MILLIY AXBOROT-KUTUBXONA HAFTALIGI YAKUNLANDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Poytaxtimizda “Infolib – 2015” IV Milliy axborot-kutubxona haftaligining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanib borayotgani kutubxonalar faoliyatini bugungi kun talablariga mos ravishda takomillashtirishni taqozo etmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ushbu yo‘nalishda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 20-martdagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, kutubxona tuzilmasi yangilanib, uning bo‘lim va xizmatlari faoliyati muvofiqlashtirildi va bajariladigan vazifalar ko‘lami kengaytirildi.
Yoshlarning axborotdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, buyuk ajdodlarimizning madaniy va ijodiy merosini asrab-avaylash, zamonaviy innovatsion va ta’lim texnologiyalarini ishlab chiqish hamda axborot-kutubxona sohasiga keng joriy etish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Infolib” haftaligi bu borada muhim o‘rin tutmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda kutubxona, ayniqsa, yoshlar orasida yanada ommalashdi. Masalan, 2012-yilda kutubxonaga 250 mingdan ziyod kishi kelib, 1 milliondan ortiq kitob o‘qigan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 630 mingdan oshdi va 4,5 million kitob mutolaa qilindi.
Haftalik doirasida davra suhbatlari, kutubxona bo‘ylab turli ekskursiyalar, ma’rifiy aksiyalar, ko‘rgazmalar va filmlar namoyishi o‘tkazildi. Shu bilan birga, taniqli yozuvchi va shoirlar, rassomlar, rejissyorlar, xonandalar ishtirokida ijodiy kecha va uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘quvchi-yoshlar uchun esa turli mahorat saboqlari tashkil etildi. Yangi kitoblar taqdimotlari o‘tkazildi.
Haftalik Madaniy rang-baranglik kuni bilan yakunlandi. Tadbir doirasida xalq amaliy san’ati bo‘yicha seminar-trening, o‘ymakorlik, gilamdo‘zlik va kashtado‘zlik bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkazildi, shuningdek, ozarbayjon, rus, uyg‘ur, polyak, tatar, qozoq va koreys milliy madaniyat markazlari badiiy jamoalari ishtirokida konsert namoyish etildi.
Tadbirda “Infolib – 2015” haftaligi yakunlari sarhisob qilinib, eng faol ishtirokchilar taqdirlandi.
O‘zA