MATBUOT MARKAZIDA ISH QIZG‘IN
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Samarqandda bu yil o‘ninchi bor tashkil etilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini yuksak saviyada o‘tkazishga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan guruhlar tomonidan ishtirokchilarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlantirish, transport xizmati ko‘rsatish, gid-tarjimonlar bilan ta’minlash, viloyat bo‘ylab sayohatlar uyushtirish, ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazish, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish, tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Samarqand davlat chet tillar institutida festival matbuot markazi tashkil etilib, jurnalistlarning samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratildi.
– Bu yilgi festivalni 200 dan ortiq xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari yoritishi kutilmoqda, – deydi matbuot markazi xodimi, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari Dilmurod Ismatov. – Ularni mehmonxonalarga joylashtirish, tadbirlarda ishtirokini ta’minlash, ma’lumot olishi va tezkor uzatishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Markaz zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlandi. Internet aloqasi, “Wi-Fi” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Festival tarixi haqida videoroliklar, fotolavhalar, ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Ommaviy axborot vositalari xodimlariga qulaylik yaratish maqsadida Registon maydonida, “Oriyent star Ko‘ksaroy” mehmonxonasida intervyu olish joylari tashkil etildi. Ayni paytda matbuot markazi xodimlarining navbatchiligi yo‘lga qo‘yilib, festival bilan bog‘liq kundalik ma’lumotlar to‘planmoqda va ommaviy axborot vositalariga yetkazilayotir.
Festivalga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berish maqsadida matbuot markazida mas’ul xodimlar ishtirokida matbuot anjumanlari va brifinglar o‘tkazilmoqda. Tashkil etilgan navbatdagi tadbirda festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi a’zosi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Ilhom Suvonov ma’lumot berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu galgi festivalda dunyoning 66 mamlakatidan 370 dan ortiq vakillar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida Butan, Portugaliya, Komor orollari, Kosta-Rika, Mavrikiya, Mavritaniya, Peru, Sloveniya, Ekvador davlatlari san’atkorlari ilk bor mazkur san’at anjumani qatnashchilari bo‘ladi. Festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun “Oriyent star Ko‘ksaroy”, “Registon plaza”, “Regal palas” mehmonxonalarida joylar hozirlandi. .
Festival doirasida “Registon plaza” mehmonxonasida o‘tkaziladigan “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan. Anjuman davomida xorijlik va mahalliy san’atshunos olimlar tomonidan bir qator taqdimotlar, yoshlar uchun mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazish rejalashtirilgan.
Festival kunlari Samarqand hunarmandlar markazi va Tillakori madrasasida xalq amaliy san’ati asarlari va hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari, “Chorsu” galereyasida samarqandlik rassomlarning asarlari namoyishi o‘tkaziladi.