MEHNAT HUQUQI KAFOLATLARI YANADA KUCHAYADI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlari ta’minlanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Har yili bandlik dasturi doirasida yuzlab yangi ish o‘rni yaratilib, yurtdoshlarimizning munosib sharoitlarda samarali mehnat qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
2016-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, kasaba uyushmalari faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar va uning mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Qulmatov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Mazkur qonunni tayyorlashda Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari sohasidagi hujjatlari, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari hamda 15 dan ortiq davlat tajribasi e’tiborga olingan.
O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan bo‘lib, qonun yigirma ikki moddadan iborat. Mazkur qonunga 2016-yilning 28-noyabr kuni bir qator o‘zgartishlar kiritilib, undagi asosiy normalar kasaba uyushmalarini tuzish, ularni tugatish tartibi, faoliyatning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq xodimlar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida ta’lim olayotgan shaxslar hamda ish bilan ta’minlangan boshqa shaxslar hech qanday qarshiliksiz va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga ega. Barcha korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda, yakka tartibdagi tadbirkorlik va o‘zga mehnat faoliyati amalga oshirilayotgan boshqa ish joylarida ishlayotgan xodimlar kamida uch nafar bo‘lganda, ularning tashabbusi bilan kasaba uyushmalarini tuzishga haqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qonunda xodimni ishga qabul qilish, xizmat pog‘onalariga ko‘tarish, u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun muayyan kasaba uyushmasiga a’zo ekanligini, unga kirishni yoki undan chiqishni shart qilib qo‘yish taqiqlangan.
Kasaba uyushmasi faoliyatini tugatish ustavda belgilangan tartibda uning vakolatli organi qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnatga va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnatga va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir normativ xujjatlarni qabul qilish to‘g‘risidagi takliflarni tegishli davlat organlariga kiritish huquqiga ham ega.
Qonunda ishchi-xodimlar manfaatlarini ko‘zlab, kasaba uyushmalari o‘z a’zolarining mehnat huquqini himoya qilishi, ish bilan ta’minlash borasidagi davlat siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etishi hamda tashkilotlarda ishdan bo‘shatiladigan xodimlarni ijtimoiy himoya qilishning qonun hujjatlari asosida jamoa shartnomasida belgilanadigan chora-tadbirlarini taklif etishi belgilab berilgan.
Kasaba uyushmalari aholini ish bilan ta’minlashning holati va aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini olib boradi. Bunda jamoa shartnomasida, kelishuvida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday rozilikni olmay turib shartnomani bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Kasaba uyushmalari ish beruvchi tomonidan mehnat va kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirib, aniqlangan huquqbuzarliklar bartaraf etilishini talab qilishga haqli. Ish beruvchi qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni ko‘rib chiqishi va ko‘rib chiqish natijalari haqida kasaba uyushmasiga o‘n besh kunlik muddat ichida xabar berishi shartligi kiritilgan.
Qonunda belgilanganidek, ish beruvchilar, ularning birlashmalari jamoa shartnomalari, kelishuvlari shartlarini buzuvchi qaror qabul qilgan taqdirda, kasaba uyushmalari ushbu qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishga haqli, bu taqdimnoma bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi. Bunda xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga hamda ish beruvchi va mehnat jamoasi yoki kasaba uyushmasi o‘rtasida kelib chiqadigan nizolarni hal etishga doir masalalar qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
Qonundagi yana bir asosiy normalardan biri kasaba uyushmalari migratsiya, ish bilan ta’minlash, mehnat, narx belgilash va ijtimoiy ta’minot masalalariga doir O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etishi mumkin. Ish beruvchilar va mansabdor shaxslar kasaba uyushmalarining huquqlariga rioya etishi, ularning faoliyatiga ko‘maklashishi shart. Ular kasaba uyushmalarining huquqlarini buzganlik yoki ularning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Qonunda kasaba uyushmalari saylab qo‘yiladigan organlarining ishlab chiqarishdagi o‘z ishidan ozod qilinmagan a’zolariga jamoa shartnomasida, kelishuvida belgilanadigan shartlarga ko‘ra jamoa manfaatlarini ko‘zlab jamoatchilik vazifalarini bajarishi uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan bo‘sh vaqt beriladi, kasaba uyushmasining qisqa muddatli o‘quvi vaqtida ham ularning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinishi aks ettirilgan.
Bundan tashqari, kasaba uyushmalari organlaridagi saylab qo‘yiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ishdan ozod qilingan xodimlarga ularning saylov vakolatlari tugaganidan so‘ng avvalgi ishi, lavozimi beriladi, bunday lavozim mavjud bo‘lmagan taqdirda o‘sha tashkilotda yoki xodimning roziligi bilan boshqa tashkilotda avvalgisiga teng boshqa ish beriladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qonunning qabul qilinishi kasaba uyushmalari erkinligining kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy-mehnat sohasida qonuniylikni ta’minlash va jamoat nazoratini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
O‘zA