MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING MAJLISI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Joriy yilning 25-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari, xalqaro kuzatuvchilar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti bo‘yicha monitoringning dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar joriy yilning 28-oktabridan boshlab mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘z g‘oya va qarashlari, taklif va tashabbuslari aks etgan saylovoldi dasturlarini saylovchilar, umuman, keng jamoatchilikka yetkazishga yo‘naltirilgan tashviqot tadbirlarini olib bormoqda. Saylovoldi tashviqotini olib borishda, jumladan, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanishda nomzodlarga teng sharoit ta’minlanmoqda.
Nomzodlar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "O‘zbekiston" va "Yoshlar" teleradiokanallari, hududiy tele va radiokanallarda taqdim etilgan bepul efir vaqti, shuningdek, "Xalq so‘zi", "Narodnoye slovo", "Pravda Vostoka", “Nurlы jol” va “Ovozi tojik” gazetalari, hududiy gazetalarda ajratilgan bepul nashr maydonidan tashviqot maqsadida samarali foydalanmoqda.
Nomzodlar va ommaviy axborot vositalari “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2016-yil 3-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga qat’iy amal qilib kelmoqda. Saylovoldi tashviqotining o‘tgan davrida saylov qonunchiligi buzilishi holatlari qayd etilmadi.
Majlisda ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalari tomonidan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash yuzasidan katta ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun saylov uchastkalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 saylov uchastkasi tuzilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Har bir saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar haqida axborot mavjud. Uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilarni ovoz berish vaqti va joyi haqida xabardor qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Teleradiokanallarda saylov sanasi haqida informatsion roliklar, muddatidan oldin ovoz berish, saylov kuni ovoz berish tartibi, saylov byulleteni, shuningdek, uchastka saylov komissiyalarining saylov kunidagi faoliyati haqida ko‘rsatuv, videorolik, eshittirishlar efirga uzatilmoqda.
Bugungi kunda saylov kuni o‘z yashash manzilida bo‘lish imkoniyati yo‘q saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
Saylov kuni ovoz berish jarayonini onlayn rejimida kuzatish, mamlakatimiz hududlari bilan videoaloqa orqali muloqot olib borishni ta’minlash maqsadida yagona komputer tarmog‘i yaratilgan. Jamoatchilikni saylovning borishi haqida xabardor qilish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kuni, ya’ni 4-dekabrda onlayn brifinglar o‘tkaziladi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O’zA