O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqaviy infratuzilmaning bir-birini to‘ldiruvchi elementlari sifatida maydonga chiqayotgan Markaziy Osiyoning yangi logistika makonini yaratish uchun sharoit yaratmoqda.
Transport yo‘laklarini modernizatsiya qilish, jarayonlarni raqamlashtirish va yuk egalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar uzoq muddatli rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Kelgusida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish mintaqaning Yevroosiyo transport tarmog‘iga transport jihatidan integratsiyalashuvi, yo‘nalishlar raqobatbardoshligini kuchaytirish, yangi logistika muqobillarini yaratish va Markaziy Osiyoni qit’aning asosiy tranzit markaziga aylantirishda muhim omil bo‘ladi.
Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani
Rivojlantirish muammolarini o‘rganish
markazi boshqarmasi boshlig‘i
Dildora Ibragimova